Soʻnggi yillarda mamlakatimiz boʻylab sayyohlik maskanlarining infratuzilmasini rivojlantirish, yangi turistik yoʻnalishlar va mahsulotlarni joriy qilib, sohadagi ilgʻor xorijiy tajribani tatbiq etishga eʼtibor qaratilmoqda.
Buxoro shahridagi M.Iqbol koʻchasida “Tungi mobil bozor” faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi esa xorijlik va mahalliy sayyohlar uchun hududlarda turizm xizmatlari turlarini oshirish va shu maqsadda turizm obektlarining infratuzilmasini tubdan yaxshilash, xususan, ular uchun yurtimizning boy moddiy va nomoddiy madaniy merosi bilan yaqindan tanishtirish imkoniyatini beradi.
Qayd etish joizki, maskandagi har bir inshoot Buxoro, Toshkent, Samarqand, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlarining ramziy darvozalari maketi koʻrinishida qurilgan. U yerda oʻzbek milliy taomlarini tayyorlaydigan umumiy ovqatlanish shoxobchalari, suvenirlar sotiladigan doʻkonlar, hunarmandchilik rastalari – barchasi bu yerga kelayotgan sayyohlarning hayratini bir necha karra oshiradi.
Shuningdek, “Tungi mobil bozor” oʻziga xos tematik uslubdagi yoritish moslamalari bilan taʼminlangan.
Milliy uslubda barpo qilingan, savdo-sotiq qilish uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yoʻlga qoʻyilgan maskan shu kunlarda Buxoro shahri aholisi va mehmonlari bilan gavjum.