Buxoroda standartga javob bermaydigan “TOSOL LIDER” antifrizi aniqlandi

    Buxoro shahridagi “Sitora” bozorida sotilayotgan, mahalliyda ishlab chiqarilgan “TOSOL LIDER” antifrizi mahsuloti boʻyicha nazorat xaridi oʻtkazildi.

    Bu haqda Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, laboratoriya tahlillari natijasida mazkur “TOSOL LIDER” antifrizi amaldagi standart talablariga muvofiq emasligi aniqlandi.

    Mutaxassislarning taʼkidlashicha, sifati past antifriz issiqlikni toʻliq oʻtkazmaydi. Bu esa sovitish tizimining dvigatelni yetarlicha sovita olmasligiga, oqibatda dvigatelning qizib ketishiga hamda radiator, nasos, trubkalar va blokdagi yoʻllarda zang va turli nosozliklar paydo boʻlishiga sabab boʻladi.

    Isteʼmolchilarga antifriz mahsulotini xarid qilishda uning yorligʻi, ishlab chiqaruvchi mamlakati, texnik koʻrsatkichlari va sertifikatlanganligiga alohida eʼtibor qaratish tavsiya etiladi.

    Xabarda shuningdek, isteʼmolchilardan savdo shoxobchalarida sifati shubhali mahsulotlarga duch kelinganda 1880 qisqa raqami orqali murojaat qilish soʻraldi.