Buxorodagi avtohalokat boʻyicha mansabdorlarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

    Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan oʻtkazilgan tekshirishda ayrim mansabdor shaxslar maktab bolalarini avtobusda tashish va hamrohlik qilish ishlarini tashkil qilishda qoʻpol qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻyganliklari aniqlangan.

    Buxoroda avtobus hamda yuk avtomobili ishtirokida yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgani haqida xabar berilgandi. Ushbu hodisa oqibatida ikki oʻquvchi halok boʻlgan.

    Hodisa yuzasidan Buxoro viloyati ichki ishlar tergov organi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, darhol tergovga kirishilgan.

    Bundan tashqari, Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan oʻtkazilgan tekshirishda ayrim mansabdor shaxslar maktab bolalarini avtobusda tashish va hamrohlik qilish ishlarini tashkil qilishda qoʻpol qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻyganliklari aniqlangan.

    Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

    Tergov harakatlari har tomonlama, toʻliq va xolisona oʻtkazilishi va natijasi boʻyicha qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi, deyiladi Bosh prokuratura xabarida.