Buyrak xastaliklari kimlarda ko'proq uchraydi?

    Surunkali buyrak etishmovchiligi sindromining dastlabki belgilari faol nefronlar miqdorining 50 foizgacha kamayganida paydo bo'la boshlaydi.

    Yurtimizning tabiiy sharoiti, odamlarning turmush tarzi va boshqa bir qancha omillar sabab aholi orasida buyrak kasalliklaridan aziyat chekish holati koʻp uchramoqda, natijada, bu borada alohida tadbirlar olinishiga toʻgʻri kelyapti. Buyrak xastaliklari bilan ogʻrigan bemorlarning davolanishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda.

    CCV Matbuot xizmati buyrak yetishmovchiligi qanday xastalik ekani va uni bartaraf etishda mamlakatimiz tibbiyoti nimalarga qodirligi haqida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi boʻlim rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Farhod Xadjibayev bilan suhbatlashdi.

    — Oʻtkir buyrak yetishmovchiligi va surunkali buyrak yetishmovchiligining farqi nimada?

    — Buyrak yetishmovchiligi xastaligi buyrak faoliyatining pasayish sindromi hisoblanadi. U toʻsatdan yoki sekinlik bilan roʻy berishi mumkin. Shunga qarab oʻtkir hamda surunkali buyrak yetishmovchiligi kabi turlarga boʻlinadi.

    Bemorlarning koʻpchiligi oʻtkir buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekishadi. Unda organizmda qon aylanishining buyrakka bogʻliq qismi keskin buzilishiga olib keladi. Xastalik turli sabablarga koʻra rivojlanishi mumkin. Uning buyrakka bogʻliq sabablari sifatida quyidagilarni aytishimiz mumkin:

      • autoimmun kasalliklar,
      • buyrakning turli moddalar taʼsirida oʻtkir va tez shikastlanishi,
      • buyrak qon tomirlarida tromblarning hosil boʻlishi
      • tomirlarning yaxlit organizm miqyosida yalligʻlanishi kabilar hisoblanadi.

    Bu dardning buyrakka bogʻliq boʻlmagan sabablari koʻp:

    qon yoʻqotish,

    shok,

    qon bosimining keskin pasayib ketishi,

    peshob yoʻllarining jiddiy yoki toʻliq berkilishi kabi holatlarni sanashimiz mumkin.

    Surunkali buyrak yetishmovchiligi esa birdaniga sodir boʻlmaydi, balki buyrak nefronlari, yaʼni qilnaychalarining zararlanish darajasi oshib borishi va faol nefronlar miqdorining kamayib ketishi natijasida yuzaga kelib, sekin-astalik bilan rivojlanadi.

    — Surunkali buyrak yetishmovchiligi qanday sharoitda yoki nima sababdan kelib chiqadi?

    — Xastalik siydik yoʻlining uzoq davom etadigan kasalliklari, buyrakning sildan keyingi zararlanishi, buyrak tosh kasalligi va boshqalar oqibati boʻlib, buyrak toʻqimasining bujmayishi yoki xaltasimon kengayishi bilan davom yetadi.

    Surunkali buyrak yetishmovchiligi sindromining dastlabki belgilari faol nefronlar miqdorining 50 foizgacha kamayganida paydo boʻla boshlaydi. Bu miqdor 30 foizga tushganda kasallik belgilari bemorning oʻziga ham yaqqol sezila boshlaydi.

    Surunkali buyrak yetishmovchiligi asosiy kasallikning asorati hisoblanadi, kattalarda ham, bolalarda ham uchrashi mumkin.

    — Surunkali buyrak yetishmovchiligining belgilari qanday boʻladi?

    — Buyrak anchagina zararlanishga ulgurgan bosqichida kasallikning belgilari bemorning oʻziga bilina boshlaydi.

    Uning tashqi belgilari sifatida shularni aytishimiz mumkin:

    ▶️tez-tez chanqash, ogʻiz qurishi;

    ▶️terining quruqlashib, qichishishi;

    ▶️qusish, kamqonlik;

    ▶️nafas aʼzolari, yurak tomirlari va meda ichak faoliyatining buzilishi alomatlari;

    ▶️kechki peshobning kunduzgidan koʻpayishi holatlari.

    Laboratoriya sharoitida peshobning nisbiy zichligi kamayib, miqdorining ortishi ham aniqlanadi.

    — Buyrak xastaliklari qaysi jins vakillarida koʻproq uchraydi va nima sababdan?

    — Buyrak xastaliklari erkaklarga nisbatan ayollarda koʻp uchraydi. Inson tanasida oʻng buyrak jigarning hisobiga chap buyrakdan pastroq joylashgan boʻladi. Ayollarning homiladorlik davrida homilaning buyrakni ezishi, uning normal faoliyatiga taʼsir qiladi.

    Ellik yoshdan oshganda, koʻproq erkaklarda buyrak kasalliklariga chalinish kuzatiladi. Chunki bu yoshdan keyin erkaklarda prostata bezining giperplaziyasi va shuning oqibatida kelib chiqadigan peshob dimlanishi, buyrak tosh kasalliklari va metabolik oʻzgarishlar sodir boʻladi.