Tadbir “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda “Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi” hamkorligida tashkil etildi. Unda vazirlik va idoralar rahbarlari, soha mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirok etdi.
Anjumanda strategiyaning mazmun-mohiyati, jamoatchilik muhokamasi natijalari, kiritilgan oʻzgartishlar, samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI), moliyalashtirish manbalari va nazorat mexanizmlari haqida batafsil maʼlumot berildi. Tadbir yakunida jurnalistlar savollariga javob berildi.
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining takomillashtirilgan loyihasi 2025-yil 30-dekabrdan 2026-yil 28-yanvargacha www.uzbekistan2030.uz va www.regulation.uz platformalarida jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.
Bir oy mobaynida jami 3 564 ta taklif va fikr kelib tushdi. Shundan:
- 2 153 tasi — asosli takliflar;
- 751 tasi — takroran yuborilgan;
- 340 tasi — qoʻllab-quvvatlash mazmunidagi fikrlar;
- 320 tasi — tanqid va eʼtirozlar.
Takliflar ustuvor yoʻnalishlar kesimida quyidagicha taqsimlandi:
I. Har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun munosib sharoit yaratish — 1 427 ta
II. Barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlash — 444 ta
III. Suv resurslarini tejash va atrof muhitni muhofaza qilish — 159 ta
IV. Qonun ustuvorligini taʼminlash va xalqchil davlat boshqaruvini tashkil etish — 384 ta
V. Xavfsiz va tinchliksevar davlat tamoyili — 176 ta
Jamoatchilik fikrini chuqur oʻrganish maqsadida:
- Strategik rivojlanish va islohotlar agentligida 138 ta muhokama yigʻilishi oʻtkazildi;
- taklif yoʻllagan fuqarolar bilan 3 ta ochiq muloqot tashkil etildi;
- 70 nafardan ortiq xalqaro ekspert ishtirokida davra suhbatlari oʻtkazildi va xalqaro maslahatchilar ham ishtirok etdi.
Strategiya loyihasining targʻiboti keng axborot maydonida olib borildi.
MTRK tizimida:
- 122 ta koʻrsatuv,
- 521 ta reportaj va xabar,
- bir oy davomida 1 098-marta videorolik efirga uzatildi.
Internet va ijtimoiy tarmoqlarda:
- 312 ta saytda 970 ta material,
- 11 600 dan ortiq post,
- 2 841 ta izoh,
- 3 093 ta kanal va bloglarda muhokamalar eʼlon qilindi.
Jami koʻrishlar soni — 20 million marta.
Chet ellarda 20 ta hamkor mamlakatdagi 105 ta veb-saytda 172 ta material chop etildi.
Taqdimotida “Taraqqiyot strategiyasi” rahbari yangilangan hujjatning mazmun-mohiyatiga ham alohida toʻxtaldi.
— Yangilangan strategiya deklarativ hujjat emas. Unda 100 ta aniq maqsad va 437 ta oʻlchanadigan KPI belgilangan. Har bir koʻrsatkich boʻyicha masʼul davlat organi, ijro muddati va moliyalashtirish manbalari aniq koʻrsatilgan.
Uning soʻzlariga koʻra, avvalgi tahrirda mavjud 444 ta KPI qayta koʻrib chiqildi. Samara bermagan yoki takroriy koʻrsatkichlar chiqarib tashlandi, yangi sharoitdan kelib chiqqan holda 241 ta yangi koʻrsatkich kiritildi.
— Endi har bir maqsad foiz, ulush, hajm, indeks yoki aniq raqam orqali ifodalanadi. Bu ijroni baholash va monitoring qilish imkonini beradi, — dedi agentlik rahbari.
U, shuningdek, strategiya ijrosini taʼminlash uchun kuchaytirilgan nazorat mexanizmi joriy etilganini taʼkidladi.
— Respublika komissiyasi tuzildi. Vazirlar Mahkamasi har oy ijroni koʻrib chiqadi. Har chorakda Hukumat majlisida tanqidiy muhokama oʻtkaziladi. Yarim yillik hisobot Prezidentga kiritiladi, — dedi u.
2026-yil 16-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev tomonidan strategiyani tasdiqlovchi farmon imzolangani alohida qayd etildi.
Farmonga muvofiq:
- Respublika komissiyasi tuzildi;
- Vazirlar Mahkamasi har oy nazorat olib boradi;
- har chorakda Hukumat majlisida muhokama qilinadi;
- Adliya vazirligi va Hisob palatasi normativ nazoratni amalga oshiradi;
- yarim yillik hisobot Prezident va parlamentga kiritiladi.
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi jamoatchilik ishtirokida shakllantirildi. 3 564 ta taklif asosida takomillashtirildi, 437 ta aniq KPI bilan mustahkamlandi, 54 ta davlat organi masʼul etib belgilandi.
Har bir koʻrsatkich foiz, ulush, daraja, hajm, nisbat, ball va indekslar orqali ifodalanadi.
Samaradorlik koʻrsatkichlariga masʼul etib 54 ta davlat organi belgilandi. Har bir KPI boʻyicha moliyalashtirish manbalari — davlat byudjeti, ijrochilar mablagʻlari, xalqaro moliyaviy institutlar, xususiy sektor, grant va homiylik mablagʻlari — aniq koʻrsatilgan.
Anjumanda Adliya vaziri Akbar Toshqulov strategya doirasidagi bir qancha muhim masalalarga atroflicha toʻxtalib oʻtdi.
— 2017-yilda mamlakatimizda “yagona darcha” tamoyili asosida atigi 37 ta davlat xizmati koʻrsatilar edi. Bugungi kunda ularning soni 540 taga yetdi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali esa 700 dan ortiq xizmatlar taqdim etilmoqda. Bu — davlat boshqaruvida mutlaqo yangi bosqich.
Vazirning qayd etishicha, oʻtgan davr mobaynida aholi va tadbirkorlarga jami 55 milliondan ortiq davlat xizmati koʻrsatilgan. Ularning 80 foizi onlayn shaklda amalga oshirilgan.
— Ilgari ayrim xizmatlar uchun fuqarolar bir nechta idoralarga borishiga toʻgʻri kelardi. Hujjat yigʻish, maʼlumotnoma olish, tasdiqlash jarayonlari haftalab vaqt olardi. Bugun esa koʻplab xizmatlar bir necha daqiqada amalga oshirilmoqda. Ayrim xizmatlarning koʻrsatish muddati 4 daqiqagacha qisqardi, — dedi Adliya vaziri.
Uning soʻzlariga koʻra, 2030-yilga qadar davlat xizmatlarining kamida 90 foizi toʻliq raqamli formatga oʻtkaziladi. 400 dan ortiq xizmat proaktiv shaklda — fuqaroning murojaatisiz avtomatik tarzda taqdim etiladi.
— Masalan, bola tugʻilganda 15 ga yaqin davlat xizmati avtomatik ravishda rasmiylashtirilmoqda. Yil yakuniga qadar tugʻilishni inson omilisisiz, toʻliq raqamli qayd etish tizimi joriy etiladi. Bu orqali ortiqcha qogʻozbozlik va byurokratiya bartaraf etiladi, — dedi vazir.
Adliya vaziri, shuningdek, strategiya doirasida normativ-huquqiy hujjatlarni soddalashtirish, ortiqcha talab va cheklovlarni qisqartirish, tadbirkorlik faoliyatiga maʼmuriy aralashuvni kamaytirish asosiy ustuvor vazifalardan biri ekanini taʼkidladi.
Sogʻliqni saqlash vaziri Asilbek Xudayorov oʻz chiqishida sohadagi strategik maqsadlarga alohida toʻxtaldi.
— “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida sogʻliqni saqlash sohasi boʻyicha 9 ta strategik maqsad va 33 ta aniq samaradorlik koʻrsatkichi belgilangan. Endi eʼtibor faqat davolashga emas, balki kasalliklarning oldini olishga qaratiladi, — dedi vazir.
Uning taʼkidlashicha, birlamchi tibbiy yordam tizimi tubdan qayta tashkil etilmoqda.
— Bugun 15 ta pilot tumanda oilaviy shifokor tizimi joriy etildi. Bu tizimda shifokor aholi bilan doimiy ishlaydi, profilaktik koʻriklarni muntazam oʻtkazadi, kasalliklarni erta bosqichda aniqlaydi. 2026-yil yakuniga qadar Samarqand viloyati toʻliq ushbu tizimga oʻtkaziladi, 2027-yildan boshlab respublika boʻyicha joriy etiladi, — dedi vazir.
Vazirning aytishicha, qandli diabet, yurak-qon tomir va onkologik kasalliklarni erta aniqlash boʻyicha skrining dasturlari kengaytiriladi.
— Tibbiyot muassasalarini raqamlashtirish darajasi 100 foizga yetkaziladi. 2026-yil yakuniga qadar yagona raqamli tibbiy platforma ishga tushiriladi. Bu orqali bemorning tibbiy tarixi, tashxis va davolash jarayoni elektron shaklda yuritiladi, — dedi sogʻliqni saqlash vaziri.
Shuningdek, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, tez tibbiy yordam xizmatining tezkorligini oshirish, zamonaviy diagnostika uskunalari bilan taʼminlash kabi vazifalar strategiyaning muhim yoʻnalishlari ekani qayd etildi.
Oliy taʼlim sohasida:
- qamrov darajasi 50 foizga yetkaziladi (hozir 43%);
- 2 ta top-100 universitet filiali ochiladi;
- 10 ta OTM xalqaro reytinglarda top-1000 talikka kiritiladi;
- 200 ta taʼlim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkaziladi;
- ilm-fanga ajratiladigan mablagʻ YAIMga nisbatan 1 foizga yetkaziladi.
Yangilangan strategiyada ayrim koʻrsatkichlar sezilarli oshirildi:
- sanoatda qoʻshilgan qiymat — 60 mlrd dollar;
- qayta tiklanuvchi energiya ulushi — 54 foiz (avval 40%);
- aviaparkdagi havo kemalari — 180 ta (avval 100 ta);
- qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash — 27 foiz;
- xorijiy turistlar — 20 mln nafar;
- turizm xizmatlari eksporti — 6 mlrd dollar.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillari strategiya ijrosi, nazorat mexanizmi va ayrim sohalardagi muammolar yuzasidan savollar berdi.
Hukumat darajasida maxsus komissiya tuzilgan, vazirlik va idoralar oʻz yoʻnalishi boʻyicha parlament oldida hisobot beradi.
Hududlarda strategiya ijrosi muhokamasi doimiy ravishda tashkil etiladi.
Matbuot anjumani yakunida jurnalistlar tomonidan strategiya ijrosi, nazorat mexanizmi va ayrim sohalardagi muammolar yuzasidan savollar berdi.
Endilikda elektron platformalar orqali barcha ijro jarayonlari monitoring qilinadi va tegishli maʼlumotlar tahlil qilinadi.
Asosiy tamoyil — ochiqlik va jamoatchilik ishtirokini taʼminlash.Shu jihatdan, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini xalq ishtirokida qabul qilingan, natijaga yoʻnaltirilgan va qatʼiy nazorat mexanizmiga ega milliy taraqqiyot dasturi, deb atash mumkin.
Zulxumor Akbarova