Uchrashuvda investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy sohalarda qoʻshma loyiha va kelishuvlarni amalga oshirish, Oʻzbekiston-Buyuk Britaniya hamkorligini kengaytirish istiqbollari muhokama etildi.
Oʻzaro savdoda ijobiy dinamika qayd etildi. Oʻtgan yil davomida tovar ayirboshlash hajmi qariyb 15 foizga oshib, 203,2 million dollarni tashkil etdi. Koʻrsatkichlarni, jumladan, Buyuk Britaniyaga eksportni diversifikatsiya etish va Buyuk Britaniyaning Kengaytirilgan umumiy imtiyozlar tizimi (GSP Enhanced Framework) benefitsiarining barcha imkoniyatlaridan foydalanish orqali oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi. Masalan, mazkur tizim doirasida 2022-yilda Oʻzbekiston mahsulotlarini Buyuk Britaniyaga yetkazib berish 30 foizga oshgan.
Investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalasi muhokama etildi. Soʻnggi bir necha yil ichida Oʻzbekistonda Britaniya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 50 foizdan ortiq oʻsib, 331 taga yetdi. Ular iqtisodiyotning turli tarmoqlari, jumladan, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda faoliyat yurityapti.
Tomonlar “Standard Chartered” va “UK Export Finance” moliyaviy institutlarini togʻ-kon va metallurgiya sanoatidagi loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, temir yoʻl transportini rivojlantirishga jalb etish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Uchrashuvda oʻtgan yil oxirida Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan Savdo va sanoat boʻyicha Oʻzbekiston-Buyuk Britaniya kengashi (UBTIC) yigʻilishi yakunlari yuqori baholandi. Uning doirasida turli soha va yoʻnalishlarda, jumladan, bank sektori va taʼlim sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan 8 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi. Shu nuqtayi nazardan, tomonlar 2023-yil ikkinchi yarmida Londonda UBTICning yuqori darajadagi uchrashuvini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrishda yaqin hamkorlikni davom ettirish niyatini tasdiqladilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.