Suhbat davomida ikki tomonlama hamkorlik doirasida erishilgan yutuqlar hamda investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy sohalardagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama etildi.
Oʻzaro savdo hajmi izchil oshib borib, joriy yil yanvar-avgust oylarida 30 foizga oʻsgani qayd etildi. Bu koʻrsatkichga hamda Buyuk Britaniya bozoriga eksportni diversifikatsiya qilish va hajmini 50 foizdan ortiq oshirishga boshqa omillar qatorida, Oʻzbekistonning kengaytirilgan GSP sxemasining benefitsiar maqomini olishi hisobiga erishildi. Oʻzbek tovarlari va xizmatlari sifatini oshirish va ularni tashqi bozorlarda ilgari surish uchun Buyuk Britaniyaning ilgʻor tajribasi asosida raqamli ekotizim konsepsiyasini tayyorlash hamda raqamli infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Oʻzbekistonda Britaniya kompaniyalarining qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, toʻqimachilik, shuningdek, IT sektori va yashil iqtisodiyot kabi sohalarda investitsiyaviy faolligini kengaytirish istiqbollari koʻrib chiqildi. Shu nuqtayi nazardan, investitsiyaviy muhitni yaxshilash, loyihalarni amalga oshirish samaradorligini yuksaltirish va Oʻzbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi boʻyicha uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqishga doir qoʻshma amaliy chora-tadbirlar koʻrishga oʻzaro tayyorlik bildirildi.
Mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash imkoniyatlari alohida tartibda muhokama etildi. Savdo va investitsiyalar, transport va kommunikatsiyalar, energetika sohasida hamkorlikni rivojlantirish hamda Orolboʻyi mintaqasida ekologik inqirozning salbiy oqibatlarini yumshatish uchun 5+1 formatidagi muloqotni faollashtirish zarurligi taʼkidlandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashыi savdo vazirligi matbuot xizmati.