Yangi Oʻzbekiston – xalqchil va insonparvar davlat. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning saʼy-harakatlari bilan Oʻzbekistonda inson qadrini ulugʻlash davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Maʼlumki, boshqaruvga oid ilm juda katta aql-zakovat, yuksak maʼnaviyat, yuqori siyosiy saviya va teran muloqot madaniyati va albatta boy hayotiy tajribani talab etadi.

Aytish mumkinki, davlatimiz yetakchisi rahbarning adolatli, shijoatli, shiddatli va vazmin boʻlishini Sohibqiron Amir Temur, Zahriddin Muhammad Bobur, Sharof Rashidov va Islom Karimov siyosatiga izdoshlikda deb bildi. Chunki, ular nafaqat oʻzining, balki davlat apparati, siyosiy institutlar, mahalliy hokimiyat, barcha rahbarlarning jonkuyar boʻlishini, elim, yurtim, deb yashashini istagan. Bugun faxr bilan qayd etish lozimki, yangilanayotgan Oʻzbekiston uch zabardast asos – adolat, yuksak maʼnaviyat, qonun ustuvorligi negizida qad koʻtarmoqda.

Mana olti yildirki, Oʻzbekistonni yangilash yoʻlidagi yutuqlarga Prezident Shavkat Mirziyoyevning juda ulkan rahbarlik salohiyati, davlat boshqaruvining ulkan, gʻoyatda noyob qobiliyatiga ega boʻlgan imkoniyatlari tufayli erishildi. Bu tarixiy haqiqat. U oʻz atrofida yuksak salohiyatli, chin vatanparvar, har qanday muammolar yechimini topishga qodir boʻlgan kadrlar tizimini shakllantirish yoʻlidan bordi. Inson rahbar boʻlib tugʻilmaydi. Oliy martabali maqomga erishish katta ilmiy salohiyat, mustahkam siyosiy iroda, Ona-yurt va Ota makonga sadoqat, xalq ishonchini qozonish kabi chin insoniy fazilatlarni talab qiladi.

Boshqaruv, oʻz mohiyatiga koʻra, juda murakkab va ziddiyatli hodisa, ayniqsa, davlat boshqaruvi. U tashkilotchilik, ilm va sanʼatning oʻziga xos birikuvi boʻlgani sababli insondan katta isteʼdod talab qiladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mustaqilligimizning dastlabki kunlaridan boshlab, avval tuman hokimi, soʻng ikkita viloyat hokimi va oʻn uch yildan koʻproq Bosh vazir lavozimida ishlab, Oʻzbekistonning jamiki erishgan tarixiy yutuqlariga munosib hissa qoʻshdi. Ayni ana shu yillarda u mamlakatning koʻplab qishloq va mahallalarida boʻldi. Ijtimoiy hayotning barcha sohalarini va muammolarni joylarga chiqib chuqur oʻrgandi. Ularni hal etishda, oʻz vaqtida yechimini topishda oʻziga xos keng imkoniyatlarini yorqin namoyon etdi. Bunyodkorlik ishlari bilan faol shugʻullandi.

 

Katta tashkilotchilik salohiyati va ustozga sadoqat tuygʻusi

Islom Karimov bundan oʻttiz ikki yil oldin mamlakatimizning milliy mustaqilligini dunyoga eʼlon qilgan edi. Bu davlatchiligimizni va insoniy haq-huquqlarimizni tiklab, barcha yutuq va marralarimizning zamini boʻldi. Shu bois, Birinchi Prezidentimizga hurmat oʻz tariximizga hurmat ifodasidir. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Xotira tadbirlarida Islom Karimovning xalqimiz manfaati yoʻlidagi xizmatlarini doimo yodga oladi va ulugʻlaydi, muntazam ravishda ustozlarni qadrlash va hamisha yodga olish kerakligini, bu yosh avlodga oʻrnak boʻlishini taʼkidlaydi. Bu ulugʻ fazilat.

U butun vujudi bilan Islom Karimovning hayotini saqlab qolishning inson qoʻlidan kelishi mumkin boʻlgan barcha choralarini koʻrdi. Tangrimiz irodasi. Nailoj. Aytish mumkinki, ayni ana oʻsha qaygʻuli kunlarda Islom Karimovning munosib izdoshi, sadoqatli shogirdi, dafn etish Xukumat komissiyasining raisi Shavkat Mirziyoyevning juda katta tashkilotchilik salohiyati va ustozga sadoqat tuygʻusi yorqin namoyon boʻldi.

Haqiqatan ham, 2016-yil 8-sentyabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma majlisida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev haqli ravishda taʼkidlagan quyidagi soʻzlari munosib shogirdning oʻz ustoziga bergan taʼrifi edi: “Islom Karimovninng soʻnmas xotirasiga qoʻyilgan eng buyuk haykal – bu mustaqil va suveren, erkin va ozod Oʻzbekiston davlatidir... Milliy tariximizning eng keskin va tahlikali davrida, millatlararo toʻqnashuvlar va boshqa ziddiyatlar avj olgan, mamlakatimizda fuqarolar urushi xavfi yuzaga kelgan, iqtisodiyot chuqur inqirozga uchragan, bir soʻz bilan aytganda, eski zamonning umri tugab, yangi zamon boshlanayotgan bir paytda Islom Abdugʻaniyevichning respublika rahbari etib saylanishi Yaratganning xalqimizga bebaho marhamati boʻlgan edi. Islom Abdugʻaniyevichga xos boʻlgan bukilmas iroda, fidoyilik, mardlik va vatanparvarlik, insoniylik va adolatparvarlik, samimiylik va mehribonlik kabi olijanob fazilatlar barchamiz uchun yorqin ibrat namunasi boʻlib qoldi”.

2017-yilning 25-yanvarida davlatimiz rahbari tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdugʻaniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish toʻgʻrisida”gi qarorning eʼlon qilinishi halokat yoqasiga kelib qolgan Vatanimizni mustabid tuzum qaramligidan ozod qilib, tarixan qisqa davrda Oʻzbekistonni jadal va barqaror surʼatlar bilan rivojlanayotgan zamonaviy demokratik davlatga aylantirgan, jahon miqyosida katta hurmat va obroʻ-eʼtiborga sazovor boʻlgan ulkan shaxs va arbob sifatida tanilgan buyuk siymoga boʻlgan katta eʼtibor edi.

Qarorda har yili birinchi Prezidentimiz tavallud topgan sana – 30-yanvar kunini keng nishonlash, 2-sentyabr kuni “Xotira kuni” sifatida buyuk davlat arbobini yod etish, ushbu sanalar munosabati bilan ommaviy axborot vositalarida Islom Karimov hayoti va faoliyatini keng yoritish vazifasi belgilandi. Qarorda belgilangan tadbirlar respublikamiz jamoatchiligi tomonidan katta koʻtarinkilik bilan kutib olindi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida va shaxsiy tashabbusi bilan Birinchi Prezidentimizning xotirasini abadiylashtirish uchun xalqimiz, keng jamoatchilikning xohish-istaklari va takliflarini inobatga olib salmoqli ishlar amalga oshirildi. Toshkent xalqaro aeroporti, Toshkent davlat texnika universiteti, Asaka avtomobil zavodi, Fargʻona shahridagi sanʼat saroyi, poytaxtimiz va hududlardagi markaziy koʻchalar, Oqsaroy qarorgohida oʻz faoliyatini boshlagan ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasi, maxsus xayriya jamoat fondi Islom Abdugʻaniyevichning nomi bilan ataldi. 2017-yili – mustaqilligimizning 26 yilligi arafasida Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning ulugʻvor, muazzam va salobatli haykali ochildi.

2017-yilning 2-sentyabr kuni esa xayrli ishlarning davomi sifatida Islom Karimov tugʻilib voyaga yetgan, mangu orom topgan azim Samarqand shahrida uning haykali qad koʻtardi. Soʻngra 1986–1989-yillarda obkomning birinchi sekretari lavozimida faoliyat olib borgan Qashqadaryo viloyatida ham mahobatli haykali oʻrnatildi.

2017-yilning 6–7-mart kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston Respublikasiga davlat tashrifi chogʻida Turkmanistonning Turkmanobod shahridagi markaziy koʻchalardan biriga Birinchi Prezidentimiz nomi berilib, ushbu koʻchada Islom Karimov xotirasini abadiylashtirishga bagʻishlangan yodgorlik majmuasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Yuqoridagilarning barchasi sadoqatli va barkamol shogirdning ulugʻ ustozga boʻlgan samimiy munosabati ifodasi hamdir.

Shu oʻrinda Oʻzbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov oʻzining izdoshi, eng sinovli kunlarda bir tanu-jon boʻlib keng koʻlamli strategik loyihalarni birga amalga oshirgan safdoshi Shavkat Mirziyoyev siymosiga bergan tafsif(xarakteristika)ni keltirish oʻrinli:

“Hech kimga sir emas – Bosh vazir lavozimiga nomzod tanlash va uni tasdiqlab olish haqida gap borar ekan, albatta, bu oʻta murakkab va masʼuliyatli masala ekanini hammamiz oʻzimizga yaxshi tasavvur qilamiz.

Bu vazifaga har tomonlama chuqur bilim va aql-zakovatga, keng fikrlash qobiliyati, katta hayot tajribasiga ega boʻlgan, koʻpni koʻrgan, mamlakatimizni rivojlantirish, taraqqiy toptirishda, yirik loyihalarni amalga oshirishda talabchan, tashkilotchi va jonkuyar, masʼuliyatli, javobgarlikni oʻz zimmasiga oladigan, eng muhimi, har qanday vaziyatda ham odamlar bilan til topishga, obroʻ qozonishga qodir boʻlgan, oʻzining xususiyat va alomatlari bilan ajralib turadigan insonni topish – bu ancha murakkab va ogʻir vazifadir.

Shu maʼnoda, bugun sizlarning muhokamangizga taqdim etiladigan nomzod oʻz faoliyati va bajargan vazifalari bilan el-yurtimiz, Vatanimiz erishgan marralarni qoʻlga kiritishda munosib hissa qoʻshgan odam boʻlishi shart, desam, adashmagan boʻlaman.

Ayni hozir tilga olingan xususiyat va alomatlarga toʻgʻri keladigan, javob beradigan insonni topish qanday ogʻir boʻlmasin, barcha-barcha fikrlarni, xulosalarni inobatga olgan holda, ushbu vazifaga Shavkat Miromonovich Mirziyoyev nomzodini tavsiya etaman. Oʻylaymanki, bu nomzodni siz, hurmatli deputatlar va senatorlar, hammangiz yaxshi bilasiz.

Shavkat Mirziyoyev oʻz rahbarlik faoliyati davomida turli masʼul lavozimlarda ishlagan, katta tashkilotchilik va amaliyot tajribasi bilan obroʻ qozongan. Uni mamlakatimiz viloyatlari va tumanlaridagi barcha hokimlar, katta-kichik rahbarlar, xalqimiz yaxshi taniydi. Siz xalq vakillari – hurmatli deputat va senatorlar ham bu nomzodni qoʻllab-quvvatlaysiz, deb ishonaman”.

 

Xalqona boshqaruv, halqqa yaqinlik, kundalik tashvish va quvonchlariga sheriklik

2016-yil dekabrida boʻlib oʻtgan Prezident saylovlari halqimizning yuksak siyosiy madaniyatini, intelektual salohiyatini, koʻp millatli va koʻp eʼtiqodli jamiyatda har bir fuqaro millatidan, diniy eʼtiqodidan qatʼi nazar, Vatan va halq taqdiriga juda katta javobgarlik hissini yana bir bor sinovdan oʻtkazdi. Nazarimizda, saylov byuletenini olgan har bir saylovchi nomzodlarni tanlash xonasiga kirganida bitta narsani oʻyladi va bir muammo atrofida mulohaza yuritdi. Nomzodlarning qaysi biri mening taqdirimga, bolalarim kelajagiga, oilam tinchligi va hayotim havfsizligiga koʻproq kafolat boʻla oladi? Ulardan qaysi biri mustaqillik tufayli erishilgan yutuqlarni mustahkamlab, mamlakat taraqqiyotini yangi bosqichga chiqara oladi? Oʻzbekistonning ichki va tashqi siyosatida milliy manfaatlarni qaysi biri koʻproq himoya qila oladi? – degan savollarga javob izlashdi va yakdillik bilan Shavkat Mirziyoyevga ovoz berishdi.

Markaziy saylov komissiyasi xulosalari eʼlon qilinganida bir narsa qalbimizda gʻurur va ishonch uygʻotdi. Demak, halqimizning asosiy koʻpchiligi oʻz taqdiri va istiqboli haqida oʻylar ekan, Vatan taraqqiyoti va yurt tinchligi xususida fikr yuritar ekan. Ular fikrdosh, maslakdosh va umumiy manfaatlar atrofida birlashib kurashishga tayyor boʻlgan kuchli intellektual salohiyatni va siyosiy hushyorlikni namoyon etishdi. Ana shu jarayonning oʻzi, aytish mumkinki, eng yangi tariximizning butunlay yangi sahifasi, mahobatli tariximizning burilish nuqtasi edi.

Saylovdan soʻng Oʻzbekistonning yangi Prezidenti sifatida ish boshlagan Shavkat Mirziyoyev saylovoldi dasturini qayta koʻrib chiqib, unda koʻtarilgan masalalarni chuqurlashtirib, konkretlashtirib, har bir soha va yoʻnalishni jadal rivojlantirishning ham nazariy, ham amaliy jihatdan chora-tadbirlarini ishlab chiqdi. Natijada dasturni takomillashtirib, uni “2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi”ga aylantirdi. Ana shu jarayonning oʻzida siyosiy yetakchining, davlat rahbarining hech kimga oʻxshamagan, oʻziga xos fazilatlari namoyon boʻldi.

 

Tahlikali kunlar ortda qoldi

Prezidentimiz Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida 2022-yil gʻoyat murakkab va sinovli yil boʻlganini, ushbu davrda toʻplagan tajribamiz bir haqiqatni yaqqol isbotlab berayotganini, yaʼni taraqqiyotga – faqat mashaqqatli va jasoratli mehnat orqali erishilishini taʼkidladi. Bu soʻzlarni qancha-qancha sinovlardan oʻtgan, ogʻir vaziyatlar xavfini boshqara olgan, oʻz boshidan oʻtkazgan insongina ayta oladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev faoliyatida va ish uslubida halqona boshqaruv, halqqa yaqinlik hissi, ularning kundalik tashvish va quvonchlariga sherik boʻlish tuygʻusi ustuvorlik qiladi. Bu davlat bilan jamiyat, davlat rahbari bilan fuqarolar maqsadlarining mushtarakligiga, ular orasidagi munosabatlarning uygʻunligiga olib keladiki, natijada Oʻzbekistonda yalpi barqarorlik va yuksak bunyodkorlik ruhiyatining chuqurlashishiga erishildi.

Kamina Davlat bojxona qoʻmitasi raisi, ichki ishlar vaziri lavozimlarida xizmat vazifamga taalluqli masalalarda yonma-yon yurib u kishidagi bukilmas iroda, kuch-gʻayrat, shiddat va shijoatga koʻp bor guvoh boʻlganman. Shavkat Miromonovich uchun Bosh vazir sifatida xonashinlik, kabinetdan chiqmay ish yuritish prinsipi mutlaqo begona edi. U hayotning qaynoq nafasini bevosita his qilish, yaxshi-yomon kunlarda xalq bilan birga boʻlish, el-yurtning dardu quvonchiga doimo sherik boʻlishni oʻzining hayotiy maslagi, oliy insoniy burchi deb biladi.

Shavkat Mirziyoyev joylardagi vaziyatni “issiq izidan” oʻrganish, atroflicha tahlil qilish va mulohaza bilan xulosa qilish, yechimini topishni hayot tamoyiliga aylantirib ulgurgani, avvalo, Alloh yuqtirgan, soʻngra Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov maktabini oʻtagan ogʻir, sinovli yillarda toblangan rahbar sifatida shakllantirganini eʼtirof etish zarur.

Bugungi kunda davlat boshqaruviga xos bu fazilat hamma rahbarlardayam yetishmayotgani sir emas. Davlatimiz rahbari islohotlar gʻoyasi “sokin kabinetlarda” yaratilmasligini oʻz faoliyatining bosh mezoniga aylantirganini ijtimoiy hayotning oʻzi tasdiqladi. Buni koʻrmaslik, anglamaslik va sezmaslik mumkin emas.

Prezidentimiz yaxshi kunlarda ham, tashvishli kunlarda ham doimo xalq bilan birga boʻldi. 2005-yilgi Andijon voqealari, 2008-yilda Kogon va 2010-yilgi Oʻsh voqealari yuz bergan oʻta tahlikali vaziyatlarda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovga yelkadosh boʻlib, jasorat va matonat, chin insoniy fazilatlarini koʻrsatdi.

***

Men taklif etilganlar qatorida 2022-yilning 20-dekabr kuni Prezidentimizning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasini diqqat bilan tingladim. Murojaatnomadagi yetti oʻlchab, keng mulohaza bilan bildirilgan fikrlar zamonaviy masalalarni har tomonlama chuqur tahlil qilishning yorqin namunasi boʻldi.

Prezidentimiz Murojaatnomasida “Qoraqalpogʻistonda 2022-yil yoz oyida sodir boʻlgan noxush voqealar butun el-yurtimizni qattiq qaygʻuga soldi”, dedilar. Xudoga shukur, Prezidentimizning ziyrakligi, donishmandlarcha harakati va koʻp millatli oqil xalqimizning jipsligi bois vaziyat tezda izga tushdi.

2022-yilning 1–2-iyul kunlari mamlakatimizda murakkab, ijtimoiy-siyosiy vaziyat chigallashgan, nosogʻlom kuchlar taʼsiri kuchaygan bir paytda Qoraqalpogʻistonda yuz bergan stixiyali jarayonlarning sabablari, shart-sharoitlari, manbalari xususida Qoraqalpogʻiston xalqining faollari bilan bamaslahat dadil harakat qilgan, mamlakatimiz milliy, iqtisodiy va maʼnaviy xavfsizligini saqlab qolish yoʻlida jasurlik, fidoyilik namunasini amalda koʻrsatgan, Oʻzbekistonni dahshatli fojialar girdobiga tortilishdan saqlab qolish uchun kuchli grajdanlik pozitsiyasi, shijoat va maʼnaviy jasorat sohibi Prezident Shavkat Mirziyoyevdir.

***

Yana bir gap. 2022-yilning 24-avgust kuni Samarqandning yangi qiyofasini belgilab beradigan muhtasham majmua – “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markazining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdim. Millionlab yurtdoshlarimiz kabi mening qalbimda ham faxr-iftixor tuygʻulari yanada yuksaldi.

“Boqiy shahar” majmuasi, uning tevaragidagi katta maydonni egallagan, eng zamonaviy talablarga javob beradigan koʻrkam binolar, Ulugʻbek astronomiya maktabi vakillarining tadqiqotlari natijasi boʻlgan buyuk meros – “Ziji jadidi Koʻragoniy” timsolidagi koʻrkam amfiteatr, qadimiy Samarqandning betakror qiyofasini gavdalantirgan obidalar, muazzam turizm markazi, Sohibqiron Amir Temur bobomiz nomidagi mehmonxona, yangi “Samarqand city” manzaralari har qanday kishini hayratlantiradi, hayajonga soladi. Shubhasiz, bularning bari yana oʻz mavqeiga qaytayotgan, xalqimizning buyuk tarixi hamda bugungi farovon zamonni oʻzida uygʻunlashtirgan Samarqand dunyodagi eng qadimiy, eng goʻzal va obod shahar, “Yer yuzining sayqali” sifatida oʻz oʻrnini yanada mustahkamlashiga xizmat qiladi.

Maʼlumki, Samarqand – milliy davlatchiligimiz va umuman, jahon sivilizatsiyasi tarixida alohida oʻringa ega. Ushbu boqiy shahar tariximizdagi ikkala Renessans davrining yuzaga kelishi va rivojida muhim rol oʻynagan. Bu zamin bagʻrida qad rostlagan mana shunday zamonaviy, ulugʻvor meʼmoriy majmua Samarqandning qadimiy shuhratini tiklash, uni yanada koʻrkam va obod qilish, chinakam xalqaro turizm markaziga aylantirish boʻyicha keng koʻlamli, mislsiz ishlar amalga oshirildi.

“Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markazi buyuk ajdodlarimiz bunyod etgan muhtasham meʼmoriy obidalarga munosib boʻlib, ularning tarixiy anʼanalarini davom ettirishga xizmat qilishini angladim.

Dildan his etib aytmoqchimanki, “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markaziga qadam qoʻygan inson nafaqat qadimiy Samarqand bagʻrida, balki butun Oʻzbekiston zaminida yurgandek boʻladi, uning bor ulugʻvorligi va beqiyos jozibasini his etadi. Bu shubhasiz.

Shu oʻrinda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga yoʻllagan maktubidan iqtibos keltirsak: “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti ulkan muvaffaqiyat qozondi hamda Tashkilotning sogʻlom va barqaror taraqqiyotiga xizmat qilishda tarixiy ahamiyat kasb etdi. Xitoy Oʻzbekistonning samarali raisligini va Tashkilot rivojiga qoʻshgan muhim hissasini yuksak qadrlaydi. Biz Oʻzbekiston va boshqa aʼzo davlatlar bilan “Shanxay ruhi”ni faol ilgari surish hamda Shanxay hamkorlik tashkilotining yanada keng rivojlanishiga koʻmaklashish maqsadida Samarqand sammitining birdamligini roʻyobga chiqarishga tayyormiz”.

***

Murojaatnomada keyingi yillarda erishilgan marralar sarhisobiga doir keltirilgan misol va dalillar keng koʻlamli va samarali islohotlarning ulkan natijalarini tasavvur qilish uchun asos boʻladi. Uning asosida hayotimiz va faoliyatimiz uchun zarur harakat dasturlari va chora-tadbirlar rejalari belgilab olinmoqda. Shu jihatdan “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb nom berilgan 2023-yilda ham oʻtgan yillardagi kabi jamiyatimiz hayotining barcha sohalarini qamrab olgan keng koʻlamli islohotlar, yangilanishlar zamonaviy tariximizning yetakchi harakatlantiruvchi omillari sifatida oʻz taʼsiri va ahamiyatini saqlab qolishi shubhasiz.

Taʼkidlash kerakki, kuchli xarakter, metin irodali Shavkat Mirziyoyevning Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi ulugʻvor layoqatini, xalqaro miqyosdagi siyosiy va iqtisodiy diplomatiyasida tayanadigan botiniy qudratini hech kim rad eta olmaydi.

Bahodir MATLYUBOV,

Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi boshligʻining maslahatchisi, general-leytenant