Unda joriy yil 6-noyabrda Oliy Majlis palatalarining qoʻshma yigʻilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan kelgusi besh yilga moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlar keng muhokama etildi.

Yangi Oʻzbekiston strategiyasining uzviy va davomiyligini taʼminlash maqsadida “Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosiy gʻoya va bosh mezon sifatida qoʻyilgani ishtirokchilar tomonidan alohida eʼtirof etildi.

Xususan, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotini tezlashtirishga xizmat qiladigan qonunchilik konsepsiyasini ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish, qonun ijodkorligi faoliyatini demokratlashtirish va ular ijrosini taʼminlashga qaratilgan parlament nazoratini kuchaytirish, joylardagi ijro idorasi rahbarlari hisobotini eshitish va ularga nisbatan taʼsirchan choralar koʻrish lozimligi alohida taʼkidlandi.

Inson huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash davlat islohotlarining bosh maqsadiga aylangani aytib oʻtildi.

Korrupsiyaga barham berish, tadbirkor va mulkdorlar huquqlarining himoyasini kuchaytirish, sifatli taʼlimni rivojlantirish, aholi salomatligini saqlash, mamlakatdagi tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash va milliy iqtisodiyot oʻsish surʼatlarini zamon talablari darajasiga chiqarish ustuvor vazifalardan biri ekanligi qayd etildi.

Taʼkidlanganidek, xususiy sektorni ragʻbatlantirish va uning ulushini oshirish hamda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobidan 2030-yilgacha Oʻzbekistonning aholi jon boshiga daromadlari darajasi boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkichdan yuqori boʻlgan davlatlar qatoridan oʻrin egallashiga erishish koʻzda tutilmoqda.

Iqtisodiyotda yuqori oʻsish surʼatlariga erishishda makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, inflyatsiya darajasini belgilangan 5 foizgacha pasaytirish, tadbirkorlik faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlash, soliq yukini kamaytirish, hammaga teng boʻlgan biznes muhiti va zarur infratuzilmani yaratish dolzarb vazifalardan biri boʻlib qolishi taʼkidlandi.

Majlis davomida yettita ustuvor vazifalarni amaliyotga keng tatbiq etish borasida tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.