Ekspertlarning fikriga koʻra, dunyo boʻyicha byurokratik qoidalarga rioya etishga sarflanadigan xarajatlar jahon YAIMning 17-20 foizini tashkil etadi. Byurokratiya har qanday jarayonni, hatto eng jadal islohotlarni ham toʻxtatib qoʻya oluvchi kuch ekanini hayotning oʻzi yaqqol koʻrsatmoqda. Shu bois, taraqqiyotning ilgʻor choʻqqilarini koʻzlab ildamlab borayotgan har bir davlat, avvalo, jamiyat rivojiga toʻsiq boʻlayotgan ana shunday muammolarga chek qoʻyishga intiladi.

Mamlakatimizda ham soʻnggi yillarda bu yoʻnalishda muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Zamon talabidan kelib chiqib qonunchilik asoslari takomillashtirilayotir. Jamiyatimizda ochiqlik, oshkoralik muhitini kuchaytirish, davlat xizmatlarini rivojlantirish, barcha sohalarga axborot texnologiyalarni keng joriy etishga eʼtibor kuchaydi.

Prezidentimiz tomonidan 2021-yil 23-martda imzolangan “Aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yana-da qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmon bu yoʻnalishda yana bir muhim huquqiy asos boʻldi.

Byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish masalasiga Adliya vazirligi ham oʻz faoliyatining ustuvor vazifalaridan biri sifatida eʼtibor qaratib kelmoqda. Bu yoʻnalishda ilgʻor xorijiy tajribalar oʻrganilib huquqiy mexanizmlarni takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Byurokratiyaga qarshi kurashishda qonun ijodkorligining alohida oʻrni bor. Bu borada biror bir gʻoya loyiha shaklida aloqador vazirlik va idoralarga kiritilar ekan, uni himoya qilish, mutaxassislarni ishontira olish juda muhim. Endi tasavvur qiling, loyihangizda oʻsha vazirlik va idoralarda mavjud boʻlgan, lekin aslida keraksiz, idoraviy manfaatga xizmat qiladigan, korrupsiyaviy xatari bor vakolatlar va tartib-taomillardan bekor qilishni taklif etyapsiz. Ular buni qanday qabul qiladi? Bunday vaziyatda qaror qabul qiluvchining pozitsiyasi, irodasi oʻta muhim ahamiyatga ega.

Byurokratiyaga qarshi kurashish, ularni qisqartirish nima uchun zarur? Javobi kundek ravshan boʻlsa-da, aniqroq tasavvur qilish uchun ayrim maʼlumotlarga toʻxtalsak. Jahon banki tadqiqotlariga koʻra, hozirda Oʻzbekistonda yirik korxonalar rahbarlari ish vaqtining 31 foizi, kichik korxonalar rahbarlari ish vaqtining 26 foizi byurokratik masalalarni hal qilish, davlat organlari hamda hokimliklar bilan munosabatlarga kirishish uchun sarflanayotgani qayd etilgan. Vaholanki, ushbu vaqt samaraliroq tarzda, masalan, ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirishga, ish samaradorligini oshirishga va korxonalar tushumlarini oshirish masalalariga sarflanishi mumkin edi.

Prezidentimizning yuqorida qayd etilgan farmoni bu muammolar yechimi yoʻlida yana bir dadil qadam boʻldi. Unda maʼmuriy tartib-taomillarda aholi, tadbirkorlik subyektlarining manfaatlariga koʻproq xizmat qiladigan muhim qoidalar qamrab olingan. Farmon oʻz mazmun- mohiyatiga koʻra byurokratiyaga qarshi kurash borasidagi ishlarning ikkinchi bosqichini boshlab beradi. Prezidentimizning 2019-yil 9-dekabrda qabul qilingan “Byurokratik toʻsiqlarni yana-da qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu yoʻnalishdagi ishlarning birinchi bosqichiga asos boʻlgan edi. Ushbu qarorning ijrosi tahlil qilinganda, davlat bilan fuqarolar va biznes oʻrtasidagi ahamiyatni yoʻqotgan tartib-taomillarni yana-da soddalashtirish ehtiyoji mavjudligi ayon boʻldi. Shu nuqtai-nazardan kelib chiqib qabul qilingan farmon bilan ushbu holatlarga barham berish, davlat xizmatlari koʻrsatishni yana-da takomillashtirishga qaratilgan bir qator prinsipal yangiliklar, qoidalar joriy etilmoqda.

Xususan, 130 dan ortiq maʼmuriy tartib-taomillar yengillashtirilmoqda, davlat organlari tomonidan 460 dan ziyod qonun hujjatlarida koʻrsatilgan 18 turdagi hujjatlar va maʼlumotlarni fuqarolardan talab qilish bekor qilinmoqda. Endilikda davlat organlari bu hujjatlarni vakolatli davlat tashkilotidan (10 ta tashkilot) “Elektron hukumat” platformasi orqali olishi zarur. Natijada yiliga oʻrtacha 1,5 milliondan ortiq fuqaro ortiqcha ovoragarchilikdan xalos boʻladi va ularning 22 milliard soʻmdan ortiq mablagʻi tejaladi hamda ushbu mablagʻlar fuqarolarning oʻzida qolishiga erishilishi prognoz qilinmoqda.

Masalan, birgina narkologiya dispanseri hisobida turishi yoki turmasligi boʻyicha maʼlumotnoma olishda 276 mingdan ortiq fuqaroning ham vaqti, ham naqdi tejaladi. Fuqarolarning ruhiy kasalligi haqida maʼlumotnoma olishda ham shunday qulaylik tugʻilmoqda. Endilikda bu hujjat ham elektron yoʻl bilan olinishi natijasida 300 mingga yaqin fuqaro ortiqcha ovoragarchilikdan xalos boʻladi va ularning 4,5 milliard soʻm mablagʻi tejaladi.

Fuqarolardan davlat tashkilotlari talab qilishi mumkin boʻlmagan hujjatlar roʻyxatida shaxsni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi, shaxsning belgilangan shakldagi fotosurati, mehnat daftarchasi va ularning nusxalari kabilar ham bor.

Biz bugungi kunda davlat xizmatlari sohasini tub isloh qilishda “fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” degan prinsipni eʼlon qilib, amalda ijrosini taʼminlashga harakat qilayotgan edik. Endilikda yangi – “fuqarolar emas, davlat organlari harakatlanadi” prinsip loyihasi ustida ishlab, fuqarolarga imkon qadar virtual davlat xizmatlari koʻrsatish boʻyicha bosh qotirmoqdamiz. Zero, bu pandemiyaning davlat xizmatlariga qoʻygan chaqiriqlaridan biri boʻldi.

Shuningdek, 28 turdagi davlat xizmatlari natijasini fuqarolar va tadbirkorlar oʻzlarining xohishiga koʻra, pochta aloqasi orqali olishi mumkin. Pochta aloqasi xizmatining joriy etilishi aholi xarajatlarini kamida 2 baravarga qisqartirishga, aholining davlat organlariga bir-necha marotaba ovora boʻlib kelib ketishining oldini olishga xizmat qiladi.

Farmonga koʻra, 2021-yil 1-maydan boshlab xorijga chiqish uchun biometrik pasportini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilib olish mumkin boʻladi.

Fuqarolarning eʼtiroziga sabab boʻlayotgan yana bir muammo jamgʻarib boriladigan pensiya tizimiga hisobga qoʻyish bilan bogʻliq edi. Aniq raqamlarga toʻxtaladigan boʻlsak, 2020-yilda davlat xizmatlari markazlariga 338,7 ming nafar fuqaro jamgʻarib boriladigan pensiya tizimiga hisobga qoʻyish boʻyicha murojaat qilgan. Endilikda bu tizim ham soddalashtirilmoqda. Yaʼni, joriy yil 1-iyundan boshlab 16 yoshga toʻlgan shaxslarga ID-karta berishda ular bir vaqtning oʻzida soliq organlarida soliq toʻlovchi sifatida hisobga qoʻyiladi va jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida roʻyxatdan oʻtkaziladi.

Farmon bilan jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami barcha davlat, bank, ijtimoiy va boshqa xizmatlarni koʻrsatishda fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi yagona identifikator hisoblanishi, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxslarni identifikatsiya qiladigan alohida raqamlarni yuritish taqiqlanishi belgilandi. Mazkur tartibning amalga oshirilishi nafaqat korrupsiya va byurokratiyaga qarshi muhim ahamiyatga ega, balki, statistika aniq boʻlishi, ijtimoiy siyosatning manzilliligini taʼminlashga ham ijobiy taʼsir qiladi.

Fuqarolik-huquqiy munosabatlarning asosiy ishtirokchilaridan biri bu yuridik shaxslar hisoblanadi. Ularning tashkil etilishi, roʻyxatdan, qayta roʻyxatdan oʻtkazilishi huquqiy munosabatlarda muhim mazmunga ega. Bu jarayon qanchalik puxta tartibga solinsa, turli nizolarning oldi olinadi. Mazkur jarayonni tartibga solishda yagona yondashuvlarni ishlab chiqish, muvofiqlashtirish zarur. Farmon bilan Davlat xizmatlari agentligi yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha yagona vakolatli organ etib belgilanligi ushbu boʻshliqni toʻldiradi.

Adliya vazirligi davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, maʼmuriy tartib-taomillarni maqbullashtirish yoʻnalishida ana shunday keng qamrovli, chuqur izlanish va oʻrganishlarda davom etadi. Bu yoʻnalishdagi ishlarda keng jamoatchiligimiz ham faol ishtirok etish imkoniga ega. Bu borada yurtdoshlarimizning taklif-mulohazalari boʻlsa, av11@adliya.uz manziliga taqdim etishi mumkin.

Xudoyor MELIYEV,

adliya vaziri oʻrinbosari