Xususan, shu yil 1-iyuldan boshlab 38 turdagi davlat xizmatlari uchun elektron imzo bilan tasdiqlash talabi bekor qilinib, ular mobil telefon orqali amalga oshiriladi. 6 turdagi litsenziya olish uchun soʻraladigan hujjatlarpga chek qoʻyiladi, aholi va tadbirkorlar uchun oʻnga yaqin davlat xizmati boʻyicha elektron xabardor qilish tizimi joriy etiladi. Shuningdek, kommunal tashkilotlarning 32 turdagi hujjat va maʼlumotnomalarini talab qilishi ham bekor qilinadi.
— Prezidentimiz eʼtirof etganidek, ushbu masalalar inson qadri, xalq roziligi bilan bogʻliq, — deydi Oʻzbekiston RespublikasiAdliya vaziri Ruslan Davletov. — Bu maqsadga har bir xizmatning qulay va shaffofligini taʼminlash, byurokratik toʻsiqlarni olib tashlash, raqamlashtirishni kengaytirish orqali erishiladi. Masalan keyingi uch yilda 73 ta talab bekor qilindi. Bu qulayliklar bevosita 20 million aholining hayotiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi va ular tomonidan xarajat qilib kelinayotgan 300 milliard soʻmni tejash imkonini berdi.
Agar litsenziyalash yoʻnalishini oladigan boʻlsak, har bir tadbirkorning davlat xizmatlaridan bahramandligini taʼminlash uchun ochiq va qulay yangi elektron tizim yuzaga keltirildi. Bundan tashqari, 132 ta litsenziya va ruxsat beruvchi hujjatlar bekor qilindi. Bugungi kunda barcha hujjatlar masofaviy shaklda amalga oshirilmoqda. Bu tizim yanada rivojlantiriladi.
Prezidentimiz yigʻilishda davlat xizmatlari sohasi boʻyicha tasdiqlangan yangi besh yillik strategiyasidan oʻrin olgan vazifalar ijrosini taʼminlash zarurligini taʼkidladi. Chunki, mazkur milliy dasturning har bir bandiga masʼul boʻlgan ijrochilarilar ham, ularni bajarish muddatlari ham aniq belgilangan. Bu borada ixcham va samarador “yoʻl xaritasi” ishlab chiqilgan. Oldinda turgan asosiy vazifa ularning eng quyi boʻgʻindagi ijrosini amalda taʼminlashdan iborat. Chunki, mahallalarda yashovchi fuqarolar tizimda roʻy berayotgan oʻzgarishlar, insonni qadrlash uchun amalga oshirilayotgan davlat xizmatlari qulayligi va samarasini oʻz hayotlarida sezishlari zarur.
Yana bir muhim masala, bu — fuqarolarga koʻrsatilayotgan xizmatlar vaqtini qisqartirish. XX1 asrda eng katta resurs — vaqt. Uning tejalishi, aholini ovora qilmaslik uchun davlat xizmatlarini tuman yoki viloyat markazlariga bormay, mahallaning oʻzida olishlari kerak. Bu vazifa milliy strategiyaning eng muhim boʻgʻinini tashkil etadi va biz uni ham, albatta, bajaramiz.
Oʻta muhim huquqiy asoslar
Iqtisodiyotni liberallashtirish va tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilish siyosati eng ustuvor vazifalardan biri. Bu boradagi mezonlar bosqichma-bosqich ishlab chiqilib, amaliyotga izchil tatbiq etilyapti, desak hech bir mubolagʻa qilmagan boʻlamiz.
Jahon banki tadqiqotlariga koʻra, ayni paytda Oʻzbekistonda yirik korxonalar rahbarlari ish vaqtining 31 foizi, kichik korxonalar yetakchilari kundalik faoliyatining 26 foizi byurokratik masalalarni hal qilish, davlat organlari hamda hokimliklar bilan munosabatlarga kirishish uchun sarflanayotgani qayd etilgan. Adliya vazirligi xodimlarining fikricha, ushbu vaqt samaraliroq tarzda, masalan, ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirishga, ish samaradorligini oshirishga va korxonalar tushumlarini oshirish masalalarini hal etishga xizmat qilishi mumkin edi.
Prezidentimizning 2020-yil 24-avgustdagi “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni mamlakatimizda ushbu sohani keskin yengillashtirishga qaratilgan, barcha masalalarni kompleks qamrab olgan muhim hujjat boʻldi.
— Ushbu hujjatni ishlab chiqish jarayonida barcha litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsatnomalar tegishli vakolatli organlar bilan birma-bir tahlil qilindi, — deydi Adliya vazirligi boshqarma boshligʻi Bunyod Azizov. — Oʻtkazilgan oʻrganish va tahlillar maʼmuriy tartib-taomillardan oʻtishda hanuzgacha byurokratik rasmiyatchilikka yoʻl qoʻyilayotgani, sohada axborot texnologiyalarini joriy etish talab darajasida emasligini koʻrsatdi.
Farmonga asosan 2021-yil 1-yanvardan buyon mingga yaqin belgilangan byurokratik jarayonlar qisqartirildi. Xususan, 68 ta litsenziyalanadigan faoliyat va 34 ta ruxsatnoma bekor qilindi hamda tartibga solishning muqobil usuliga oʻtkazildi. Shundan 36 ta litsenziyalanadigan faoliyat va 10 ta ruxsatnoma, 16 ta litsenziyalanadigan faoliyat va 11 ta ruxsatnoma birlashtirish yoʻli bilan, 16 ta litsenziyalanadigan faoliyat va 13 ta ruxsatnoma xabardor qilish tartibiga oʻtkazish orqali bekor qilindi. Natijada tadbirkorlik subyektlarining yiliga qariyb 125 milliard soʻm mablagʻi iqtisod qilinib, oʻz ixtiyorida qoladigan boʻldi.
Yana bir jihati, litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish jarayonlari “Litsenziya” axborot tizimi orqali toʻliq elektronlashtirildi. 115 ta litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish hamda 14 turdagi faoliyat boʻyicha hujjatlarni rasmiylashtirish muddatini qisqartirish orqali biznes jarayonlar va maʼmuriy tartiblar yengillashtirildi. Faoliyatni boshlashdagi vaqt litsenziyalar uchun 30 kungacha, ruxsatnomalar uchun 20 kungacha qisqardi.
2021-yil 15-iyuldan Oʻzbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonuni amaliyotga joriy etildi. Unga asosan litsenziya va tartibga solish sohasidagi yuzga yaqin qonun hujjatlari oʻz kuchini yoʻqotdi. 49 ta litsenziya, 120 ta ruxsat berish hujjati hamda 33 ta xabarnomaning yakuniy roʻyxati tasdiqlandi.
Qonunning yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, shu paytgacha mavjud boʻlmagan vakolatli organni xabardor etish orqali faoliyatni amalga oshirish bilan bogʻliq mutlaqo yangi, soddalashtirilgan mexanizm joriy etildi. Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish tartib-taomillari toʻliq raqamlashtirilishi va bu jarayonlar “Litsenziya” axborot tizimi orqali amalga oshirilishi belgilab qoʻyildi. Litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar qaysi holatlarda sud tomonidan va qaysi holatlarda vakolatli organ tomonidan bekor qilinishining aniq chegaralari belgilab berildi.
Ishbilarmonlik muhiti yanada yaxshilanadi
Bahor borliqqa yasharish va yangilanishlarni olib keladi. Bugungi kunda bunday jarayonni litsenziya va ruxsatnoma berish boʻyicha tartib-taomillardagi yangi oʻzgarishlarda ham kuzatish mumkin.
Bugungi kunga qadar litsenziya va ruxsatnoma berish boʻyicha tartib-taomillar 200 ga yaqin turli normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solingan. Ushbu nizomlardan foydalanish, ularni qidirib topish tadbirkorlarga noqulaylik olib kelayotgan edi. Aholi va tadbirkorlarning foydalanishi qulay boʻlishi uchun ushbu hujjatlar unifikatsiyalashtirilib, yagona nizom shaklida belgilandi.
Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi qaroriga binoan Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida yagona nizom tasdiqlandi. Mazkur hujjat bilan 29 ta litsenziyalanadigan faoliyat turining, 22-fevraldagi qaroriga muvofiq, Maxsus elektron tizim orqali ayrim ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi yagona nizom bilan esa 28 ta litsenziyalanadigan faoliyat turi pasportlari tasdiqlandi.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan 25-fevral kuni qabul qilingan yana bir qarorda esa, faoliyatni boshlash yoki tugatish uchun vakolatli organni xabardor qilish tartibi belgilandi.
— Shu yilning 1-martidan kuchga kirgan ushbu qarorlar litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartibini tizimlashtirish borasida qoʻyilgan muhim qadam boʻldi, — deydi Adliya vazirligi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Javohir Qulizoda. — 2021-yil 1-yanvardan boshlab ilgari belgilangan mingga yaqin byurokratik jarayonlar qisqartirildi. Ularda litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari boʻyicha umumiy qoidalar belgilandi va har bir faoliyatga xos xususiyatlar nizomga ilova qilingan 57 ta pasportda aniq belgilab qoʻyildi.
Eʼtiborli jihati shundaki, yagona nizomlarda aks etmagan va litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilishning oʻziga xos xususiyatlari pasportlarda har bir faoliyat turidan kelib chiqib taqdim qilinadigan hujjatlar, arizani koʻrib chiqish muddatlari, buning uchun toʻlanadigan yigʻim va boj miqdori, talab va shartlari kabi boshqa maʼlumotlar ham aks ettirilgan.
Endilikda barcha arizalar elektron tarzda “Litsenziya” axborot tizimi orqali dam olish va bayram kunlaridan qatʼi nazar, har kuni 24 soat davomida qabul qilinadi. Bu bilan fuqarolarning davlat organlariga borish va kutish kabi ortiqcha ovoragarchiliklarga chek qoʻyildi. Bunda, arizalar ish vaqtidan keyin yoki dam olish va bayram kunlari berilganda, ular litsenziyalovchi organ tomonidan qabul qilingan kun murojaat qilingan vaqt hisoblanadi.
Litsenziya yoki ruxsatnoma olishda talabgorning boshqa kelishiladigan idoralardan xulosasini olib, arizaga ilova qilish amaliyoti bekor qilindi. “Bir darcha” tamoyili asosida litsenziyalovchi organning “Litsenziya” axborot tizimi orqali tegishli xulosalarni boshqa organlardan oʻzi oladi, xulosa oʻz vaqtida taqdim etilmasa, ijobiy xulosa olingan, deb hisoblanadi. Bunda kelib chiqadigan oqibatlar uchun javobgarlik xulosani kechiktirgan organ zimmasida boʻladi.
Litsenziyalash yoki ruxsat berish jarayonida byurokratiyaga yoʻl qoʻymaslik maqsadida pasportlarda belgilangan talab va shartlardan tashqari hujjatlarni talab qilish taqiqlandi. Endilikda ushbu nizomlarda belgilanmagan asoslar boʻyicha litsenziya yoki ruxsatnomani berish maqsadga muvofiq emas, degan vaj rad etishga asos boʻlmaydi. Agar shunday holatga yoʻl qoʻyilsa, vakolatli organning maʼmuriy javobgarligi koʻrib chiqiladi.
Ushbu hujjatlar bilan hukumatning 250 ta qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb topildi, 35 tasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Abdurauf QORJOVOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri