O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijiy tillarni o’rganishni ommalashtirish agentligining taklifi bilan Kembrij xalqaro tashkilotining direktor o’rinbosari Samarqand shahridagi O’zbekistondagi Kembrijning yagona rasmiy markaziga tashrif buyurib, O’zbekiston hududida xalqaro imtihonlarni o’tkazish jarayoni, test samaradorligi va test natijalari bilan tanishib chiqdi.

Xalqaro Kembridj tashkilotining direktor o’rinbosari, Janob Kristofer, O’zbekistondagi asosiy Kembridj Imtihonlari o’tkaziladigan yagona markaz, Innovative Centrega tashrif buyurib, ingliz tili o'qituvchilari foydalanayotgan metodologiya va manbalarni alohida qiziqish bilan kuzatib chiqdi va ularning xorijiy standartlarga javob berishini ta’kidlab o’tdi.

Bundan tashqari, Kristofer Betts xalqaro imtihonlarning xorijiy standartlarga mos ravishda o’tkazilishini ta’minlash maqsadida Samarqanddagi bir necha til o’rgatish markazlarida bo’ldi, va shu jumladan Innovative Centre o’quv markazining imtihonlar o’tkazish xonalari, imtihon materiallarini saqlash joyini va barcha texnik jihozlarini tekshiruvdan o’tkazdi. Bundan tashqari, xalqaro imtihonlarni o’tkazishda qatnashuvchi xodimlar va nazoratchilar bilan suhbatlashib, imtihon jarayoni juda katta mas'uliyat talab etishi va imtihon shaffofligini ta’minlash test markazi vazifasi ekanligini ta’kidlab o’tdi. Amaliy tashrifdan so’ng, mazkur imkoniyatlar, imtihonlar sonini va sifatini oshirish, hamda doimiy ravishda Kembridj ekspertlari bilan masterklass va seminarlar o’tkazish rejalari ko’zga tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” PQ-5117 qarorini ijro etish maqsadida, xorijiy tillarni o’rganishni ommalashtirish agentligi tashabbusi bilan Kembridj tashkilotining professor-ekspertlari Samarqand shahriga tashrif buyurib, ingliz tili o’qituvchilari uchun seminar va master-klasslar o’tkazib kelmoqdalar.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijiy tillarni o’rganishni ommalashtirish agentligi Samarqand viloyati hududiy vakilligi boshlig’i Muxammadxon Soliev tadbir va uchrashuvlar haqida gapirar ekan, u bugungi kunda Samarqandda juda ko’p imkoniyatlar yaratilganligi hech kimga sir emasligini ta’kidlab o’tdi.
“Cambridge English”ning O’zbekistondagi yagona markazi aynan ushbu viloyatda joylashgani va turli imtihon turlari (TKT, Linguaskill, IELTS testlari) o’tkazilayotgani o’qituvchilar va yoshlarga ko’plab qulayliklar yaratmoqda.

“Janob Kris bilan uchrashuvimiz Samarqanddagi xorijiy ta’lim sifatini oshirishga bo’lgan katta qadam hisoblanadi. Bizning uchrashuvimiz davomida Janob Kris nafaqat Innovative Centre o’quv markazimizning xorijiy standartlar bo’yicha yo’lga qo’yilgan o’qitish kurslari va xalqaro imtihonlarini ko’zdan kechirdi, balki Samarqand shahrining betakror va tarixiy obidalarini ko’rib hayratda qoldi. Janob Kris til o’rganishni ommalashtirish qanchalik muhimligini aytib o’tishdan tashqari, o’z tajribalaridan kelib chiqgan holda fikrlar ulashdi. ”
Bundan tashqari, Muxammadxon Soliev yoshlar tomonidan chet tillarni o’rganishga bo’lgan qiziqish va davlatimiz taraqqiyoti uchun yosh kadrlarning til bilish ko’nikmalarning professional darajaga ko’tarish ahamiyati juda yuksak ekanligini ta’kidladi.
Parviz Subxankulov
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish
agentligi Samarqand viloyat vakilligi loyihalar menejeri.