Insonning sogʻligini u dunyoga kelmasidan avval himoya qilishni boshlash ilgʻor tibbiy tafakkur hukmron boʻlgandagina yuz berishi mumkin. Oʻzbekistonda tibbiyot sohasidagi islohotlar shu mezon asosida olib borilmoqda.
Bu boradagi ishlarni tizimli rivojlantirish, onalar va bolalarda uchraydigan kasalliklarni erta aniqlash, tugʻma nuqsonlarni chaqaloq dunyoga kelgan zahoti bartaraf etish maqsadida mamlakatimizda malakali mutaxassislar va eng zamonaviy texnologiyalar bilan taʼminlangan qator tibbiyot muassasalari faoliyat yuritmoqda. Respublika perinatal markazi — ana shunday maskanlardan.
— Har bir homilador ayol va yangi tugʻilgan chaqaloq tugʻish va tugʻuruqdan keyingi davr mobaynida sifatli tibbiy yordam olishi kerak, — deydi Respublika perinatal markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Nilufar Oʻrinboyeva. — Yurtimizda yiliga oʻrta hisobda 700 000 nafardan ziyod chaqaloq dunyoga kelsa, ularning 35 mingdan ortigʻini erta tugʻuruqlar tashkil qiladi. Muddatidan oldingi tugʻuruqlar, asosan, yurtimizdagi perinatal markazlarda amalga oshiriladi. Chunki erta tugʻilgan chaqaloqning vazni ancha kichik boʻladi. Ular 2 ming grammgacha, hatto oʻta kichik vazndagilar ming grammgacha boʻlib, bu perinatal oʻzgarishlar xavfini kuchaytiradi. Onalar va bolalar sogʻligini yanada yaxshilash, homilaning toʻgʻri rivojlanishini nazorat qilib borish, nuqsonlar aniqlangan taqdirda ularni bartaraf etish choralarini koʻrish maqsadida Respublika perinatal markazi qoshida Konsultativ diagnostika poliklinikasi tashkil etilgan.
Xoʻsh, bu muassasa oʻz oldiga qoʻygan maqsadlarni qanchalik uddalamoqda? Mazkur savolga Respublika perinatal markazi direktori oʻrinbosari, tibbiyot fanlari doktori Saida Hasanova javob berdi:
— Markazimiz qoshidagi Konsultativ diagnostika poliklinikasi qariyb 10 yildan buyon onalar va bolalar salomatligi yoʻlida samarali faoliyat yuritib kelmoqda, — deydi S.Hasanova. — Bu yerda Oʻzbekistonda birinchilardan boʻlib “Ayollar va bolalar katamnezi” yoʻlga qoʻyildi.
Bu – tugʻuruq asoratli kechishi kutilgan ayollarning hamda ulardan tugʻilgan perinatal xavfi yuqori, kichik va juda kam vaznli chaqaloqlarning bir yil davomidagi dinamik kuzatuvi boʻlib, ushbu monitoring orqali ona va bola malakali mutaxassislar nazoratida boʻladi.
Ayollar katamnezi akusher-ginekolog va tor soha mutaxassislari tomonidan olib boriladi. Bunda, avvalo, nosogʻlom onalarda erta tugʻuruqlar sodir boʻlish ehtimoli oʻrganiladi.
Ayollarni homiladorlikka tayyorlash, bu davrdagi xavf omillarini oʻz vaqtida bartaraf etib, doimiy nazorat olib borish tugʻuruq jarayonidagi asoratlarni kamaytiradi. Markazning Konsultativ diagnostika poliklinikasida, asosan, ogʻir somatik kasalliklari boʻlgan, ikki va undan ortiq homila tushishi yoki muddatidan oldin tugʻilishi yuz bergan va boshqa asoratlarga ega ayollarga yuqori malakali tibbiy yordam koʻrsatib kelinmoqda.
Bolalar katamnezi doirasida esa erta tugʻilgan goʻdaklar neonatolog, otolaringolog, oftalmolog, nevropatolog, xirurg, oʻsmirlar va bolalar ginekologi kabi tor soha mutaxassislari ishtirokida audioskrining, oftalmoskopiya, neyrosonografiya kabi koʻriklardan oʻtkaziladi. Muassasada har bir bola uchun individual tekshiruv va nazorat kartalari yuritiladi.
— Bolalarda “Tugʻma va nasliy kasalliklarni oʻz vaqtida aniqlash chora-tadbirlari dasturi” boʻyicha markazimizda 2013-yildan beri yangi tugʻilgan chaqaloqlarda eshitish qobiliyati audioskriningi oʻtkazib kelinmoqda, — deydi markaz boʻlim boshligʻi Umida Muhamedova. — Buning natijasida eshitishi zaif deb baholangan bolalarda koxlear implantatsiya operatsiyalariga yoʻllanma berish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
“Ayollar va bolalar katamnezi” ning yana bir eng ahamiyatli jihatlaridan biri — oftalmoskopiya tekshiruvidir. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga koʻra, har bir muddatidan oldin tugʻilgan chaqaloq retinopatiya skrining tekshiruvidan oʻtkazilishi zarur. Markazda chala tugʻilgan bolalarga bu boʻyicha oʻz vaqtida tashxis qoʻyish va davolash uchun lazer koagulyatsiya jarrohligini amalga oshirish yoʻlga qoʻyilgan. Bu esa bolalardagi koʻrlik xavfini oʻz vaqtida oldini olish imkonini beradi.
Bir soʻz bilan aytganda, Respublika perinatal markazi mamlakatimizda bolalar salomatligini taʼminlash borasida salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.