Endilikda ChatGPT foydalanuvchilari oʻzlarining tibbiy qaydlari va fitnes ilovalarini tizimga integratsiya qilishlari mumkin boʻlgan maxsus ChatGPT Health funksiyasi ishga tushirildi.
Yangi imkoniyatlar qanday ishlaydi?
ChatGPT Health — bu alohida boʻlim boʻlib, u yerda foydalanuvchilar oʻzlarining salomatlik koʻrsatkichlarini (masalan, MyFitnessPal yoki Apple Health maʼlumotlarini) ulashlari mumkin. Tizim ushbu maʼlumotlar asosida shaxsiy tavsiyalar beradi, jumladan:
- Soʻnggi tibbiy tahlil natijalarini tushuntirib berish;
- Shifokor qabuliga tayyorgarlik koʻrish uchun savollar roʻyxatini tuzish;
- Diyeta va mashgʻulotlar boʻyicha shaxsiy maslahatlar berish;
- Sugʻurta tanlashda yordam berish.
OpenAI maʼlumotlariga koʻra, dunyo boʻylab har hafta 230 milliondan ortiq kishi ChatGPTʼga sogʻliq bilan bogʻliq savollar bilan murojaat qiladi.
Xavfsizlik va maxfiylik
Koʻpchilikni qiziqtirgan asosiy masala — maʼlumotlar maxfiyligi. Kompaniyaning taʼkidlashicha, ChatGPT Health alohida xavfsiz muhitda ishlaydi. U yerdagi tibbiy maʼlumotlar va suhbatlar foydalanuvchining boshqa chatlariga aralashib ketmaydi va ulardan modelni oʻqitish uchun foydalanilmaydi. Foydalanuvchi istalgan vaqtda sogʻliq haqidagi maʼlumotlarni oʻchirib tashlashi mumkin.
U shifokorning oʻrnini bosadimi?
Yoʻq. OpenAI vakillari bu vosita shifokor oʻrnini bosish uchun emas, balki unga yordamchi sifatida yaratilganini alohida taʼkidlamoqda.
«ChatGPT Health kasalliklarga tashxis qoʻymaydi yoki davolamaydi. U faqatgina kundalik savollarga javob topish va sogʻliqdagi oʻzgarishlarni tushunishda koʻmaklashadi", — deyiladi rasmiy xabarda.
Mazkur loyiha ustida ikki yil davomida 60 ta davlatdan 260 dan ortiq malakali shifokorlar ishlagan.
Kimlar foydalana olishi mumkin?
Hozircha yangi funksiya cheklangan doiradagi foydalanuvchilar (Free, Plus, Pro va Go akkauntlari) uchun ochilgan. Ular maxsus kutish roʻyxatiga (waitlist) yozilishlari mumkin. Yaqin haftalarda ushbu xizmat barcha Web va iOS foydalanuvchilari uchun ochiq boʻlishi kutilmoqda.
Taʼkidlash joizki, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya kabi qatʼiy qonunchilikka ega hududlarda bu funksiya hozircha ishlamaydi. Tibbiy qaydlarni integratsiya qilish imkoniyati esa hozircha faqat AQSH foydalanuvchilari uchun amal qiladi.