Unda ishtirok etgan hamyurtlarimiz kutilganidek sovrinli oʻrinlarni egalladi. Turnirda mazkur sport turidagi Yevrosiyo ligasi tarkibiga kirgan 11 jamoa qatnashdi. Milliy olimpiya qoʻmitasi xabariga koʻra, qizgʻin kechgan bellashuvlarning jamoaviy dasturida terma jamoamiz mezbonlardan soʻng ikkinchi pogʻonaga koʻtarildi.
Qayd etish joizki, bahslarda Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziyev boshchiligida Bekzod Qurbonov, Nurjan Tuyakbayev, Umid Kamilov, Xurshidbek Alimjonov kabi chavandozlarimiz yurtimiz sharafini himoya qildi. Ahamiyatlisi, 125 santimetrni tashkil etgan toʻsiqlardan oʻtish bellashuvida Bahromjon Gaziyev mahorat koʻrsatib, “Lady” tulporida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Tabiiyki, ushbu natija terma jamoamizning boshqa vakillarini yanada ruhlantirdi. Shundan soʻng balandligi 145 santimetr boʻlgan bahsda Nurjan Tuyakbayev oltin medal sohibi boʻldi.
Musobaqaning eng asosiy yoʻnalishi – 150 santimetr balandlikdagi toʻsiqlardan tashkil topgan Gran-pri dasturida Bekzod Qurbonov gʻalabani tantana qildi.