XXI asr vabosi nomini olgan OIV infeksiyasining oldini olish va kasallanganlarning hayot sifatini yaxshilash, OITS tarqalishining oldini olish, unga chalingan bemorlarni tibbiy-ijtimoiy muhofazalash, sanitariya-gigiyena madaniyatini yuksaltirish, yoshlarni giyohvandlik va boshqa illatlar taʼsiridan asrash bugungi kunning dolzarb, kechiktirib boʻlmaydigan muammolaridan biriga aylangan.
Ana shu maqsadda, Respublika sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining boshligʻi, Respublika Bosh davlat sanitariya vrachi Bahodir Yusupaliyevning 18-yanvardagi topshirigʻiga binoan Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasiga “Chegara bilmas shifokorlar” Xalqaro tashkilotining tibbiyot yoʻnalishi boʻyicha yetakchi mutaxassisi Getaxun Veldu Lemma, advokatsiya yoʻnalishi boʻyicha Oʻzbekiston va Tojikiston Respublikasidagi menejeri Kerr Rebekka, mazkur loyiha boʻyicha, Toshkent sharhidagi vrach Dilorom Boboxodjayeva, bemorlar parvarishi boʻyicha menejer Kamchibek Erkinbayev, “Chegara bilmas shifokorlar” Xalqaro tashkilotining malakali tarjimoni Yekaterina Son, loyiha koordinatori Manigxadan Sivaramakrishnan, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining dastur boʻyicha xalqaro mutaxassisi Nazokat Kosimova, YUNAYDS menejeri Charos Maqsudova, MES kotibasi Dilnoza Avazova, Respublika OITSga qarshi kurashish markazi direktori oʻrinbosari Gulifar Normurotova, boʻlim mudiri Nurali Toshpoʻlatov, “Doʻstona xona” vrachi Erali Musurmonov, Toshkent shahar OITSga qarshi kurashish markazi bosh vrachi oʻrinbosari Shahodat Qobilovalar tashrif buyurishdi. Ular tashrifi davomida Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Rustam Yuldashev, boshqarma boshligʻining davolash ishlari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Akbarxon Mirzaxonov, Viloyat OITSga qarshi kurash markazi rahbari Valijon Shermatovlar bilan uchrashdi.
Shundan soʻng, ular Sirdaryo viloyatida OIV infeksiyasi bilan bogʻliq epidemiologik vaziyat, OIV infeksiyali bemorlarga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat turlari va sifatini baholash, amaliy-uslubiy yordam koʻrsatish, jumladan sil, jinsiy yoʻl bilan yuqadigan infeksiyalar va OIV infeksiyasining opportunistik kasalliklarini aniqlash va tashxis qoʻyishning zamonaviy usullari uchun tibbiy texnika vositalari yaʼni rentgen, GeneXpert va boshqa tibbiy jihozlar bilan taʼminlash darajasini oʻrganishdi.
Tashrif davomida mutaxassislar Sirdaryolik mutaxassislar hamrohligida Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi, viloyat OITSga qarshi kurashish markazi, Yangiyer shahar va Sirdaryo tumani tibbiyot birlashmalariga qarashli “Ishonch xonalari” va yuqumli kasalliklar xonalari (KIZ)da boʻlib, mutaxassislar bilan suhbat oʻtkazishdi.
Viloyat OITSga qarshi kurashish markazida boʻlib oʻtgan uchrashuvda esa OIV infeksiyasi hamda kasallik bilan bogʻliq ikkilamchi infeksiyalar boʻyicha markazda olib borilayotgan tashxisot, davolash va profilaktika ishlarini yaqindan oʻrganishdi. Shu bilan birga JSST mutaxassislari tomonidan tayyorlangan savolnoma (anketa)lar asosida yetakchi mutaxassislar bilan savol-javoblar oʻtkazishdi.
Shundan soʻng ular viloyatdagi “Istiqbolli avlod” va “Intilish” NNTlarida boʻlib, mutaxassislar va mijozlar bilan uchrashib, oʻz tavsiyalarini berishdi.
Bir soʻz bilan aytganda, mazkur uchrashuv ikki tomon uchun ham samarali boʻlib qolmay, OITSga chalinayotganlar sonini kamaytirish, uni oldini olish, kasallangan bemorlarga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat koʻlamini kengaytirish borasida tashlangan muhim qadamlardan biri boʻldi.
Gʻulom PRIMOV,
Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati