Forum avvalida mehmonlar shu yerda tashkil etilgan viloyatda ishlab chiqarilgan mahsulotlar koʻrgazmasi bilan tanishdilar. Koʻrgazmadan oʻrin olgan tekstil, oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi, charm-galantereya, qurilishi mahsulotlari, tibbiyot jihozlari Qirgʻiziston va Tojikiston vakillarida katta qiziqish uygʻotdi.
Biznes-forumni kirish soʻzi bilan ochgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, birinchi bor uch chegaradosh viloyat vakillari ishtirokida tashkil etilayotgan bunday yirik iqtisodiy anjuman anʼanaviy tus olishiga hamda kelgusida barcha sohalarda hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadigan nufuzli platformaga aylanishiga ishonch bildirdi.
Viloyat rahbari, Batken va Soʻgʻd viloyatlari bilan oʻzaro tovar aylanmasini oshirish maqsadida savdo yarmarkalari tashkil etish, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xoʻjaligi, tekstil, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalarda qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish, oʻzaro investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilayotganini maʼlum qildi.
Soʻgʻd viloyati raisi Rajabboy Ahmadzoda hamda Batken viloyati gubernatori Omurbek Suvanaliyev oʻz viloyatlari iqtisodiy salohiyati hamda oʻzaro hamkorlik istiqbollari haqida batafsil maʼlumot berdilar.
Forum doirasida oʻtkazilgan B2B hamda G2B uchrashuvlar natijasida qator yangi hamkorlik loyihalarining tamali qoʻyildi.
“Chegaraoldi hududlar integratsiyalashuvi – rivojlanish garovi” mavzusidagi xalqaro biznes-forum yakunida Xayrullo Bozorov va Rajabboy Ahmadzoda Fargʻona viloyati va Soʻgʻd viloyati oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan “Yoʻl xaritasi”ni imzoladilar.
Fargʻona va Soʻgʻd viloyatlari tuman va shaharlari ham toʻgʻridan toʻgʻri hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga kelishib olishdi. Beshariq tumani va Konibodom shahri, Buvayda tumani va Guliston shahri, Dangʻara va Bobojon Gʻofurov tumanlari, Oʻzbekiston tumani va Isfara shahri, Uchkoʻprik tumani va Boʻston shahri oʻrtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Shuningdek, Fargʻona tumani hamda Batken viloyatining Qadamjoy tumani oʻrtasida ham hamkorlik memorandumlari imzolandi.