Raqamli texnologiyalarning tez sur’atlar bilan rivojlanishi esa ta’lim jarayonining deyarli barcha bosqichlarini modernizatsiya qilishga xizmat qilmoqda. Xususan, chet tillarni o‘rgatish va o‘rganish jarayonida texnologiyalarning qo‘llanilishi an’anaviy yondashuvlarni tubdan o‘zgartirmoqda. Zamonaviy ta’limda texnologiya o‘quv jarayonini individuallashtirish, o‘quvchilarning o‘zlashtirish sur’atini oshirish, real kommunikativ vaziyatlarga yaqin muhit yaratish, o‘quv materiallaridan keng foydalanish kabilarni taqdim etish orqali samaradorlikni keskin oshirmoqda.

Texnologiyaning chet tillarini o‘qitishdagi eng muhim funksiyalaridan biri ta’lim resurslariga teng va keng imkoniyat yaratishidir. Aholi zich joylashmagan yoki ta’lim infratuzilmasi rivojlanmagan hududlarda malakali chet tili o‘qituvchilariga bo‘lgan ehtiyoj sezilarli darajada yuqori bo‘ladi. Raqamli ta’lim platformalari esa bu bo‘shliqni qisman to‘ldirib, o‘quvchilarga geografik manzilidan qat’iy nazar sifatli o‘quv materiallaridan erkin foydalanishlarini ta’minlaydi.

Onlayn darslar, virtual sinflar, mobil ilovalar va masofaviy o‘qitish modellarining joriy etilishi o‘quvchilarga ham mustaqil, ham o‘qituvchi bilan hamkorlikda o‘rganish imkonini yaratadi. Elektron lug‘atlar, avtomatik tarjima tizimlari, matnni ovozli o‘qish (text-to-speech) kabi vositalar til o‘rganuvchilarga mustaqil o‘rganish jarayonini osonlashtiradi. Bunday texnologik yondashuv nafaqat o‘quvchini manba bilan ta’minlaydi, balki uning o‘z-o‘zini rivojlantirish motivatsiyasini ham kuchaytiradi.

Raqamli vositalar o‘quvchilarning dars jarayonidagi faolligini sezilarli darajada oshiradi. Multimedia darsliklari, interaktiv mashqlar, audio-video materiallar, animatsiyalar va virtual tajribalar o‘quv jarayonining qiziqarli bo‘lishini ta’minlaydi. Ko‘p modallik (multimodal) ta’lim yondashuvi turli o‘quv uslublariga ega bo‘lgan talabalar uchun ma’lumotni osonroq qabul qilish imkonini yaratadi.

Ma’lumki, til o‘rganish jarayonida o‘yin faoliyati eng zavqli, samarador usullardan biri bo‘lib kelgan.  E’tiborli jihat shundaki, bugungi kunga kelib ularning elektron turlari rivojlanib, takomillashib bormoqda. Masalan, Duolingo, Busuu, Memrise, HelloTalk kabi platformalar reytinglar, ballar, darajalar, rag‘batlantiruvchi belgilardan foydalanib, o‘quvchini muntazam mashq qilishga undaydi. Bu usul o‘quv jarayonining monotoniya(bir xillik) holatiga tushib qolishining oldini oladi va til o‘rganuvchilarda barqaror motivatsiya hosil qiladi. Til o‘rganish jarayonida eng asosiy vazifa - o‘rganilayotgan tilni real muloqotda qo‘llashdir. Texnologiya bu borada keng imkoniyatlar yaratadi. Masalan, video konferensiya vositalari (Zoom, Google Meet, Skype va boshqalar), ijtimoiy tarmoqlar, xalqaro til almashinuvi platformalari o‘quvchilarga ona tilida so‘zlashuvchilar bilan suhbatlashish imkonini beradi. Nutqni avtomatik tahlil qiluvchi dasturlar esa talaffuzni mustaqil takomillashtirishni ham osonlashtiradi. Bunday texnologiyalar xatolarni aniqlab, real vaqt rejimida fikr-mulohaza (feedback) taqdim etadi. Bu esa og‘zaki nutqning ravonligi va aniq talaffuzni shakllantirishda samarador vosita sifatida xizmat qiladi.

Ushbu o‘rinda hozirgi kunda eng keng tarqalgan sun’iy intellect xususida to‘xtalib o‘tsak.  Hammamizga ma’lumki, sun’iy intellekt jamiyatning hamma sohalari qatorida chet tili o‘rganish/o‘rgatish tizimiga ham yangi ilmiy-pedagogik imkoniyatlar olib kirdi. AI asosidagi o‘quv platformalari o‘quvchilarning bilim darajasini avtomatik baholab, individual qiyinchiliklarini aniqlaydi va shunga mos topshiriqlarni taqdim etadi. Bu yondashuv differensial ta’lim modelining samaradorligini oshiradi. AI-chatbotlar til o‘rganuvchilarga real muloqotga yaqinlashtirilgan virtual suhbat muhitini yaratadi. Chatbotlar interaktiv, xavfsiz va xatolarni to‘g’rilovchi kommunikativ maydon yaratadi, bu esa o‘quvchining psixologik to‘siqlarini kamaytiradi.

Shuningdek, texnologiya nafaqat o‘quvchilar, balki o‘qituvchilar uchun ham metodik yordam ko‘rsatadi. Zamonaviy ta’lim jarayonini boshqarish, tashkillashtirish va nazorat qilish uchun mo‘ljallangan raqamli platforma hisoblangan LMS (Learning Management System) tizimlari (Moodle, Google Classroom, Edmodo, Canvas) o‘qituvchilarga dars jarayonini rejalashtirish, nazorat qilish, elektron baholash va o‘quv jarayonini tahlil qilish imkonini beradi. Multimedia, virtual laboratoriyalar va interaktiv taqdimotlar o‘qituvchining pedagogik kreativligini kuchaytiradi.

Biz bilamizki, til o‘rganish jarayonida madaniy kompetensiya muhim o‘rin tutadi. Texnologiya bu borada ham keng imkoniyatlar yaratadi. O‘quvchilar xorijiy tildagi video-filmlar, xalqaro telekanallar, virtual muzeylar, musiqiy kontentlar orqali o‘rganilayotgan tilning madaniy kontekstini chuqur his qiladilar. Ijtimoiy tarmoqlar esa real hayotdagi madaniy muloqot namunalarini kuzatish imkoniyatini beradi.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, texnologiya chet tillarni o‘rgatish va o‘rganish jarayonini zamonaviy pedagogik talablar asosida tubdan yangilaydi. U o‘quvchilarga cheksiz o‘quv manbalari, mustaqil o‘rganish imkoniyati, real kommunikativ tajriba, shaxsiylashtirilgan yondashuv va yuqori motivatsiya taqdim etadi. O‘qituvchilar uchun esa metodik innovatsiya, samarali boshqaruv va o‘quv jarayonini tahlil qilish imkoniyatlarini yaratadi. Chet tili ta’limida texnologiyaning qo‘llanilishi global raqobatbardosh, kommunikativ kompetensiyaga ega bo‘lgani uchun, zamonaviy fikrlovchi avlodni voyaga yetkazishda beqiyos ahamiyat kasb etadi. Shunday ekan, texnologiyani ta’lim jarayoniga tadbiq qilish xorijiy til o‘rgatish/o‘rganish tizimini rivojlanishi uchun muhim strategik omillardan biri bo‘lib qoladi.

Mamadayupova Vasila, 
TDYU v.b. dotsenti