9 - sentyabr kuni Adiblar xiyobonida “Xalq yuragi” turkumidagi hujjatli fil`mlar ijodkorlarini tantanali taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi.

2020 - yil 20 - may kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan Adiblar xiyobonining ochilish marosimida Kinematografiya agentligiga majmuada haykallari o'rnatilgan atoqli yozuvchi va shoirlar haqida hujjatli fil`mlar yaratish vazifasi yuklatilgan edi.

Bu yo'nalishda olib borilgan dastlabki ijod namunasi sifatida 2020 yilda o'zbek shoir va yozuvchilarga bag'ishlangan “Xalq yuragi” hujjatli fil`mi yaratildi. Kinematografiya agentligi tomonidan har bir yodgorlikka biriktirilgan oliy o'quv yurtlari bilan hamkorlikda 24 ta “Xalq yuragi” nomli turkum hujjatli fil`mlar yaratildi. Mazkur kartinalar orasidan hakamlar hay'ati rejissyor Xusan Rashidovning “Cho'lpon. Qush esdaligi” kinolentasi eng munosib deb topdi.

Bugun “Xalq yuragi” loyihasida filmlarni suratga olgan rejissyorlar tantanali ravishda qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlandi. Taniqli kinoijodkorlar, yozuvchilar, san'at va madaniyat arboblaridan iborat nufuzli hakamlar hay'ati tomonidan aniqlangan g'olib bosh sovrin – Chevrolet Cobalt avtomobili sohibiga aylandi.

“Cho'lpon. Qush esdaligi” filmi orqali men mana shu mukofotga sazovor bo'ldim. Albatta, muvaffaqiyatga umid qilgan edik, chunki salkam 300 kishilik jamoa bilan fil`m ustida astoydil ish olib bordik. Yosh kinoijodkorlarga, xususan, hujjatli film ijodkorlariga berilayotgan imkoniyatlar, bunday ulkan rag'batlar uchun muhtaram Prezidentimizdan behad minnatdorman. Men umumiy g'alabamizda ishtirok etgan barchaga - jamoamga, ota-onamga, ustozlarimga rahmat aytmoqchi edim. O'zbek kinosi tarixida bunday motivatsiya va rag'batlantirish birinchi marta deb hisoblayman”, — deydi tanlov g'olibi, fil`m postanovkachi rejissyori Xusan Rashidov.

Poytaxtdagi oliy o'quv yurtlari rahbarlariga “Xalq yuragi” turkumidagi barcha fil`mlar aks etgan flesh-disklar va al`bomlar topshirilgan bo'lsa, rejissyorlar zamonaviy planshetlar bilan taqdirlandi.

“Yangi O'zbekistonda hujjatli film yo'nalishi yuksalib bormoqda. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va mamlakat hukumati tomonidan mazkur sohaning qo'llab-quvvatlanayotganidan behad mamnunmiz. O'zbekiston kinematografiyasi tarixida ilk bor hujjatli fil`m ijodkorlari orasida yirik tanlov o'tkazildi. Biz pandemiya davrida 24 ta fil`m yaratish ustida fidokorona mehnat qilgan hujjatli kino ijodkorlarni munosib rag'batlantirishga harakat qildik. Bosh sovrin – Chevrolet Cobalt avtomobili yosh kinoijodkorlar uchun kuchli motivatsiya bo'la oladi”, — dedi O'zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduholiqov.

– “Yangi O'zbekistonda kinematografiya sohasiga, yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish, buyuk ajdodlar xotirasini yod etish kabi bir qator dolzarb masalalarga e'tibor qaratilmoqda. Biz bugun tanlov g'olibini tabriklab, unga ijodiy muvaffaqiyatlar tilab, uning yutuqlaridan faxr tuyg'usini his etdik. Qimmatbaho sovg'a taqdim etayotganimiz sababli, turli e'tirozlar vujudga kelishining oldini olish uchun hakamlar hay'ati a'zolarining ovoz berish natijalari aks etgan yig'ilish bayonnomasi va muhrlangan konvertlar tanlovning shaffofligini va adolatliligini ta'minlash maqsadida maxsus xonada ochilib, kameralar qarshisida xolis guvohlar ishtirokida o'qib eshittirildi”, — dedi “Hujjatli va xronikal fil`mlar kinostudiyasi” DUK direktori Furqat Usmonov.