Bundan tashqari, rejissorlar Muzaffarxon Erkinov ("Abdulla Oripov", badiiy film) va Shuhrat Mahmudov ("Mening doiram", hujjatli film) "Korkut ota" kinofestivalining "Eng yaxshi ssenariy" hamda "Eng yaxshi hujjatli film" nominatsiyalari boʻyicha taqdirlandi.
Har yili Turkiyada oʻtkazilib kelinayotgan kinofestival bu yil Ozarbayjonda tashkil etildi. Festival tashkilotchilarining maʼlumotlariga koʻra, "Korkut ota" kinofestivali endilikda turkiy davlatlarning har birida oʻtkaziladi.
“Korkut ota” aslida Xalqaro turkiy tilli mamlakatlar kinofestivali boʻlib, bu turk dunyosi mamlakatlari tarixidagi birinchi kinofestival boʻlganligi bilan ahamiyatli. U IX-X asrlarda Sirdaryo sohilidagi dashtlarda yashab oʻtgan oʻgʻuz turklarining mashhur shoiri, baxshisi Qoʻrqut ota (Dede Korkut) sharafiga nomlangan. Qoʻrqut ota qadim musiqiy asbob — qoʻbizning ixtirochisi ham sanaladi.