Joriy yilning 10-yanvar kuni Chilonzor tumanida joylashgan “Chilonzor buyum savdo kompleksi” AJ hududidagi 3-4 ayvonlar yon tomoni va 5-6 ayvonlar orqa tomonida yoʻlaklarda oʻrnatilgan soyabonlar (naves) qor qalin yogʻganligi sababli, ogʻirlikni koʻtara olmay qulab tushgan.
Shu hududdagi fuqarolar va tadbirkorlar ularning xavfsizligini taʼminlash maqsadida evakuatsiya qilindi. Ushbu savdo doʻkonlari bozor maʼmuriyati bilan hamkorlikda vaqtinchalik yopildi. Hodisa natijasida tan jarohati olganlar yoʻq.
Poytaxt IIB fuqarolardan qor qalin yogʻgani sababli mustahkam boʻlmagan toʻsinlar, soyabonlar va boshqa moslamalar ostida yurmaslikni soʻragan.