Bu bozor iqtisodiyoti talablari, qolaversa, kommunal toʻlovlar toʻla raqamlashtirilgani mahsuli. Bunday zamonaviy toʻlov tizimlari hammamiz uchun qulay. Shu bilan birga, xizmatga yarasha toʻlov madaniyatini ham shakllantiradi.

Bu borada yangi va zamonaviy mexanizmlar ommalashtirilayotgani boisi shunda. Masalan, kuni kecha bir tanishim elektr energiyasidan uzilib qolgani, ammo har qancha urinmasin toʻlov qila olmagani, sababi, bunga cheklov oʻrnatilganini aytib qoldi. Keyin bilsa, chiqindi toʻlovlaridan qarzdorligi borligi bois, elektr toʻlovi cheklangan. Sal oldinroq bu haqida ogohlantiruv xabarini olganini ham esladi.

Hozir mamlakatimizda chiqindidan qarzi bor abonentlarning elektr energiyasi uchun toʻlovlariga cheklov qoʻyilayotganidan koʻpchilik xabardor. Dastlab bu tartib 2025-yilning 5-noyabridan Toshkent shahrida amaliyotga kiritilgan edi. Maʼlumotlarga koʻra, jarayonning birinchi haftasidayoq qariyb 25,1 ming kishiga 2,24 milliard soʻmlik qarzdorlik toʻgʻrisida SMS xabarnoma yuborilgan. Shundan 6 ming abonentga 5 kunlik muddat tugaganidan soʻng elektr energiyasi toʻlovlariga cheklov oʻrnatilgan. Oʻtgan yilning dekabr oyidan esa yangi tizim butun Oʻzbekiston boʻylab ishlay boshladi.

U qarzdorliklarni avtomatik tarzda qayd etadi va bu maʼlumotlar har oyning 3-sanasiga qadar Chiqindilarni boshqarish agentligining “Toza makon” billing elektron tizimida shakllantiriladi. Soʻng qarzdor abonentlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning billing tizimiga uzatiladi. Aholining chiqindidan qarzdorligi mavjud boʻlganda, koʻpchilik tushunayotganidek, elektr tokidan uzilmaydi, balki unga toʻlov qilishga cheklov oʻrnatiladi. Biroq cheklov oʻrnatishdan oldin qarzdorlar tegishli tartibda ogohlantiriladi. Qayd etilgan roʻyxat asosida abonentlarga har oyning 5-sanasigacha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning 2100 qisqa raqami orqali qarzdorligi boʻyicha SMS xabarnoma yuboriladi. Shundan soʻng abonentga qarzdorlikni bartaraf etish uchun 5 kun qoʻshimcha muddat beriladi.

Ayni tartib asosida qarzdor aholiga har oy boshida xabarnomalar yuborilib, belgilangan muddatda toʻlovni qilmagan xonadonlarga elektr toki toʻlovlari uchun cheklov oʻrnatilmoqda. Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi kuni kecha fevral oyi boʻyicha maʼlumotlarni eʼlon qildi. Unda koʻrsatilishicha, joriy yilning fevral oyi boshida yangi tizim orqali yurtimiz boʻylab 200 mingga yaqin abonentning elektr toʻloviga vaqtincha cheklov oʻrnatilgan.

— Shu yilning 5-fevral kuni respub­lika boʻyicha chiqindi xizmatidan umumiy 108,9 milliard soʻm debitor qarzdorlik uchun jami 1 million 174 ming 686 abonent “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning 2100 qisqa raqamidan yuborilgan SMS xabarnoma orqali ogohlantirildi, — deydi Ekologiya vazirligi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi bosh mutaxassisi Umidjon Kamolov. — Shundan soʻng ­abonentlarga ­mavjud qarzdorligini bartaraf etish uchun 5 kun muddat berildi. Bu davrda 12,7 milliard soʻmlik toʻlovlar amalga oshirildi. Yurtimiz boʻylab qoplanmay qolgan umumiy 15,8 milliard soʻm maishiy chiqindi xizmati qarzdorligi uchun esa jami 198 ming 858 abonentning elektr energiyasi toʻloviga cheklov oʻrnatildi. Mazkur cheklovlar qarzdorlik bartaraf etilishi bilan darhol yechiladi.

 

Qarzdorliklar asossizmi?!

 

Bu yerda maqsad odamlarning elektr tokidan foydalanishida cheklovlarni oshirish emas, balki chiqindi toʻlovlarining oʻz vaqtida toʻlanishini taʼminlashga qaratilgan. Bu nafaqat iqtisodiy, balki ekologik masala hamdir. Chunki ekologik xavfsizlik, avvalo, atrofimizni toza saqlashdan boshlanadi, chiqindilar esa koʻchalarni ifloslantiruvchi asosiy vositalardir. Bu haqida gap ketganida, bevosita hududlarni chiqindilardan tozalash muammosi oʻrtaga chiqadi. Qolaversa, ularning tobora ortib borayotgani va chiqindilarni qayta ishlash muhim masalalardan biriga aylangani sir emas. Bu jarayonlar eng zamonaviy texnologiya­lar hamda katta mablagʻ talab etadi. Chiqindi uchun toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirish orqali bunga oʻz hissamizni qoʻshib boramiz.

Qolaversa, hozir toʻlov qilish uchun kunlab ovora boʻlish, tegishli manzilni izlab sarson yurishga hojat yoʻq. Hamma narsa raqamlashib borayotgan, elektron toʻlovlar ommalashgan davrda yashayapmiz. Mobil ilovalar orqali buni osongina bajarish mumkin.

Bir misol, 2026-yilning 1-yanvaridan bosh­lab mamlakatimizda chiqindi xizmatlari uchun toʻlovlarni uyma-uy yurib undirish amaliyoti butkul toʻxtatildi. Endilikda chiqindi xizmatlari uchun toʻlovlar jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan faqat onlayn tarzda barcha elektron toʻlov tizim­lari orqali amalga oshiriladi. Toʻlovlar esa Sanitar tozalash korxonalari tomonidan hisoblanadi. Bunda ular aniqlik va haqqoniylik uchun javobgar boʻlib, faqatgina koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovni hisob­lashi nazarda tutilgan.

— Yangi toʻlov tizimining afzalligi ham shunda, koʻrsatilgan xizmatga tarif asosida narx belgilanadi, — dey­di Umidjon ­Kamolov. — Avvallari maxsus mashinalar mahallalardagi chiqindilarni olib chiqib ketsa ham yoki xizmat koʻrsatilmasa ham aholi jon boshiga toʻlov hisoblanavergan. Shuning uchun koʻp odamlar koʻrsatilmagan xizmat uchun toʻlov qilishdan norozi boʻlardi. Endi bu tartib oʻzgarib, toʻlov faqat xizmat koʻrsatish ­soniga qarab amalga oshirilmoqda. Buning uchun chiqindi tashish texnikasiga GPS kuzatuv tizimi oʻrnatilgan va “Toza makon” dasturi orqali doimiy nazorat qilib boriladi. Hozirgi kunda yurtimizda maishiy chiqindilar bilan xizmati sohasida 50 ta sanitar tozalash korxonasi faoliyat yuritib kelmoqda. Ularning tasarrufida chiqindi tashuvchi 3510 ga yaqin mashina bor. Mazkur texnika vositalarining onlayn kuzatuv tizimiga ulanganlik darajasi 87 foizni tashkil qiladi. GPS qurilmasi mashinaning harakati, tezligi, vaqti, toʻxtalishlar soni kabi maʼlumotlarni onlayn kuzatib turish imkonini beradi. Zamonaviy mexanizmning ushbu afzalliklari sanitar tozalash xizmati sifatini, mashinalar qatnovlari sonini oshirishga xizmat qilmoqda.

Yangi tizim yoʻlga qoʻyilib, odamlarning chiqindi toʻlovlari boʻyicha majburiyati oshirilgach, aholining oʻz koʻchasi, mahallasidagi sanitar tozalikka talabchanligi ham ortib bormoqda. Bu talabchanlik, bir tomondan, ekologik madaniyat oshayotgani, boshqa tomondan, qarzdorlik sabab elektr toʻloviga qoʻyilayotgan cheklovlar bilan bogʻliq.

Gap kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, odamlarning eʼtiborini tortgan ayni mavzudagi xabar haqida bormoqda. Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi chiqindidan qarzdorlik tufayli elektr energiyasiga qoʻyilayotgan cheklovlar yuzasidan aholi tomonidan bildirilayotgan eʼtirozlar oshib borayotganini maʼlum qildi. Aytilishicha, qoʻmita va uning hududiy organlariga 2025-yil davomida qattiq maishiy chiqindilarni tashish xizmatlari ­boʻyicha 1141 ta murojaat kelib tushgan boʻlsa, 2026-yilning dastlabki oylarida ushbu masala yuzasidan 850 dan ortiq murojaat qayd etilib, raqamlar sezilarli darajada yuqori ekani kuzatilgan.

Murojaatlarda, asosan, chiqindilarning oʻz vaqtida olib ketilmasligi, xizmatlar sifati pastligi, shartnoma shartlariga amal qilinmasligi, shuningdek, xizmat koʻrsatuvchi korxonalar tomonidan asossiz qarzdorlik hisoblanishi hamda buning oqibatida fuqarolarning elektr energiyasi toʻlovlariga cheklovlar qoʻyilgani yuzasidan eʼtirozlar bildirilgan. Oʻrganishlar davomida ayrim hududlarda chiqindilarni olib chiqib ketishning belgilangan minimal davriyligiga amal qilinmayotgani hamda fuqarolarga asossiz qarzdorliklar hisoblanayotgani aniqlangan. Shu bois, qoʻmita tomonidan asossiz qarzdorlik holatlari yuzasidan elektr taʼminotiga kiritilgan vaqtinchalik cheklovlarni qayta koʻrib chiqish boʻyicha Chiqindilarni boshqarish agentligiga soʻrov yuborilgani aytildi.

Bu holat qarzdorliklarni qayta koʻrib chiqishga asos boʻlishi mumkin, ammo koʻpchilik kutayotganidek, yangi tizim bekor qilinmaydi. Chunki bu tizim amaliyotga kiritilib, ishlay boshlaganidan beri chiqindi toʻlovlari boʻyicha qarzdorliklar sezilarli kamaygan. Qolaversa, bu odamlarning toʻlov madaniyatini oshirish, chiqindilar va atrof-muhitga boʻlgan munosabatini oʻzgartirishga xizmat qilyapti.

Mutasaddilarning taʼkidlashicha, yangi tizimda barcha jarayonlar shaffof koʻrsatiladi. Har bir yurtdoshimiz oʻz mahallasidagi chiqindi tashish mashinalarining xizmat koʻrsatish soni, tartibi va shu yoʻnalishdagi boshqa barcha maʼlumotlarni “Toza makon” yagona elektron billing tizimi orqali kuzatish imkoniga ega. Onlayn platformadan barcha abonentlar foydalanishi mumkin. Zamonaviy billing tizimi bir qancha davlat idoralari bilan identifikatsiya qilingan boʻlib, fuqarolar “ONE ID” tizimi va shaxsiy hisob raqami orqali maxsus ilovaga kirib, billing tizimidan oʻziga tegishli maʼlumotlarni koʻra oladi.

 

Nega aynan elektr energiyasi?!

 

Aslida, xizmatga yarasha toʻlov tamoyilining mohiyati shunday, unda isteʼmolchi ham, xizmat koʻrsatuvchi ham birdek ­majburiyatlarga ega va har ikki tomon buni talab qilishga haqli. Erkin bozor iqtisodiyotidagi adolat va shaffoflik shu tarzda shakllanadi. Toʻgʻri, kamchiliklar yoʻq emas, ammo umumiy olib qaraganda, yangi tizim avvalgisidan koʻra qator afzalliklarga ega ekani koʻzga tashlanmoqda. Chiqindi tashish xizmatlarining raqamlashtirilishi, toʻlov tizimlarining onlayn shaklga oʻtkazilib, uyma-uy yurishdek eskicha amaliyotdan voz kechilgani, koʻrsatilgan xizmat uchun toʻlov hisoblash kabilar, avvalo, odamlarning oʻzi uchun qulay va inson manfaatlariga xizmat qiladi.

Bu tushunarli. Ammo chiqindi toʻlovlari nega aynan elektr energiyasi bilan bogʻlanayotgani aholini koʻproq oʻylantirib, haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda. Asosiy noqulayliklar ham aynan elektr toʻlovlariga qoʻyilayotgan cheklovlar sabab yuzaga kelayotgani sir emas.

— Mazkur tajriba yurtimiz amaliyotida yangilik boʻlgani bois, aholi orasida tushunmovchilik va noroziliklarni keltirib chiqarayotgani rost, — deydi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi bosh mutaxassisi Umidjon Kamolov. — Buni jazolovchi chora sifatida baholab, maqsad faqat chiqindi toʻlovlaridan qarzdorliklarni bartaraf etishga qaratilgan deb baholayotganlar ham bor. Ammo asosiy maqsad zamonaviy toʻlov tizimlarini joriy etish va xizmatlar sifatini oshirib borishdan iborat. Bunday tizim koʻplab davlatlarda ommalashgan va kommunal toʻlovlarning zamonaviy hamda taʼsirchan shakllaridan biri sanaladi. Yurtimizda yangi tizim joriy etilishidan oldin xorij tajribasi oʻrganildi. Masalan, koʻp mamlakatlarda chiqindi xizmatlarida aniq oʻlchov birligining yoʻqligi sabab toʻlovlar fuqaro soniga nisbatan hisoblanadi va abonentlar sifatida yuritiladi. Ayrim davlatlarda esa chiqindi toʻlovlari yer soligʻiga, ayrimlarida suv yoki tabiiy gaz toʻlovlariga ulangan. Oʻrganishlardan soʻng Oʻzbekiston uchun eng maqbul yechim sifatida elektr energiyasiga integratsiya qilish tartibi tanlandi. Boisi, yurtimizning

96 foizdan ortiq hududi elektr energiyasi bilan qoplangan boʻlib, bu boshqa kommunal xizmatlar orasida eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi.

* * *

Xalqaro amaliyotda yana bir tartib bor. Odamlar ekologik qoidabuzarliklar uchun yaxshigina jarima toʻlaydi. Duch kelgan joyga chiqindi tashlash faqatgina ekologik mada­niyatsizlik emas, balki jiddiy qoida­buzarlik hamdir.

Ayni paytda yurtimizning barcha hududida jami 350 ta onlayn kuzatuv kamerasi oʻrnatilgan boʻlib, ular turli ekologik qoidabuzarlik­larni aniqlaydi, belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash shular jumlasidan. Bunday tartibsizlik uchun esa tegishli choralar ham qoʻllanilmoqda.

Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan yil davomida onlayn kuzatuv kameralari orqali yurtimiz boʻylab

10 ming 199 ta qoidabuzarlik aniqlangan. Shundan 2421 tasi boʻyicha maʼmuriy javobgarlik qoʻllanilib, jarima undirilgan. Qolgan 7778 ta qoidabuzarlik boʻyicha ham qonunchilikda belgilangan tartibda choralar koʻrilyapti.

 

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri