Raqobatni rivojlantirish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish qo'mitasi hamda uning hududiy organlariga 2025 yil davomida qattiq maishiy chiqindilarni tashish xizmatlari bo'yicha 1141 ta murojaatlar kelib tushgan bo'lsa, 2026 yilning dastlabki oylarida, ushbu masala yuzasidan 850 dan ortiq murojaat qayd etilib, sezilarli darajada murojaatlar soni ortganligi kuzatilgan.
Murojaatlarda asosan chiqindilarni o'z vaqtida olib ketilmasligi, xizmatlar sifati pastligi, shartnoma shartlariga amal qilinmasligi, shuningdek, xizmat ko'rsatuvchi korxonalar tomonidan asossiz qarzdorlik hisoblanishi hamda buning oqibatida fuqarolarning elektr energiyasi to'lovlariga cheklovlar qo'yilgani yuzasidan haqli e'tirozlar bildirilgan.
O'rganishlar davomida ayrim hududlarda chiqindilarni olib chiqib ketishning belgilangan minimal davriyligiga amal qilinmayotgani hamda fuqarolarga asossiz qarzdorliklar hisoblanayotgani aniqlangan.
Qo'mita axborotiga ko'ra, murojaatlarning asosiy qismi Namangan, Qashqadaryo, Jizzax, Toshkent va Farg'ona viloyatlariga to'g'ri kelmoqda.
Amaldagi qonunchilikka binoan, qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari belgilangan muddat va davriylikda amalga oshirilishi shart. Shuningdek, xizmat ko'rsatilmagan yoki sifatsiz ko'rsatilgan hollarda iste'molchi tegishli davr uchun to'lovdan ozod etilishi belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 16 oktyabrdagi 648-son qaroriga muvofiq, chiqindilarni boshqarish sohasida qarzdorlik hisobini yuritish va tahlil qilish hamda uni bartaraf etish choralarini ko'rish tegishli agentlik vazifalaridan hisoblanadi.
Shularni inobatga olib, asossiz qarzdorlik holatlari yuzasidan elektr ta'minotiga kiritilgan vaqtinchalik cheklovlarni qayta ko'rib chiqish yuzasidan Chiqindilarni boshqarish agentligiga so'rov yuborilgan.