Chirchiq shahridagi “Kimyogar” sport majmuasida dzyudo boʻyicha Markaziy Osiyo davlatlarining oʻsmir yoshlari oʻrtasida xalqaro turnir oʻtkazildi.
“Samuray” sport klubi sovrini uchun tashkil etilgan musobaqada 2007-2008-yillarda tavallud topgan oʻsmirlar 11 ta vazn toifasida bellashdi.
Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va mamlakatimizning 350 nafardan ziyod sportchilari ishtirok etgan mazkur musobaqa ikkinchi bor tashkil etildi.
Murosasiz bahslar natijasiga koʻra, 4 ta vaznda isteʼdodli yosh dzyudochilarimiz M. Ahrorov, I. Bahodirov, I. Teomanov va D. Turdiyorov 1-oʻrinlarni egalladi.
Shuningdek, 1 ta vaznda qirgʻizistonlik sportchi, 6 ta vazn toifasida esa qoʻshni qozogʻistonlik dzyudochilar gʻoliblik shohsupasiga koʻtarildi.