Chirchiqda temir mahsulotlari ham ishlab chiqariladi

    Sanoat 27 Iyun 2020 2918

    Endilikda Chirchiq shahrida metall chiqindilar qayta ishlanib, armatura ugolok, shveller va temir mahsulotlarini tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi. “BAO XIN METALL” MCHJ qoʻshma korxonasining ushbu yoʻnalishdagi loyihasi amaliyotga tatbiq etilmoqda. Loyiha tashabbuskori 2020-2021-yillarda umumiy qiymati 20 million AQSH dollari qiymatidagi korxonani bunyod etishni rejalashtirgan. Mablagʻning 12 million dollari Xitoy Xalq Respublikasidagi “LIN GUOSHUN” kompaniyasi tomonidan ajratilishi koʻzda tutilgan.

    Korxona foydalanishga topshirilgach, uning ishlab chiqarish quvvati 60 ming tonna (360 milliard soʻm)ga teng boʻlib, metall mahsulotlarining 30 foizidan ortigʻi Qozogʻiston, Tojikiston va boshqa davlatlarga eksport qilinadi. Shuningdek, 180 dan ziyod ishchi oʻrni yaratiladi. Hozirgacha korxona ustav fondiga Xitoy Xalq Respublikasidan 248 ming dollar miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya mablagʻlari jalb etildi.

    Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda korxonani qurish ishlari boshlangan. Hozirgacha xorijiy hamkor davlatdan 4 ta uskunalar olib kelindi. Yaqin kunlarda yana boshqa jihozlarni keltirish ham koʻzda tutilyapti.