Navoiy shahridan qariyb 50 kilometr uzoqlikda, janubi-g‘arbiy tomonidagi cho‘l hududida 300 gektar yer maydon egallagan Amirliklarning yo‘rg‘a tuvaloqni asrash markazi (AYTAM) joylashgan.
Markaz Birlashgan Arab Amirliklari vitse-prezidenti, Dubay amirligining hokimi shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum tashabbusi bilan 2008 yilning aprel oyida tashkil etilgan.
AYTAMning asosiy faoliyati O‘zbekistonda Osiyo yo‘rg‘a tuvalog‘ining barqaror populyatsiyasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ko‘paytirish va asrash ishlari hamda har yili ushbu turni yovvoyi tabiiy muhitga qo‘yib yuborish kampaniyalari kabi tadbirlar majmuasidan iborat.
Markaz mutaxassislari ma’lumotiga ko‘ra, 2007 yilda markazning asosiy faoliyati boshlanguniga qadar birlamchi galani yaratish uchun zarur bo‘lgan yovvoyi tuxumlarning dastlabki kolleksiyasi jamlangan. Ushbu kolleksiyani yig‘ish ishlari O‘zbekiston hukumatining ruxsati bilan 2012 yilgacha amalga oshirilgan. Shu bilan birga, yovvoyi tabiatga chiqarib yuboriladigan qo‘shimcha qushlarni ko‘paytira oladigan yo‘rg‘a tuvaloq qushlarining nasldor galasini yaratish maqsadida markazda 2008 yildan boshlab qat’iy genetik nazorat ostida yo‘rg‘a tuvaloq qushini tutqunlikda ko‘paytirish ishlari ham yo‘lga qo‘yilgan.
Yo‘qolib borayotgan va noyob qushlar turiga kiradigan ushbu "cho‘l go‘zali" parvarishi uchun mutaxassislar jalb etilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, qushlarning har biri o‘rtacha 1 kg 300 grgacha vaznga ega bo‘ladi. Markazdagi volerlarning har birida yovvoyi tabiatdagidek muhit yaratilgan. Ularning parvarishi uchun mas’ul bo‘lgan xodimlar sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilishadi va maxsus kiyimda bo‘lishlari talab etiladi.
Yilida ikki marotaba bahor fasli va kuz mavsumida yo‘rg‘a tuvaloq yovvoyi tabiatga qo‘yib yuboriladi. Noyob qushlar 2000 km olisgacha uchishi mumkin. Nisbatan issiq iqlimga moslashgan yo‘rg‘a tuvaloq qishlash uchun Eron, Pokiston, Arabiston yarimoliga uchib ketadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ular qancha olisga ketmasin, erta bahorda yana o‘zi uchirilgan manzilga qaytadi.
Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov Navoiy viloyatiga xizmat safari davomida markazda bo‘lib, uning faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, vazir tumanidagi cho‘l hududida yo‘rg‘a tuvaloq qushlarini uchirish jarayonida ham ishtirok etdi. Shu kuni 100 ta yo‘rg‘a tuvaloq tabiat bag‘riga uchirib yuborildi. Tomdi, Konimex va Uchquduq tumanlarining cho‘l hududida mart oyi davomida yana 1500 dan ziyod markazda yetishtirilgan yo‘rg‘a tuvaloqlar yovvoyi tabiatga qo‘yib yuborildi.
Qayd etish kerak, yo‘rg‘a tuvaloq yashaydigan ekotizimdagi barcha yovvoyi hayvonlarga foyda keltiradigan muhofaza zonalari va qo‘riqxonalar tashkil etildi. Qushlarning yashash joyi, tabiiy ozuqa zahiralari, ko‘chib o‘tish yo‘llarini kuzatish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ushbu noyob jonivorni nafaqat ko‘paytirish, balki muhofaza qilishga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.
Yo‘rg‘a tuvaloq aksariyat vaqtini yerda ozuqa izlash bilan o‘tkazadi. U quruq muhitga moslashgan, butali va ochiq maydonlarga ega cho‘l hamda yarimcho‘l hududlarda yashashni afzal ko‘radi. Ushbu qush har narsani yeyaveradigan turga mansub bo‘lib, o‘simliklar va ularning urug‘lari, mayda kaltakesak, hasharotlar va boshqa umurtqasizlar bilan oziqlanadi.
Ko‘payish mavsumida nar yo‘rg‘a tuvaloq o‘ziga tegishli va har yil foydalanadigan hududda nihoyatda go‘zal nikoh raqsini ijro etadi, maqsad – murakkab raqs orqali qo‘shnilari bilan raqobat qilish va moda qushlarni jalb qilish. Moda qushlarning aksariyati ikki yoki uch yoshida jinsiy balog‘atga yetadi. Ular nar qushlar raqsga tushayotgan hududlarga faqat juftlashish uchun kelishadi, so‘ngra boshqa hududlarga ketib, tuxumni o‘sha yerda qo‘yadilar.
Yo‘rg‘a tuvaloq o‘z arealida yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan tur hisoblanib, tabiatni muhofaza qilish ittifoqi tomonidan «zaif» deb tasniflangan, yo‘qolib borayotgan turlar bo‘yicha «Xalqaro savdo to‘g‘risida»gi, «Ko‘chib yashovchi yovvoyi hayvonlarni asrash bo‘yicha Konvensiya»larga kiritilgan.
Markazning asosiy vazifasi O‘zbekistondagi yo‘rg‘a tuvaloq qushining mustaqil populyatsiyalarini tiklash va himoya qilishga qaratilgan kompleks strategiyani amalga oshirishdan iborat. Mazkur istiqbolli maqsadga erishish uchun AYTAM doimiy ravishda turli sohalarda, jumladan, ekologiya, fiziologiya, oziqlantirish va tibbiy veterinariyada yangi yondashuvlarni ishlab chiqmoqda. Mutaxassislarning keng qamrovli bilimlari hamda fundamental va amaliy tadqiqotlar bu yondashuvlarning asosi hisoblanadi.
Markaz turni tutqunlikda ko‘paytirish bo‘yicha stansiyani yaratish va ishini tashkil qilish, tabiiy populyatsiyalarni mustahkamlash, oqilona ekologik dasturlarni amalga oshirish yo‘li bilan turlar va yashash muhiti haqidagi asosiy bilimlar ko‘lamini kengaytirish ishlarini olib boradi.
Ushbu mo‘jizaviy maskanda yo‘rg‘a tuvaloqlarni parvarishlash bo‘yicha asosan besh bosqichli jarayon mavjud.
Birinchisi, navqiron yoshdagi qushlarni parvarishlash va ko‘paytirish bo‘limida tuxum yig‘ish ishlari amalga oshiriladi va laboratoriyada genetik o‘rganishlar olib boriladi. Ikkinchi bosqichda inkubatsiya sexi. qushlarning tuxumlari maxsus inkubatorlarda 21-22 kunda ochirilsa, uchinchi bosqichda polapon qushlarni parvarishlash sexida inkubatsiya sexida ochirilgan polaponlar saqlanadi. Bu bo‘limda polaponlar o‘n kunga qadar parvarishlanadi. Shu vaqt oralig‘ida qushlar yovvoyilashtiriladi. Har bir yarim soatda oziqlantirib turiladi. To‘rtinchisi yovvoyilashtirish bo‘limi bo‘lib, bu yerda o‘n kunlik polapon qushlar yigirma kun davomida yovvoyi hayotga o‘rgatiladi. So‘ngra maxsus emlashlardan o‘tkazilib, maxsus tunellarga joylashtiriladi va beshinchisi bosqichda uchirishdan avval qushlar yovvoyi tabiatga tayyorlanadi.
Har bir jarayonda qushlar mutaxassis va veterinarlar nazoratida bo‘ladi.
Markazda 100 nafardan ziyod ishchi doimiy ravishda faoliyat olib boradi. Mavsum vaqtida ishchilar soni ikki baravargacha ko‘payadi. Ishchilarning 90 foizi markazdan 15 km uzoqlikdagi O‘rtacho‘l qishlog‘idan, qolgan 10 foizi Navoiy shahridan jalb qilingan. Ishchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Qatnov uchun mikroavtobus va avtobuslar qo‘yilgan. Ishchilarga markaz hisobidan xorijiy tillar va soha sir-asrorlari o‘rgatiladi.