Chorsu maydonining o'zi qadimda bo'lmagan. Baland tepalikda Ko'kaldosh madrasasi va Xo'ja Ahror jome' masjidi qad ko'targan.
Ko'kaldosh madrasasi 1570-yilda hokim Darvishxon tomonidan qurilgan. Bunyod etilganidan buyon, hatto qariyb yuz yil davomida zilzila sababli g'ovaklari buzilgan holda turgan hamda 1960-yillarning boshida tiklangan madrasa o'z atrofidagi bino va qurilmalardan balandroq joylashgan.
Qadimgi fotosuratlarda madrasa oldidagi gavjum binolar va maydon bo'ylab oqib o'tayotgan keng ariq hozirda quvurlar ichida yashiringan.
1950-yillarda keng Navoiy shoh ko'chasi Ko'kaldosh madrasasigacha uzaytirilib, Chorsu maydoni shakllandi. Unga o'tgan asrning 40 yillarida O'zbekistonga rahbarlik qilgan Yo'ldosh Ohunboboev haykali o'rnatilgan edi. 1982 yilda esa yodgorlik o'rnida “Moskva” ko'p qavatli mehmonxonasi qurildi, istiqlol yillarida u “Chorsu” nomini olgan.
1970-yilda qurilgan sobiq BUM binosi ham shu maydonda joylashgan. Hozir u “Toshkent savdo markazi” deb ataladi. 2000 yillarning boshidan 2011-yilgacha esa Turkuaz do'koni shu erda bo'lganini ko'pchilik eslaydi.
Chorsu maydoni ham eng muhim transport markazi hisoblanadi: Beshyog'och yo'li TSMning o'ng tomonidan boshlanadi, bir paytlar undan tramvay o'tgan. Shuningdek, Chorsudan Samarqand Darvoza qadimiy ko'chasi boshlanib, u orqali Buxoro, Samarqand, Hindiston va erondan karvonlar kelgan. Hozir ko'cha kengaytirilib, ko'p qavatli uylar bilan to'lgan, qadimiy Ukkosha masjidi esa zamonaviy binolar orasida qolgan.
1970-yillarning boshlarida shu maydonning bir tomonidan boshlanuvchi shahar markazini Talabalar shaharchasi va Qoraqamish mavzesi bilan bog'laydigan Beruniy shoh ko'chasi qurildi.
Chorsu maydoni hamon Toshkentning asosiy maydonlaridan biridir.