Xususan, dastlabki tahlillarga koʻra, 50 oʻrinli Chortoq tuman tugʻuruq boʻlimida shu yilning oʻtgan 9 oyida 3700 nafardan ortiq homilador ayol farzandli boʻlgan. Muassasada joriy yil sentyabr oyiga qadar kuniga oʻrtacha 13 ta tugʻuruq amalga oshirilgan boʻlib, bu davr oraligʻida shifoxonaning ortiqcha yuklama bilan ishlashi deyarli kuzatilmagan.
Biroq sentyabr oyida kunlik tugʻilishlar soni oʻrtacha 20 taga ortib ketgani bois, shifoxonada oʻrin-joylar yetishmovchiligi yuzaga kelgan.
Ammo tuman tibbiyot birlashmasi rahbariyati tomonidan mazkur masalani hal etish boʻyicha oʻz vaqtida kerakli chora-tadbirlar koʻrilmagan. Oqibatda ushbu tugʻuruq boʻlimidagi palatalarda oʻrin-joylar sanitar-epidemiologik talablarga rioya etilmagan holda joylashtirilgan.
Yaʼni samarasiz ishlayotgan statsionar oʻrinlar hisobiga homilador ayollar uchun qoʻshimcha oʻrin-joylar yaratish imkoniyati mavjud boʻla turib, tuman tibbiyot birlashmasi rahbariyati mazkur muammoga sovuqqonlik bilan yondashgan.
Ana shularni inobatga olgan holda, ish faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻygan Chortoq tuman tibbiyot birlashmasi rahbari vazifasini bajaruvchi Tohir Moʻminov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.