Yurtimizda tadbirkorlik sohasi avvalgi yillar bilan taqqoslaganda sezilarli darajada rivojlandi. Bu, oʻz navbatida, yangidan-yangi korxonalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish orqali boʻsh ish oʻrinlarni yaratilishiga turtki boʻlmoqda. Ishbilarmonlar sonining ortishida davlat xizmatlari agentligining oʻrni va ahamiyati beqiyos. Jamiyatdagi qay bir sohaga yuksak eʼtibor qaratilar ekan, ana shu faoliyat rivojlanib, taraqqiy etib boraveradi. Shu jihatdan bugun mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratib berilayotgan shart-sharoitlar oʻzining ijobiy samarasini beryapti.

Chortoq tumanida ham ana shunday imkoniyatlardan unumli foydalanib, el-yurt farovonligiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan ishbilarmonlar koʻplab topiladi. Chortoqlik Muyassar Abdurahmonova tadbirkorlik bilan shugʻullanayotganiga mana 10 yil boʻldi. U dastlab yakka tartibda tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtib ish boshlagan boʻlsa, hozirgi sharoitlardan ruhlanib, oʻzining faoliyatini yana-da rivojlantirib, doimiy 15 ta, mavsumiy 40 ta ish oʻrini yaratdi.

Chortoq tuman davlat xizmatlari markazi orqali ortda qolgan 7 oy davomida jami 27316 ta xizmat koʻrsatilgan boʻlib, shundan 698 ta tadbirkorlik subyektlariga toʻgʻri keladi.

Joriy yilning yanvar-iyul oyida jami 338 ta yuridik shaxs davlat roʻyxatidan oʻtkazilib, shundan, 231 ta masʼuliyati cheklangan jamiyati, 53 ta fermer xoʻjaligi, 37 ta oilaviy korxona, 9 ta xususiy korxona, 3 ta ishlab chiqarish kooperativi, 2 ta nodavlat taʼlim muassasasi, 1 ta davlat maktabgacha taʼlim muassasasi, 1 ta unitar korxona va 1 ta dehqon xoʻjaligini tashkil etadi.

Shu bilan birga jami tashkil etilgan ish oʻrinlari 1200 tadan ortdi. Tuman markazidan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan Baliqlikoʻl mahalla fuqarolar yigʻini binosida ochilgan Davlat xizmatlari markazining filialida ham aholiga 140 dan ortiq xizmatlar koʻrsatilmoqda. Hozirga qadar, filial tomonidan fuqarolarga 818 ta xizmat koʻrsatilgan boʻlsa, ularning 18 tasi tadbirkorlik subyekti sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. Baliqlikoʻl mahallasida joylashgan “Sulton Uvays Qaraniy” ziyoratgohi mahalliy va xorijiy mehmonlarni sevimli maskaniga aylanib ulgurdi. Hozirda quyidagi maskanga viloyatimiz va qoʻshni viloyatlardan fuqarolar ziyoratga kelishini hisobga oladigan boʻlsak, mazkur hududda ham zamonaviy uy mehmonxonalariga ehtiyoj seziladi. Buni oʻz vaqtida anglagan mahalla ahli oʻz xonadonidan barcha qulayliklarni yaratib, uy mehmonxonasini tashkil etib aholiga xizmat koʻrsatib kelmoqda. Shunday tashabbuskorlardan biri “Baliqlikoʻl” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Usmonxoʻja Buvaxonovdir. U yashash xonadonidan uy mehmonxonasini ochib 3 nafar oila aʼzosining bandligini taʼminladi.

Davlat xizmatlari markazlari tomonidan aholiga tez va sifatli xizmat koʻrsatish orqali yurtimizda tadbirkorlik sohasini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshish maqsad qilingan. Kelgusida xizmatlar sifatini yana-da oshirish va aholiga qulayliklar yaratish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu, oʻz navbatida, fuqarolarning uzogʻi yaqin boʻlishiga xizmat qiladi.

Dilfuza ERGASHEVA