Bugungi kunda Boʻstonliq tumanidagi sayyohlik obyektlariga boʻlgan talab ortib, yiliga oʻrtacha 1 - 1 yarim milliongacha aholi hordiq chiqarib kelmoыda. Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish tadbirlari esa avvalgi yillardagi shtat birliklari asosida oʻzgarishsiz boʻlib kelayotgan edi. Bu esa, aholi va dam oluvchilarning xavfsizligini taʼminlashda bir qator muammolarni vujudga keltirar edi.

Hududlarda turistik zonalar yaratilishi natijasida sayyohlar oqimining koʻpayishi va favqulodda vaziyatlar koʻrsatkichlarining oʻsishi ehtimoli borligini inobatga olib, taraqqiyot strategiyasi doirasida “Chorvoq-Chimyon” yirik turistik zonasida Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi Favqulodda vaziyatlar vazirligi yongʻin – qutqaruv boʻlinmalari negizida ixtisoslashgan koʻp tarmoqli boshqarma tashkil etildi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Ixtisoslashgan koʻp tarmoqli boshqarmasiga Boʻstonliq tumanidagi yongʻin-qutqaruv qismlari biriktirilib “Chorvoq” otryadi tashkil etildi, “Chimyon” otryadi kuchaytilirdi, targʻibot boʻlimlari tuzildi.

Boshqarmaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi.

“Chorvoq-Chimyon” erkin turistik zonasiga tashrif buyuradigan sayyohlarning xavfsiz dam olishini taʼminlash.

“Xavfsiz turizm” masalalarini rivojlantirib, oʻtkaziladigan profilaktik tadbirlar samaradorligini yanada oshirish hamda favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishining oldini olish.

Davlat yongʻin nazorati inspektorlari tomonidan hududdagi aholi turar uy-joylari va obyektlarda profilaktik tadbirlarni olib borish.

Zamonaviy texnikalardan hududda sodir boʻlishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlar, yirik va oʻziga hos yongʻinlarni samarali hamda tezkorlik bilan bartaraf etishdir.

Mamlakatimizga tashrif buyurayotgan xorijlik mehmon va sayyohlarga xavfsiz turizmni taʼminlashda Favqulodda vaziyatlar vazirligi vazirliklar va idoralar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan.