Cobalt oʻrindiqdagi isitish tizimisiz sotuvga chiqariladi

    Transport 15 Oktabr 2021 2112

    Maʼlumki, yarimoʻtkazgichlarning global tanqisligi butun dunyo avtomobil sanoatiga shuningdek “UzAuto Motors” kompaniyasiga ham oʻz taʼsirini oʻtkazdi.

    Yuzlab tayyor Chevrolet Cobalt avtomobillari zavod avtoturargohida oʻzlarining yangi egalarini kutyapti. Birgina yarimoʻtkazgich detalining yoʻqligi sabab avtomobildagi oʻrindiqni isitish tizimi ishlamasligi avtomobilni egasiga topshirishga yoʻl qoʻymaydi.

    Yuzaga kelgan holatdan kelib chiqib, “UzAuto Motors” kompaniyasi yaqin orada 4-pozitsiya Chevrolet Cobaltni kutayotgan mijozlarga avtomobilni isitish oʻrindigʻi modulisiz taklif etadi. Ushbu komplektatsiya 1 million soʻmni tashkil etadi. Ularning narxi avtomobilning umumiy narxidan olib tashlanadi.

    Avtomobilda konditsioner va pechka ishlashini taʼminlovchi isitish va sovitish tizim regulyatori (HVAC kontrolyor) oʻzgarishsiz ishlaydi.

    Oʻrindiqni isitish tugmasi ishlamaydi.

    Xaridorning roziligi bilan amalga oshiriluvchi ushbu majburiy choraning qoʻllanilishi uzoq kutilgan avtomobillarni yaqin orada oʻz egalariga yetkazilishini taʼminlaydi, deb xabar beradi “UzAuto Motors” AJ matbuot xizmati.