Markazning ochilish marosimida “UzAuto Motors” AJ vakillari bilan birgalikda hokimiyat masʼul vakillari, shaharning yetakchi tadbirkorlari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etishdi.
Moʻgʻuliston milliy anʼanalarini oʻzida aks ettirgan tadbirda AQSH va Oʻzbekistonning Moʻgʻulistondagi Favqulodda va Muxtor elchilari mehmon sifatida tashrif buyurib, ushbu tadbirning xalqaro miqyosdagi ahamiyati haqida toʻxtalishdi.
Amerika elchisi oʻz nutqida Chevroletning Moʻgʻulistonda yangi davri boshlanganini taʼkidlagan boʻlsa, Oʻzbekiston elchisi loyiha ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni mustahkamlashiga umid bildirdi.
Oʻz navbatida “UzAuto Motors” AJ Sotuv va avtoservis boʻyicha boshqaruvchi direktori Oʻlmasbek Alimov soʻzga chiqib, bu yutuq nafaqat Chevrolet brendiga boʻlgan ishonchning aksi, balki Oʻzbekiston avtomobilsozlik sanoatida ekspert salohiyatining jadal rivojlanayotganining tasdigʻidir, deya taʼkidladi.
Marosim doirasida “Doctor Auto Chain” MCHJga Chevrolet brendining Moʻgʻulistondagi rasmiy dilerligini tasdiqlovchi maxsus sertifikat topshirildi.
“Doctor Auto Chain” MCHJ vakillari oʻz chiqishlarida kelajakdagi rejalari haqida toʻxtalib oʻtishdi. Qisqa fursatlarda Chevrolet brendini Moʻgʻuliston bozorida yanada kengaytirish va mamlakat mijozlariga eng yuqori darajadagi xizmat koʻrsatishni maqsad qilgan.
Tadbir davomida mehmonlar va ishtirokchilarga Chevrolet Cobalt avtomobil modeli taqdim etildi. Avtomobil ilk xaridoriga tantanali ravishda topshirildi.
Taʼkidlash joizki, markazda mijozlar nafaqat yangi avtomobillarni xarid qilishlari, balki GM global standartlariga muvofiq servis xizmatlaridan foydalanishlari, ehtiyot qismlar va aksessuarlarni sotib olishlari, shuningdek, avtomobillarni texnik koʻrikdan oʻtkazishlari mumkin boʻladi.