Koronavirus infeksiyasining uzoq muddatli oqibatlaridan biri Altsgeymer kasalligi xavfini oshirishi mumkin. Klivlenddagi Case Western Reserve universiteti va Case Western Reserve tibbiyot maktabi olimlari ana shunday xulosaga keldi.

6 milliondan ortiq keksa odamlarni tekshirgandan so'ng, shifokorlar COVID-19 bilan kasallanganlarda infeksiyadan keyin bir yil ichida Altsgeymer kasalligini rivojlanish xavfi 50-80 foizga oshadi degan xulosaga kelishdi.

Paster instituti ma'lumotlariga ko'ra, Altsgeymer kasalligi vaqt o'tishi bilan rivojlanadigan neyrodegenerativ kasallikdir.

Olimlar uzoq vaqtdan beri Altsgeymer kasalligi yuqumli kasalliklar bilan bog'liq bo'lishi mumkinligini taxmin qilishgan va amerikalik olimlarning yangi tadqiqoti bu taxminni tasdiqlagan.

“SARS-CoV-2 infeksiyasi markaziy asab tizimidagi buzilishlar, shu jumladan yallig'lanish bilan bog'liqligini hisobga olib, biz COVID-19 hatto qisqa muddatda ham tashxislar sonining ko'payishiga olib kelishi mumkinligini sinab ko'rmoqchi edik”, dedi universitet faxriy professori va tadqiqot hammuallifi Pamela Devis.

COVID-19 haqiqatan ham Altsgeymer kasalligini qo'zg'atadimi yoki uning boshlanishini tezlashtiradimi, hozircha noma'lum.

“Altsgeymer jiddiy va murakkab kasallikdir. Biz yuqori qon bosimi, yurak xastaligi, semizlik hamda harakatsiz turmush tarzi kabi umumiy xavf omillarini kamaytirish orqali ba'zi tendensiyalarni o'zgartirishga muvaffaq bo'ldik deb o'ylagandik”, dedi Pamela Devis.

Ammo COVID-19 ta'sirida keksa bemorlar sonining ko'payishi vaziyat olimlar o'ylagandek oddiy emasligini ko'rsatadi.

Universitet jamoasi COVID-19 ning Altsgeymer kasalligi va boshqa neyrodegenerativ kasalliklarga ta'sirini o'rganishni davom ettirishni rejalashtirmoqda.