COVID-19ning alomatsiz shakli bilan kasallangan odamlarda antitanachalar tezroq pasayadi

    Londonning Qirollik kolleji va Ipsos MORI tadqiqot kompaniyasining bir guruh izlanuvchilari kasallik alomatsiz kechgan odamlarda antitanachalar tezda kamayishini aniqladi, deb yozadi CentralAsia, frantsuz nashri Le Figaroga tayanib.

    20 iyundan 28 sentyabrgacha har ikkala tashkilot Angliyada tasodifiy tanlab olingan 350 ming kishini kuzatib bordi, ular doimiy ravishda koronavirusga qarshi antitanachalar bor-yo'qligini aniqlash uchun uyda tekshirildi. Ushbu davrda antitanachalar odamlarning 26,5 foizida kamaygani ma'lum bo'ldi, bu esa infeksiyadan bir necha hafta yoki oy o'tgach antitanacha darajasining pasayishini anglatadi, deb yozadi tadqiqot mualliflari.

    Natijalar shuni ko'rsatadiki, infektsiya belgilarsiz kechgan odamlar kasallikni alomatlari bilan o'tkazgan bemorlarga nisbatan antinachalarni tezroq yo'qotadi. Test natijalari musbat bo'lgan odamlarda antitanachalarning pasayishi 22,3 foiz, koronavirus infektsiyasi alomatsiz kechgan odamlarda esa bu pasayish 64 foizni tashkil etgan.

    Tadqiqotda ta'kidlanishicha, bu pasayish barcha yosh guruhlarida kuzatilsada, keksa yoshdagi odamlarda bu yaqqolroq ko'zga tashlandi. Iyundan sentyabrgacha 75 yoshdan oshgan odamlarda antitanachalar nisbati 39 foizga kamaydi, 18-24 yoshdagilar orasida esa bu ko'rsatkich 14,9 foizni tashkil etdi.

    Britaniyaning Sog'liqni saqlash bo'yicha davlat kotibi Jeyms Betelning so'zlariga ko'ra, bu tadqiqot COVID-19 antitanachalari vaqt o'tishi bilan qanday rivojlanishini tushunish uchun muhim izlanishning bir qismidir. Biroq, uning ta'kidlashicha, antitanachalar immunitetning samarali darajasini ta'minlaydimi yoki yo'qmi, bu ma'lum emas, agar bunday immunitet mavjud bo'lsa, u qancha davom etadi, bu ham so'roq ostida.