Cuv omborlari toʻgʻonlari va gidroelektr stansiyalarida instrumental texnik tekshiruvlar yiliga ikki marta oʻtkaziladi

    Mamlakatimizda 16 Sentabr 2021 1067

    Bu haqda AOKAda oʻtkazilayotgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

    Mamlakatimizning 78 foiz yer maydoni seysmik faol hududlarda joylashgan boʻlib, MSK – 64 shkalasi boʻyicha 6 va undan yuqori ballik yer silkinishlari doimiy ravishda sodir boʻlishi kuzatiladi.

    Shu sababli, mamlakatimiz aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlashning qonuniy asoslarini takomillashtirish, masʼul davlat organlarining bu boradagi vakolatlarini belgilash hamda kuchli zilzilalarga tayyorgarlik koʻrish, ularning oqibatlarini bartaraf yetishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish zarurati mavjud.

    Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonuni Fanlar akademiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4794-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.

    Qonun 5 bob, 26 moddadan iborat. Qonunda Vazirlar Mahkamasi, Favqulotda vaziyatlar vazirligi, Fanlar akademiyasi, Qurilish vazirligi hamda davlat hokimiyati organlarining seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi vakolatlari belgilab berildi.

    Unga koʻra:

    - Vazirlar Mahkamasi masʼul davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtiradi, seysmik xavf darajasini kamaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan tadbirlarni nazorat qiladi.

    - Seysmik xavfsizlikni taʼminlash obyektlari ahamiyatiga koʻra 4 ta toifaga boʻlinmoqda:

    · xavflilik omili past (I toifa, vaqtincha pavilyonlar, kioskalar, omborlar v.b.);

    · oʻrta (II, yakka tartibdagi uy-joylar (3 qavatgacha), oromgohlar, umumiy ovqatlanish v.b.);

    · yuqori (III, koʻpriklar, tonnellar, yoʻl oʻtkazgichlar, oʻrta va koʻp qavatli (3 va undan yuqori) uylar hamda mehmonxonalar, taʼlim muassasalari v.b.);

    · oʻta yuqori (IV, suv omborlari toʻgʻonlari, GESlar, mudofaa obyektlari, radiaktiv moddalarni saqlash, tozalash va koʻmish obyektlari v.b.);

    - Bino va inshootlarning seysmik mustahkamligi boʻyicha tekshiruv va monitoringni oʻtkazishning quyidagi tartibi oʻrnatilmoqda:

    · I–IV toifa obyektlari har besh yilda seysmik mustahkamlik boʻyicha vizual tekshiruvdan oʻtkaziladi;

    · III–IV toifa obyektlari har oʻn yilda seysmik mustahkamlik boʻyicha instrumental texnik tekshiruvdan oʻtkaziladi;

    · suv omborlari toʻgʻonlari va gidroelektr stansiyalarida instrumental texnik tekshiruvlar yiliga ikki marta oʻtkaziladi;

    · har bir kuchli zilziladan soʻng (5,0 magnitudali) suv omborlari toʻgʻonlarida zudlik bilan instrumental texnik tekshiruvlar oʻtkaziladi.

    - Kuchli zilzilalar natijasida zarar koʻrgan obyektlarni tiklash Davlat byudjeti, xalqaro moliya institutlari mablagʻlari va boshqa taqiqlanmagan manbalar hisobidan amalga oshirilishi belgilangan.

    -Fuqarolarning seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi huquqlari va majburiyatlari belgilangan.

    Eslatib oʻtamiz, mazkur Qonun Oliy Majlis Senatining 31-iyul kungi XVII yalpi majlisida maʼqullangan edi.

    Qonunning qabul qilinishi quyidagi imkoniyatlarni yaratadi:

    · respublika aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlashning iqtisodiy va huquqiy asoslari shakllantiriladi;

    · respublika aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlashning sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, amaldagi qonunchilikdagi boʻshliqlarni bartaraf yetish va huquqiy tartibga solishning zarur darajasini taʼminlash uchun samarali meʼyoriy-huquqiy baza yaratiladi.

    Shuningdek, qonunning qabul qilinishi ijtimoiy-iqtisodiy samaralarga olib keladi (aholi va hududlarning seysmik xavfsizligi taʼminlash darajasi yangi bosqichga chiqadi, sohani uzviy rivojlanishi taʼminlanadi, seysmik mustahkam bino va inshootlarni qurilishi sifati nazoratga olinadi).