Hozir ham yurtdoshlarimiz uchun bu ikki neʼmat oʻz qadr-qimmati oshsa oshdiki, aslo pasaymadi. Chunki keyingi yillarda dunyo miqyosida oziq-ovqat xavfsizligi global masala sifatida keng quloch yozayotgani, iqlim oʻzgarishi va haroratning meʼyoridan ortiq isib borishi qurgʻoqchilik hamda choʻllanish jarayonining tezlashishiga sabab boʻlmoqda. Bu esa sayyoramizdagi yana millionlab insonlar ocharchilik va suvsizlik muammosiga giriftor boʻlishidan darak beradi.
Eʼtiborli jihati, bu muammolar mamlakatimizni ham chetlab oʻtmayapti. Shu bois, mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi tizimini isloh qilish, mavjud muammolarni hisobga olgan holda, agrar sohaga yondashuvni tubdan oʻzgartirishga jiddiy eʼtibor qaratilyapti. Yurtimiz yalpi ichki mahsulotida agrar sohaning ulushi yuqoriligini hisobga olib, davlat darajasida katta loyihalar amalga oshirilmoqda. Fermer xoʻjaligi va aholi tomorqasidan samarali foydalanish borasida ildam qadamlar tashlanayotir. Jumladan, koʻp yillardan buyon foydalanilayotgan paxta va gʻalla maydonlari qisqartirilib, bozor mexanizmlari asosida serdaromad mahsulotlar yetishtirishga urgʻu berilyapti. Bir soʻz bilan aytganda, odamlarning yerga va suvga munosabati tubdan oʻzgarmoqda. Dalalarni aylansangiz, mirishkor dehqonlarimiz shu paytgacha foydalanilmay kelgan yerga ishlov berib, turli sabzavot va poliz ekinlari yetishtirayotganini koʻrasiz. Bu esa bozorlarimizda dehqonchilik mahsulotlari narxining barqarorligini taʼminlashga xizmat qilyapti.
Barakali hosil olishni niyat qilgan dehqonlarimiz mahalliy navlardan unumli foydalanish, ularning yangidan-yangi serhosil navlarini yaratish borasida tinimsiz izlanmoqda. Ularning mehnati natijasida yurtimizda “Xalq seleksiyasi” maktabi yaratildi. Mamlakatimizning deyarli barcha hududida intensiv bogʻ va tokzorlar barpo etilmoqda. Zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash mexanizmi takomillashtirilayotganiga ham guvohmiz. Buning samarasida nafaqat bozorlarimiz meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlari bilan toʻldirilyapti, balki dunyoning qator mamlakatlariga eksport ham qilinmoqda. Asosiysi, ehtiyoj darajasida, qishloq xoʻjaligi maydonlarining joylashuviga koʻra, ekinlar parvarishida fermer va dehqonlarimiz boy tajribaga ega boʻlmoqda. Hatto dala chetiga ham sabzavot, poliz va boshqa turdagi ekinlarni ekish orqali fermer va dehqon xoʻjaliklarining daromadi oshayotir.
Respublika Prezidentining joriy yil 12-apreldagi “Qishloq xoʻjaligi korxonalari dala chetlaridagi yer maydonlarida mahsulot yetishtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu borada muhim dasturulamal vazifasini oʻtamoqda. Unga koʻra, Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligiga dala chetiga ekish uchun talab etiladigan urugʻ va koʻchatlarni yetkazib berish va yetishtirilgan mahsulotlarni xarid qilish vazifalari yuklatildi. Jumladan,Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutining Paxtachilik kengashi qoshidagi “Aql markazi”da tadqiqot oʻtkazayotgan mutaxassislari, professor-oʻqituvchilari Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida gʻoʻzadan yuqori, sifatli hosil olishda fermer va klasterlarga yaqindan koʻmak bermoqda.
Viloyatning oʻziga xos tuproq-iqlim sharoitida gʻoʻza parvarishlash uchun joylarda yer egalari, fermerlar bilan hamkorlikda ilmiy asoslangan agrotexnologiyalarni qoʻllash orqali yaxshi natijalarga erishilmoqda. Anomal issiq va suv taqchilligi sharoitida ayni dolzarb suv tejamkor usullar va ularning baʼzi elementlarini qoʻllash, gʻoʻzani bargdan oziqlantirishda stimulyatorlar, tabiiy adsorbentlardan foydalanish hamda yangi navlarning oʻziga xos agrotexnik tadbirlari amalga oshirilmoqda. Masalan, gʻoʻzani bargdan oziqlantirishda yangi tabiiy xomashyo “Bentonit gili” eritmasi bilan suspenziya qilish amaliyoti fermer xoʻjaliklari dalalarida sinab koʻrilmokda.
Institutimiz olimlari ayni paytda gʻoʻzadan yuqori hosil olishga oid bilim va koʻnikmalarini Sherobod tumani dehqonlari bilan oʻrtoqlashmoqda. “Aql markazi” ishchi guruhi tarkibida 20 nafarga yaqin professor-oʻqituvchi boʻlib, ular dehqon va fermerlarga doimiy ravishda tavsiyalarini berib boradi. Shu bilan birga mazkur guruh dehqon va fermer xoʻjaliklari dalalarida hamda aholi tomorqalarida ham boʻlib, dala chetlarida sabzavot-poliz ekinlari, bogʻdorchilik mahsulotlarini yetishtirishda ilmiy tavsiya va maslahatlarini boʻlishmoqda.
Mahalliy sharoitda yaxshi hosil berayotgan navlarni tahlil qilib, ularning super elita va elita urugʻlarini koʻpaytirish, tuproq-iqlim sharoitiga mos, eng maqbul navlarni ekish, tuproq unumdorligi, kimyoviy va biologik xususiyatlarini ilmiy tahlil asosida oʻrganib, oʻgʻitlarni qoʻllash, gʻoʻza kasalliklari va hasharotlarga qarshi kurashish boʻyicha samarador kimyoviy preparatlardan foydalanish, paxtachilikda suv tejamkor texnologiyalarni joriy etish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqilayapti.
2023-yil holatiga koʻra, Surxondaryo viloyatining 14 ta tumanida 6 mingdan ziyod fermer xoʻjaligi faoliyat yuritayotir. Shundan, 4 ming 100 taga yaqini paxtachilik va gʻallachilikka ixtisoslashgan, 1140 tasi esa boshqa turdagi faoliyat bilan shugʻullanadi.
Surxondaryo boshqa viloyatlarga qaraganda qulay geografik joylashuvi, unumdor tuprogʻi, suv zaxiralari bilan ajralib turadi. Oxirgi yillarda voha mirishkorlari nafaqat dehqonchilikning zamonaviy yutuqlarini amaliyotga tatbiq etmoqda, balki yetishtirilgan mahsulotlarni xorijga eksport qilish boʻyicha ham salmoqli natijalarga erishmoqda. Ayniqsa, vohada gidroponika tarmogʻi shiddat bilan rivojlanmoqda. Bu esa yaqin kelajakda Surxondaryo agrar soha rivojlangan hududlardan biri boʻlishini koʻrsatuvchi muhim omildir.
Abdugʻaffor JOʻRAYEV,
Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion
rivojlanish instituti rektori vazifasini
bajaruvchi, professor









