Dalolatnoma yozuvlariga oʻzgartirish kiritish yoki bekor qilish qonuniy(mi?)

    Bilasizmi? 22 Noyabr 2022 3317

    Vafot etgan shaxsning dalolatnoma yozuvlariga ham oʻzgartirishlar kiritiladimi?

    Qonun fuqarolarning shaxsiy va mulkiy huquqlarini himoyalashni hamda davlat va jamiyat manfaatlarini hisobga olgan holda, fuqarolar hayotidagi muhim voqealar — tugʻilish, nikoh tuzish, oʻlim va insonning muhim subyektiv huquqlari va majburiyatlarining yuzaga kelishi, oʻzgarishi va toʻxtatishiga sabab boʻladigan boshqa holatlarning vakolatli organlarda qayd etilishini belgilaydi.

    Bugun biz fuqarolardan kelib tushayotgan savollar asosida fuqarolarning huquq va burchlari paydo boʻlishiga sabab boʻlib xizmat qiluvchi hujjatlarga oʻzgartirish, tuzatish va qoʻshimchalar kiritish tartibi haqida maʼlumot beramiz.

    Dalolatnoma yozuvlarini oʻzgartirish, tuzatish, toʻldirish tartibi

    Dalolatnoma yozuvlariga oʻzgartirishlar, tuzatishlar va qoʻshimchalar kiritish yetarli asoslar mavjud boʻlganda va manfaatdor shaxslar oʻrtasida nizo boʻlmaganda, ushbu yozuvlar saqlanayotgan joydagi, agar ular Oʻzbekiston Respublikasi hududida tuzilgan boʻlsa, FHDYO organi tomonidan amalga oshiriladi. Oʻn olti yoshga toʻlgan shaxslarning tegishli dalolatnoma yozuvlariga oʻzgartirishlar kiritish ularning arizasiga koʻra, buning aksi boʻlgan hollarda ularning ota-onasi yoki qonuniy vakillarining arizasiga koʻra amalga oshiriladi. Bunday jarayon konsul yoki notarius tomonidan tasdiqlangan ishonchnoma va ariza asosida ham amalga oshirilishi mumkin.

    Vafot etgan shaxsning dalolatnoma yozuvlariga ham oʻzgartirishlar kiritiladimi?

    Qonunchilikka koʻra, vafot etgan shaxslarning ham tegishli dalolatnoma yozuvlariga tuzatish va qoʻshimchalar kiritiladi. Faqat vafot etgan shaxslarning tugʻilganlik, nikoh tuzish, nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvlariga tuzatish va qoʻshimchalar kiritish sud qaroriga asosan bajariladi. Oʻlim haqidagi dalolatnoma yozuviga tuzatishlar kiritish esa yaqin qarindosh(lar) yoki merosxoʻr(lar)ning arizasiga koʻra amalga oshiriladi.

    Qanday hollar asos boʻlishi mumkin?

    Dalolatnoma yozuvlariga otalik belgilanganda, farzandlikka olinganda, ota-onaning oʻzaro kelishuviga koʻra (shuningdek ota-ona nikohdan ajratilganda) yoki hokim qaroriga koʻra voyaga yetmagan bolaning familiyasi, shuningdek, millati oʻzgartirilganda, nikohda turmagan ona tomonidan bolaning otasi haqidagi maʼlumotlarni oʻzgartirish haqida ariza berilganda (bola 16 yoshga yetgunga qadar), sud qarori bilan otalikni belgilash haqiqiy emas deb topilganda, ota haqidagi maʼlumotlar bekor qilinganda yoki farzandlikka olish bekor qilinganda, ota-onasining familiyasi, ismi va otasining ismi oʻzgartirilishi munosabati bilan voyaga yetmagan bolaning familiyasi va otasining ismi oʻzgartirilganda hamda shu kabi qonunchilikda belgilangan hollarda oʻzgartirishlar, tuzatishlar va qoʻshimchalar kiritiladi.

    Arizani koʻrib chiqish belgilangan muddatidan ham oshishi mumkinmi?

    Albatta. Mazkur mazmundagi murojaatlar ariza tushgan kundan boshlab 10 kun mobaynida koʻrib chiqilishi kerak. Uzrli sabablar (oʻzgartirish kiritish zarur boʻlgan yozuvlar nusxalari olinmaganda va boshqa hollarda) mavjud boʻlganda FHDYO organi mudiri tomonidan ushbu muddat bir oygacha muddatga uzaytirilishi mumkin.

    FHDYO xodimlari va konsul nimalarga haqli emas?

    Shuni alohida taʼkidlash kerakki, FHDYO organlari xodimlari hamda konsul oʻzi, eri yoki xotini oʻzining va uning qarindoshlari (ota-onalari, bolalari, nevaralari, bobolari, buvilari, tugʻishgan aka-uka, opa-singillari) toʻgʻrisida dalolatnoma yozuvlarini qayd etishga yoki ularga tegishli oʻzgartirish, tuzatish va qoʻshimchalar kiritishga haqli emaslar.

    Bunday holatlarda dalolatnoma yozuvlarini qayd etish yoki ularga oʻzgartirishlar, tuzatishlar va qoʻshimchalar kiritish boʻysunish tartibida yuqori organning yozma koʻrsatmasi asosida boshqa xodim tomonidan yoki boshqa FHDYO organida amalga oshiriladi.

    Dalolatnoma yozuvlarini bekor qilish qonuniymi?

    Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 233-moddasiga muvofiq, agar FHDYO organi tomonidan ikki va undan ortiq bir xil yozuvlar borligi aniqlansa, tiklangan yozuvlar ular tuzilgan joydagi FHDYO organi tomonidan bekor qilinishi mumkin. Agar topilgan dalolatnoma yozuvlarida familiya, ism, ota ismi, tugʻilgan sana, ota-ona toʻgʻrisidagi maʼlumotlarda jiddiy farq boʻlsa, tiklangan fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari sudning qarori bilan bekor qilinadi.

    Maʼlumot oʻrnida qayd etish joizki, sobiq ittifoq respublikalaridan kelgan hujjatlar boʻyicha yozuvlarni bekor qilish adliya boshqarmalari xulosalari boʻyicha FHDYO organi tomonidan amalga oshiriladi, yozuvni bekor qilish boʻyicha hujjatlar esa shu FHDYO organida saqlanadi.

    Nodira MIRMUHAMMEDOVA,

    Samarqand viloyat adliya boshqarmasi masʼul xodimi