Ushbu haftada mamlakatimizning barcha hududlarida havo harorati fevral oyining ikkinchi yarmi uchun meʼyoriy qiymatlaridan yuqori boʻlganligi kuzatildi. Kecha kunduz kuni havo 25-28° gacha, janubda 30-32° gacha isidi.

Bugun ob-havo oʻzgara boshladi, shimoli-gʻarbiy hududlarda qorga aylanadigan yomgʻirlar boshlandi. Ob-havo oʻzgarishiga bugun mamlakatimizga Kavkaz hududlaridan kirib kelayotgan sovuq va nam antitsiklon sababchidir.

Kun davomida respublikaning barcha hududlarida baʼzi joylarda yomgʻir, shimolda qor yogʻadi. Faqat Surxondaryo, Andijon, Namangan, Fargʻona viloyatlarida yogʻingarchilik boʻlishi ehtimoli kamroq. Baʼzi joylarda shamol 17-22 m/s gacha kuchayadi, baʼzida esa 25-30 m/s gacha kuchayishi mumkin. Havo harorati 15-20° iliq atrofida boʻladi, shimolda 0-5° iliqdan oshmaydi.

Dam olish kunlarida antitsiklon taʼsiri saqlanib turadi, respublika boʻyicha vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻadi, baʼzi joylarda kuchli boʻlishi mumkin. Qoraqalpogʻistonda, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida yogʻingarchilik kutilmaydi. Havo harorati kechalari 2-7° iliqqacha, kunduz kunlari 8-13° iliqqacha pasayadi. Oʻrtacha kecha-kunduzlik havo harorati meʼyorga yaqinlashadi.

Oʻzbekistonning togʻli hududlarida qor koʻchishi xavfi saqlanib turadi, deb xabar beradi Oʻzbekiston gidrometeorologiya xizmati markazi.