Daraxt ekib-bogʻ yaratish ezgulik va ulugʻvorlik ramzidir

    Yashil sayyora 7 Fevral 2022 14120

    Daraxtlarga mehr bermoq, ularni parvarishlamoq eng egu va xayrli amal sanaladi. Koʻchat ekib, bogʻ yaratish, atrof-muhitni toza va ozoda saqlash xalqimizning asrlar sinovidan oʻtgan milliy qadriyatlaridir. Zero ajdodlarimiz oilada yangi tugʻilgan farzandga atab yerga nihol qadagan. Oʻsha daraxt bilan birga farzand ham unib oʻsgan.

    Bugunchi bugun daraxtlarga munosabat qanday. Hovlilarimizni, bogʻlarimizni oʻshanday koʻrkam daraxtlar bezab turibdimi? Juda kam. Koʻchalarimiz va yoʻl boʻylarimizdagi majnuntollaru, tollarning koʻpi kesilib ketdi. Tan olish kerakki, odamlarimiz daraxt ekishdan koʻra, kesishdan rohat topayotgandek. Koʻrkam daraxtlarni kesib, oʻrniga qurilish qilayotgan, savdo doʻkonlari qurayotgan, hatto vijdonsizlarcha daraxtlarni tagini sementlab tashlayotgan bemehr insonlar ham oramizda yoʻq emas. Yurtimizda daraxtlarni kesilishini oldini olish boʻyicha qabul qilingan moratoriy hali hamon amalda boʻlsada, afsuski, qonunlarni mensimay daraxt kesishda davom etayotgan, qonun buzar fuqarolar ham bor. Ularga boqib, “eh inson qachon insofing keladi?” — deymiz, tanbeh bersak, men bilan ishing boʻlmasin, tagʻin keraklik mutasaddilarga aytib sotqin boʻlib yurmanga deb masxara qilib qoʻyadi. Aslida sotqin, qonun buzar shular emasmi. Albatta, hech bir qonun buzar javobgarlikdan qochib qutulolmaydi.

    Daraxtlar haqida oʻylab, uzoq oʻtmishlarga ham nazar solamiz. Buyuk bobokalonlarimiz ham daraxtlarni gʻoyat asrab-avaylagan. Ushbu ezgu anʼanani saqlab qolish, davom ettirish, daraxtzoru-bogʻ rogʻlarni koʻpaytirish bugun oʻzimizga bogʻliq, targʻibot, tashviqot ishlarimizda koʻrinadi. Shu mehnatlar ila bitta daraxtni ham asrab qololsak bu katta yutugʻimiz aslida. Shukurki, bugun ushbu ezgu ishning boshida Yurtboshimizning oʻzlari turibdi. Daraxt ekish, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan umummilliy harakatga aylandi. Yurtimizda keng miqyosda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt ekish boʻyicha dolzarb 40 kunlik oʻtkazilib, daraxt ekish tadbirlari samarali olib borildi.

    Yurtimizda oʻtgan yili noyabr oyida boshlangan yashil makon loyihasida 200 millionta daraxt koʻchati ekish reja qilingan edi. Kuz mavsumining dolzarb 40 kunligida 85 million dona daraxt koʻchatlari ekildi.

    Yaqinda Prezidentimiz raisligida “Chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish.va hududlardagi ekologik holatni yaxshilash “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish boʻyicha 2022-yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan boʻlib oʻtgan videoselektorda esa bu boradagi ishlarni kengaytirib, yashil yillik doirasida 125 million dona daraxt ekish vazifalari belgilab berildi. Oʻtkazilgan ushbu muhim yigʻilishda “Yashil makon” umummilliy loyihasi bir yillik tadbir emas. Uning doirasida kelgusi besh yilda 1 milliard tup daraxti koʻchatini ekish maqsad qilingani aytildi. “Yashil yillik” umummilliy tadbiri boshlanishi har bir hududning iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan koʻchatlarni tanlab ularni yetishtirish uchun koʻchatxonalar koʻpaytirilishi ayni muddaodir.

    Fargʻona viloyatida ham keng miqyosda oʻtkazilgan “Yashil makon” tadbiri loyihasi daraxt ekishni yaxshi koʻradigan, mehnatsevar, halol, bobo dehqonlar, azmu shijoatli insonlar gʻayratiga yanada gʻayrat qoʻshdi. Bu kabi ezgu ishlar “Yashil yillik” tadbiri doirasida ham yana keng miqyosda davom etadi. Hozirda bu boradagi tayyorgarlik ishlari avjida. Hududlarda daraxt ekib, bogʻ yaratish oʻzgacha shukuh bilan davom ettirilyapti.

    Fargʻonaning haqiqiy mirishkorlar yurti sanalgan Oltiariq tumanida ham bogʻdorchilikni kengaytirish, hududning iqlimiga mos va xos daraxt turlarini ekish, ishlariga katta ahamiyat qaratilyapti. Hududda yashil yillik doirasida ham tajribali bogʻbon va dehqonlarning tavsiya va maslahatlariga amal qilingan holda daraxt turlari tanlanib daraxt koʻchatlari ekish olib boriladi. Ayni vaqtda Oltiariqda bogʻlar barpo etishga kirishib ketildi. Oltiariq hududida oʻzlashtirilgan gektar adirlikda uzumzor barpo etilib, 4 000 ta oilaning foydalanishi uchun 25 sotixdan boʻlib berilishi rejalashtirilgan. Hozirda bu yerda belgilangan reja asosida 1 000 gektar maydonni oʻzlashtirish hamda beton ustunlari oʻrnatish ishlari boshlab yuborildi. Parallel ravishda tik quduq burgʻulash ishlari olib borilyapti. Dastlabki quduqdan suv chiqarildi. Oʻzlashtiriladigan maydon esa 25 sotixdan 4 000 oilaga 25 million soʻmlik 7 yillik imtiyozlik kredit asosida boʻlib beriladi. Bunda har bir dehqon xoʻjaligiga beton, shpaler ustunlar oʻrnatilib tok koʻchatlari ekilgan hamda tomchilatib sugʻorish tizimi oʻrnatilgan holda taqdim etiladi.

    Fargʻona viloyatida turli hududlar iqlimiga moslab bu kabi tokzorlar, tutzorlar, mevali va manzarali daraxtzorlarni koʻpaytirish, kengaytirish rejalashtirilgan. Asosiysi bu kabi ulugʻvor va ezgu ishlarga xalqimiz, yoshi ulugʻ nuroniylardan tortib, yosh avlod vakillari birdek hissa qoʻshyapti.

    Fotima Oʻktamova,

    Oʻzbekiston Ekologik partiyasi

    Fargʻona viloyat Kengashi matbuot kotibi.