Davlatimiz rahbarining farmoniga koʻra, joriy yil 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlanganlar safida gʻuzorlik Salima Xurramova ham bor edi. “Gʻuzor qorakoʻlchilik” MCHJ bosh choʻponi bilan suhbatlashib, u haqda yozish maqsadida yoʻlga chiqdik. Ammo opani topish oson kechmadi.
Aytishlaricha, choʻponlar joylashgan manzilgacha taxminan ellik chaqirim yoʻl yurish kerak. Mashina dasht oralab, pastu balandliklar osha olgʻa intiladi. Gʻuzor kengliklarining adogʻi koʻrinmaydi. Atrof yashillikka burkangan. Toʻrt-besh chaqirim masofani bosib oʻtganimizdan soʻng aholi yashash joylari ham ortda qoldi. Soylarda neft-gaz sohasiga taalluqli texnikalar koʻzga tashlana boshladi. Ayrim joylarda baland quvurlar koʻrinadi. Gaz konlari jilovlanib, qayta ishlash uchun zavodga yoʻnaltirilgan. Soha vakillari tinimsiz ishlayapti. Ular sabab bu kengliklarda hayot alomati seziladi.
Ancha yoʻl bosganimizdan soʻng katta soy tomonda qoʻy-qoʻzilar koʻrindi. Tepalikdan aylanib oʻtdik. Shinamgina qurilgan uy oldida toʻxtadik. Sal narida uchta qoʻra qilingan. Mashinalardan tushishga shaylanganimizda qayerdandir it paydo boʻldi. Begona ekanimizni sezib, uyga yaqin yoʻlatgisi kelmadi. Shu payt qoʻra tomondan choʻpon koʻrinish berdi. U itning boʻyniga arqon soldi. Mezbon bilan salom-alikdan soʻng Salima opani soʻradik. Uy egasi ayol narigi tomonga ketib qolgan qoʻylarni izlab yurgani, halizamon kelib qolishini aytdi. Fursatdan foydalanib, tepalik tomon shoshdik.
Atrofdagi goʻzallikdan koʻz quvnaydi. Butun olam yashillikka burkangan. Ertalab boʻlgani bois, quyosh tafti endi sezilmoqda. Kechagi sovuqdan qovogʻi osilgan boychechaklar sekin bosh koʻtarmoqda. Qoqigullarning rangi bir oz oʻzgargan. Koʻklamga uzala tushib yotgancha, tiniq osmonga termilib xayol surgisi keladi odamning. Olis-olisdan doʻmbiraga joʻr boʻlgan chanqovuz sasi keladi. U oʻlkamizga bahor kirib kelganidan darak berayotgandek. Koʻngillarda ajib his joʻsh uradi. Shu payt musaffo osmonda turnalarning tovushi eshitiladi. Bahor darakchilari ancha balandda parvoz qilyapti.
Dasht tarafdan “qurey, qurey” degan ovoz eshitiladi. Shu tomon termilamiz. Bir soy naridan choʻpon opa bir suruv qoʻyni haydab biz tomon kelardi. Bir zumda atrofni qoʻy-qoʻzilarning maʼrashi bosib ketadi. Izma-iz kelayotgan suruv boshini koʻtarmay oʻtlaydi. Qoʻzichoqlar gohida sakrab, oʻyinqaroqlik qiladi. Choʻpon yaqinlashadi. U biz izlab kelgan Salima opa edi. Qoʻlida tayoq. Yurishi dadil. Salomlashdik. Uning taklifi bilan maysaga oʻtirib, suhbatni boshladik.
— Bu yil bahor seryogʻin boshlandi. Osmonda bulut koʻrinsa, biz kabi chorvadorlarning kayfiyati koʻtariladi. Koʻrib turganingizdek, qoʻylar oʻt-oʻlanga toʻyib qoldi. Yaqin uch-toʻrt yildan beri bunchalik barakali bahor boʻlmagan edi. Qoʻzilar ham sogʻlom. Sovliqlar toʻyib oʻtlasa, bolasi yaxshi rivojlanadi. Yaxshi sut beradi. Sogʻib olishimizga ham yetadi, — deydi suhbatdoshimiz. — Aslida, choʻponlik qaynotamdan meros. U oʻz davrida katta chorvador boʻlgan. Bir paytlar shu xoʻjalikning qoʻyini boqardi. Keyinchalik turmush oʻrtogʻim bilan birga ishini davom ettirdik. Gohida dugonalarim doim dala-dashtda yurishimni gapiradi. “Qishloqdan olisda, bir xil ish qilib zerikmaysanmi?” deb soʻrashadi. Yoʻq, deyman. Chunki choʻponlik — men uchun sevimli kasb. Shu kengliklarda yursam, dilim yayraydi. Aksincha, shahar yoki qishloqqa borsam, yuragim siqiladi.
Bugun Salima opa “Gʻuzor qorakoʻlchilik” MCHJda bosh choʻpon. Doim yaylovda yuradi. Shunday boʻlsa-da, roʻzgʻor ishlarini ham, chorva boqishni ham birdek uddalab kelmoqda. Turmush oʻrtogʻi Toʻlqin aka ham choʻpon. Ular yigirma yildan ziyod vaqt mobaynida birga mehnat qilib kelmoqda. Hayot chorrahalaridagi qiyinchiliklarni hamjihatlikda yengib oʻtyapti. Shu kasb ortidan roʻzgʻori but. Uch oʻgʻil, bir qizni tarbiyalab, voyaga yetkazdi.
— Chorvaga ergashib yurish kishidan kuchli iroda talab etadi, — deydi Salima opa. — Kun davomida oyoqda tik yurish kerak. Gohida bir kunda oʻttiz-qirq chaqirim yoʻl bosishga toʻgʻri keladi. Suruvni toʻydirish uchun qancha koʻp haydasangiz, shuncha yaxshi. Baʼzi mavsumlarda suruvni kechasi yaylovga haydash kerak. Shunday paytlarda boʻribosar itlardan boshqa hamroh topilmaydi. Bu kasbning ogʻiriga ham, yengiliga ham chidash zarur. Ayniqsa, tabiatning injiqliklari chorvadorlarni baʼzida qiynab qoʻyadi. Hech yodimdan chiqmaydi: bir yili may oyida kechga qadar osmonda qop-qora bulutlar paydo boʻlib, shamol turdi. Atrof dastlab changib ketdi. Oʻsha paytda oʻtovda yashardik. Qizim ikki oylik goʻdak edi. Bir payt jala yogʻa boshladi. Izidan doʻl boshlandi. Oʻtov ichida qizimni olib oʻtirgandim. Shu mahal oʻtov ichiga kattaligi piyoladay dumaloq oq narsa tushdi. Nima ekanini anglashga ulgurmasimdan tinimsiz tusha boshladi. Bilsam, doʻl shunchalik katta boʻlib yogʻayotgan ekan. Bolamni quchoqlagancha qayga panalashni bilmay yugurib, qoʻraga kirdim. Oʻn daqiqaga bormay, doʻl oʻtovni yer bilan bitta qildi. Otarning ahvolini koʻrib, dod deb yuborgim keldi. Aksariyat qoʻylar nobud boʻldi. Ikkita sigirdan ayrildik. Atrof chalajon qoʻylar bilan toʻldi. Koʻz ochib-yumguncha ayanchli manzara hosil boʻldi. Oʻshandagi katta yoʻqotish hanuz yodimdan chiqmaydi. Bunday ofatdan Yaratgan asrasin.
Choʻpon ayolning hikoyalarini tinglab, shuncha mashaqqatga qaramay kasbidan voz kechib ketmaganiga tasanno aytdik. Ana shu sabr, chidam ortidagi mashaqqatli mehnat eʼtibor qozondi, mukofotga munosib koʻrildi.
— Oʻshanda bayram arafasi edi. Huv narigi tepalikda qoʻy boqib oʻtirgandim. Bir payt turmush oʻrtogʻim qoʻlida telefon bilan men tomon shoshib keldi, — deydi suhbatdoshimiz. — Nima gap ekan deb xavotir oldim. Meni soʻrashayotgan ekan. Antenna izlab tepalikka chiqdik. Shu payt qoʻngʻiroq boʻldi. Javob bersam, fermamiz raisi ekan. “Tabriklaymiz, medal muborak boʻlsin”, deydi. Hayron boʻlib, “Kimga, qanday mukofot?” debman. Shu bilan suhbatimiz tugadi. Turmush oʻrtogʻimga qarayman. U ham hech narsani tushunmaganini aytdi. Soʻng raisga qayta qoʻngʻiroq qildik. Nima gap ekanini soʻradik. Shundan soʻng davlatimiz rahbarining farmoniga koʻra “Shuhrat” medali bilan mukofotlanganimni aytdi. Oʻshandagi quvonchimni taʼriflab berolmayman. Yerga oʻtirib, ancha vaqtgacha hayajondan oʻzimga kelolmadim. Koʻz oldimdan shuncha yillik mehnatim birma-bir oʻtib, qilgan ishlarim munosib taqdirlanganiga ishonolmasdim. Yurtning chekka bir manzilidagi oddiy choʻpon ayol Prezidentimiz eʼtiboriga tushgani meni juda gʻururlantirdi. Demak, bu yurtda hech kim eʼtibordan chetda emas ekan.
Choʻpon opa hanuzgacha medalni koʻksidan olmay, bildirilgan ishonchni oqlash uchun yanada jiddu-jahd bilan mehnat qilyapti. Hozir 250 bosh sovliqni kelgusi yili yanada koʻpaytirishni maqsad qilgan. Buning uchun unda tajriba ham, sabr-qanoat ham yetarli.
Akbar RAHMONOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri