Davlat banklarga katta resurslar ajratmoqda, biroq ularning oʻrni joylarda sezilmayapti

    Bugungi yigʻilish 14 ta hudud, 208 ta tuman va shahar hokimlari, ularni oʻrinbosarlari, banklar, “mahalla yettiligi” uchun saboq boʻlishi taʼkidlandi.

    Davlatimiz rahbari tumandagi muammolarni sanab, ularning yechimlarini belgilab berdi.

    Eng avvalo, tumanda tadbirkorlikni rivojlantirishda banklarning oʻrni sezilmayotgani qayd etildi. Vaholanki, davlat ularga katta resurslar ajratmoqda.

    Oʻtgan yili mahalladagi tadbirkorlik uchun Sayxunobodga 120 milliard soʻm berilgan. Tuman tadbirkorlari oʻtgan yil soliqdan 85 milliard soʻmlik imtiyoz olgan.

    Lekin bu mablagʻlar ish oʻrinlariga aylanmayotgani, kambagʻallikni qisqartirishga taʼsiri sezilmayotgani koʻrsatib oʻtildi.

    Xususiy sektorda yaratilgan rasmiy ish oʻrni bor-yoʻgʻi 968 taga koʻpaygan.

    Yaʼni, banklar faqat qaytimni oʻylab, oson yoʻl bilan resurslarni doimiy mijoziga berayapti. “Men ham tadbirkor boʻlay, mahallada ish oʻrni yaratay”, degan oddiy odamlar chetda qolib ketayapti. Ularga tayyor loyiha paketlari berilmayapti.