Mazkur hujjat loyihasi davlat ramzidan foydalanish va uni namoyish etish tartibini yanada aniq belgilash, barcha hududlarda yagona yondashuvni taʼminlashga qaratilgan. Loyihada ilk bor Davlat bayrogʻining dastasiz vertikal holatda namoyish etilish tasvirini alohida ilova bilan tasdiqlash taklif etilmoqda.
Bunda bayroq devor yoki boshqa konstruksiyaga vertikal ilinganda, yangi oy va yulduzlar tasviri yuqori oʻng burchakda boʻlishi hamda matoning pastki qismi yerdan kamida 30 santimetr balandlikda joylashtirilishi koʻzda tutilmoqda.
Taklif etilayotgan oʻzgartirishlarga koʻra, mahalliy davlat hokimiyati organlarining majlislar zallarida hamda diplomatik vakolatxonalar rahbarlarining xizmat xonalarida bayroqni joylashtirishning aniq mezonlari belgilanishi mumkin.
Loyihada bayroq imkon qadar ish stolining orqa qismida, mansabdor shaxsning oʻng tomonida boʻlishi, agar zalda bir nechta bayroq boʻlsa, Oʻzbekiston Davlat bayrogʻi markaziy yoki oʻng tomonda ustuvor ravishda turishi zarurligi qayd etilgan.
Shuningdek, ommaviy tadbirlar va saf tortish jarayonlarida bayroqni boshqa bayroqlardan keyin joylashtirish yoki olib yurish qatʼiyan taqiqlanishi taklif etilmoqda.
Qonun loyihasida Davlat bayrogʻini tobut ustiga yopish bilan bogʻliq alohida tartib ham oʻrin olgan. Unga koʻra, ushbu amaliyotni davlat va jamiyat oldida yuksak xizmat koʻrsatgan shaxslar, shuningdek, xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiylar va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining dafn marosimlarida qoʻllash nazarda tutilgan.
Loyihada bayroqni teskari yoki estetik koʻrinishini buzuvchi holatlarda namoyish qilish, uning ustiga buyumlar qoʻyish hamda ramzga nisbatan hurmatsizlikni ifodalovchi har qanday harakatlarni taqiqlash taklif qilinmoqda.
Ushbu hujjat loyihasi milliy ramzlarimizga boʻlgan ehtiromni huquqiy jihatdan mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.