Bugungi kunda Oʻzbekistondagi jadal islohotlar davlat boshqaruvini takomillashtirishni, unda sifat oʻzgarishlari yasashni taqozo etmoqda. Bu vazifa davlat va jamiyatning taraqqiyotiga turtki boʻladigan omillardan oqilona foydalanish, ilgʻor mamlakatlar tajribasida sinalgan yondashuvlarni qoʻllashga undaydi. Eʼtiborlisi shundaki, davlat boshqaruvidagi oʻzgarishlar ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy-maʼrifiy sohalar bilan uzviy bogʻliqlikda amalga oshiriladi. Shu nuqtayi nazardan, davlat boshqaruvi sohasining samaradorligini oshirish uchun ushbu uygʻunlikni ilmiy tadqiqotlarda aks ettirish zarurati tugʻiladi. Buning uchun davlat boshqaruvini mantiqan oʻzaro bogʻliq tarmoqlarni oʻz ichiga qamrab olgan, yaxlit soha sifatida ilmiy tadqiq etish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa davlat boshqaruvining mohiyati va oʻziga xos jihatlarini oʻrganish, shu asosda sohaga oid muammolarni aniqlash hamda bartaraf etish imkoniyatini kengaytiradi.

Ayni paytda dunyo miqyosida davlat boshqaruvi ixtisosligi doirasida tadqiqotlar olib borish va ilmiy darajalar berish amaliyoti Valden, Baltimor, Liberti, Dyuk universitetlari (AQSH), Plimut universiteti (Buyuk Britaniya), Jeneva xalqaro universiteti (Shveysariya), Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Xalq xoʻjaligi va davlat xizmati akademiyasi, Milliy tadqiqot universitetining Iqtisodiyot oliy maktabi (Rossiya), Filippin politexnika universiteti, Belarus Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv akademiyasi, Ukraina Prezidenti huzuridagi Milliy boshqaruv akademiyasi, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida yoʻlga qoʻyilgan.

AQSH tajribasida ushbu ilmiy yoʻnalish davlat boshqaruvi sohasini isloh qilish, davlat boshqaruvida qarorlar qabul qilish, davlat resurslarini samarali boshqarish, inson kapitalini rivojlantirish, barqaror iqtisodiy oʻsish, raqamli davlat, samarali mahalliy va munitsipal boshqaruv kabi yoʻnalishlarda ilmiy tadqiqotlar amalga oshirishni nazarda tutadi. Mazkur masalalar doirasida izlanish olib borgan shaxslarga Doctor of Public administration (DPA) — davlat boshqaruvi fanlari doktori (DBD) ilmiy darajasi beriladi.

Buyuk Britaniyaning Plimut universiteti va Shveysariyaning Jeneva xalqaro universiteti hamkorligida davlat boshqaruvi ixtisosligi doirasida doktorlik darajasi uchun tayyorlash dasturi ishlab chiqilgan. Mazkur dastur ikki bosqichda amalga oshirilib, boshqaruv kadrlari va boʻlgʻusi yetakchilarni tayyorlashga yoʻnaltirilgan hamda taʼlim oluvchilarning davlat boshqaruviga oid bilim va koʻnikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Dastur doirasida ilmiy tadqiqotlar bevosita amaliyot bilan bogʻliq holda oʻtkaziladi. Doktorlik dissertatsiyasida tadqiqotchi oʻzi faoliyat yuritadigan tashkilotdagi muammolarni ilmiy tadqiq etib, ularning yechimi yuzasidan loyiha yoki yangi tartib-taomillar ishlab chiqadi.

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Xalq xoʻjaligi va davlat xizmati akademiyasida 2019-yilda Doctor of Public administration (DPA) — davlat boshqaruvi fanlari doktori (DBD) ixtisosligi boʻyicha ilmiy taʼlim dasturi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, uning doirasida davlat boshqaruvining zamonaviy muammolari, qonun asosidagi boshqaruv, davlatni strategik boshqarish, shaxsiy brend kapitalllashuvi va siyosiy yetakchilik, inson kapitalini rivojlantirish va jamoatchilik nazorati, davlat va biznes hamkorligi kabi masalalar oʻrganiladi.

Qozogʻiston Respublikasida ham bu yoʻnalishda islohotlar amalga oshirilib, “Davlat va mahalliy boshqaruv” nomli taʼlim dasturi doirasida davlat boshqaruvi fanlari doktori ilmiy darajasini berish amaliyoti joriy etilgan. Ushbu dasturning maqsadi davlat boshqaruvi nazariyasini zamonaviy ilmiy tadqiqot metodologiyasi asosida oʻrganib, innovatsion loyihalarni boshqarish va sohada vujudga keladigan yangi muammolarni bartaraf etish salohiyatiga ega ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlashdan iborat.

Ukrainada esa davlat boshqaruvi mexanizmlari va davlat xizmati kabi ixtisosliklar mavjud. Davlat boshqaruvi mexanizmlari ixtisosligi davlatning maʼmuriy va tashkiliy sohalari, barcha darajadagi davlat organlarining funksiyalari, tarkibi, vakolatlari va xususiyatlarini nazariy-metodologik jihatdan tadqiq etishni nazarda tutsa, davlat xizmati ixtisosligi doirasida davlat va mahalliy hokimiyatdagi xizmat, davlat sektorida inson resurslarini boshqarish, davlat hokimiyatini amalga oshirish, yuridik va jismoniy shaxslarga xizmat koʻrsatish kabi masalalar oʻrganiladi.

Davlat va jamiyat hayotida yuz berayotgan oʻzgarishlar davlat boshqaruvi ixtisosligi boʻyicha fundamental va amaliy tadqiqotlarni tizimli yoʻlga qoʻyish zaruratini yuzaga keltirmoqda. Davlat boshqaruvi siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, falsafiy, sotsiologik va shu kabi boshqa sohalarning muhim jihatlarini oʻz ichiga qamrab oladi. Davlat va jamiyat hayotidagi muammolarni aynan davlat boshqaruvi prizmasi orqali chuqur va atroflicha tadqiq etish imkonini beradi. Davlat boshqaruvi sohasidagi muammolarni yaxlit bir ixtisoslik doirasida chuqur oʻrganish va yechimlarini ilmiy asoslash davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Ayni paytda chuqur va atroflicha ilmiy izlanishlar bilan cheklanmay, davlat boshqaruvi sohasiga ixtisoslashgan uzluksiz taʼlimni yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiq. Jahon tajribasiga nazar solsak, koʻplab mamlakatlarda (Janubiy Koreya, Xitoy, Malayziya, Rossiya, Belarus, Qozogʻiston) davlat boshqaruvi sohasida kadrlarni tayyorlash taʼlimning dastlabki bosqichlaridan boshlanadi. Umumiy, oʻrta maxsus va oliy taʼlim muassasalaridagi oʻqitish jarayonida boshqaruv kadrlari tayyorlanadi. Ushbu “zanjir”ning oxirgi boʻgʻinlari sifatida Doctor of Public administration (DPA) — davlat boshqaruvi fanlari doktori (DBD) ixtisosligi boʻyicha oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tizimi yoʻlga qoʻyilgan.

Rivojlangan mamlakatlar qatoridan oʻrin olishdek ilgʻor strategik maqsadlarni oʻz oldiga qoʻyib, yangilanayotgan Oʻzbekistonda davlat boshqaruvi sohasida kadrlarni tayyorlash hamda qayta tayyorlash borasida tub islohotlarni amalga oshirish, fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlarni tizimli yoʻlga qoʻyishni davrning oʻzi talab qilmoqda. Yangicha yondashuvning mazmun-mohiyati shundan iboratki, davlat boshqaruvi sohasida kadrlar tayyorlash uzluksiz taʼlim tizimi doirasida bosqichma-bosqich amalga oshirilishi lozim. Boshqaruv kadrlari tayyorlash jarayonining bunday tizimga solinishi, eng avvalo, davlat boshqaruvi ixtisosligi boʻyicha ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yaratishni shart qilib qoʻyadi. Chunki aynan shu sohaga ixtisoslashgan yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlamay turib, davlat boshqaruvi yoʻnalishida uzluksiz taʼlim tizimini joriy qilish mantiqan notoʻgʻri.

Yuqorida bildirilgan mulohaza va takliflarni hayotga joriy etishning ahamiyatini quyidagicha izohlash mumkin.

Birinchidan, yangilanayotgan Oʻzbekistonda davlat boshqaruvi hamda davlat xizmatini alohida tashkiliy-huquqiy va ijtimoiy-siyosiy institut sifatida shakllantirish va rivojlantirish jarayoni murakkab kechmoqda. Sohada malakali kadrlar yetishmasligi bilan bogʻliq muammolar mamlakatning rivojlanish surʼatlariga sezilarli darajada salbiy taʼsir etmoqda. Bu holat davlat boshqaruvining tashkiliy-huquqiy asoslari, tamoyillari va funksiyalarining ilmiy-nazariy asoslarini ishlab chiqish va takomillashtirib borish tizimli yoʻlga qoʻyilmagani oqibatida yuzaga keldi. Bu esa, oʻz navbatida, boshqaruv kadrlarining bilim, koʻnikma va kompetensiyalari zamon talablariga javob bermasligida namoyon boʻladi.

Ikkinchidan, bugungi kunda Oʻzbekistonda davlat boshqaruvini nomarkazlashtirish bilan bogʻliq islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu, oʻz navbatida, mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari va vazifalarini qayta koʻrib chiqish, hududlarni boshqarishni samarali tashkil etish zaruratini yuzaga keltiradi. Boshqacha aytganda, mahalliy boshqaruv tizimida shaklan va mazmunan mutlaqo yangi oʻzgarishlarni amalga oshirish zarur. Shuning uchun ham davlat boshqaruvi tizimining ajralmas qismi sifatida mahalliy boshqaruvning nazariy-metodologik va ilmiy-amaliy jihatlarini tadqiq etishga yoʻnaltirilgan alohida tizimni joriy etish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biridir.

Uchinchidan, hozir Davlat boshqaruvi akademiyasiga davlat va jamiyat boshqaruvi sohasida fundamental hamda ilmiy-amaliy tadqiqotlarni amalga oshirish vazifasi yuklatilgan boʻlib, ushbu muassasada davlat boshqaruvining siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, moliyaviy va sotsiologik jihatlariga doir ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Yettita ixtisoslik boʻyicha oliy taʼlimdan keyingi taʼlim instituti mavjud. Biroq ushbu tajriba davlat boshqaruvining dolzarb muammolariga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarni kompleks hamda tizimli amalga oshirish imkonini bermaydi.

Mamlakatimizda davlat boshqaruvini zamon talablari asosida bosqichma-bosqich yangilash jarayoni kechmoqda. Davlat boshqaruvini takomillashtirish vazifasi esa qator muammolarning hal qilinishini talab etadi. Jumladan, davlat va jamiyatda yuz berayotgan oʻzgarishlar boshqaruv kadrlari tayyorlash jarayonida sifat oʻzgarishlari yasashni, aniqrogʻi, taʼlim bosqichlaridagi mavjud uzilishni bartaraf etishni taqozo etadi. Bundan tashqari, davlat boshqaruvi yoʻnalishida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarni tizimga solish mazkur yoʻnalishda ilmiy maktablar yaratilishiga, soha ekspertlari, olim va tadqiqotchilarining koʻpayishiga turtki boʻladi. Bu esa, oʻz navbatida, davlat boshqaruvi sohasida yuzaga kelayotgan muammolarning ilmiy yechimlarini topishga xizmat qiladi. Muhimi, bunday yondashuv davlat boshqaruvi yoʻnalishidagi ilmiy-tadqiqotlarning hozirgi amaliyotdan ilgarilovchi tabiat kasb etishini taʼminlaydi.

Shu nuqtayi nazardan xorijiy mamlakatlarning ilgʻor tajribasiga tayangan holda Oʻzbekistonda oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tizimi uchun davlat boshqaruvi ixtisosligini joriy etish hamda mazkur yoʻnalishda bosqichma-bosqich falsafa doktori va fan doktori ilmiy darajalarini berishni yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiq. Natijada davlat boshqaruvi nazariyasi, metodologiyasi va tarixini chuqur oʻrganish, davlat va mahalliy boshqaruvning tashkiliy asoslarini takomillashtirish, davlat xizmati va davlat sektorida kadrlar siyosatining samaradorligini oshirishga yoʻnaltirilgan tizimli ilmiy-tadqiqotlarning koʻpayishi va jadallashuviga erishiladi. Bu esa, davlat boshqaruvi sohasida amaliyot, ilmiy-tadqiqot ishlari va taʼlim jarayonining integratsiyasini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Botu ALIMOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Davlat boshqaruvi akademiyasi prorektori,

yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori

Nigora UMAROVA,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Davlat boshqaruvi akademiyasi kafedra mudiri,

siyosiy fanlar nomzodi, dotsent