Ushbu hujjat bilan ilk bor byudjet sohasidagi normativ-huquqiy hujjatga genderga yoʻnaltirilgan byudjetlashtirish va “yashil” byudjetlashtirish tushunchalari kiritildi.

Unga koʻra, har yili kelgusi moliya yili uchun byudjet prognozi va undan keyingi 2-yil uchun byudjet moʻljallarini aniqlash maqsadida ishlab chiqiladigan fiskal strategiyada hamda byudjetnomada “yashil” byudjetlashtirish va genderga yoʻnaltirilgan byudjetlashtirish boʻyicha erishilgan natijalar va kelgusida amalga oshiriladigan islohotlar toʻgʻrisidagi tahliliy maʼlumotlar koʻrsatilishi lozim.

Byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar tomonidan tuziladigan rivojlantirish dasturida byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi faoliyatining barcha sohalari boʻyicha quyidagi maqsadlarni inobatga olgan koʻrsatkichlar belgilanishi lozim:

  • rivojlanishning asosiy yoʻnalish, maqsad va vazifalari;
  • sifat va miqdor;
  • ayollar va erkaklarga teng imkoniyatlar yaratish;
  • ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish.