Majlisda Qoʻmita aʼzolari, Vazirlar Mahkamasi masʼul xodimlari, Qoʻmita huzuridagi Ekspertlar kengashi aʼzolari, koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha masʼul vazirlik va idoralar mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Majlisda Senatning yigirma uchinchi yalpi majlisi kun tartibi doirasida muhokama etiladigan masalalar dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.
Jumladan, senatorlar tomonidan “Moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.
Hujjatda moddiy madaniy meros obyektlarini nobud qilganlik, buzganlik yoki ularga shikast yetkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, bunday toifadagi obyektlarga juda koʻp miqdorda zarar yetkazganlikni ifodalovchi qilmishlarni ogʻir jinoyatlar toifasiga oʻtkazish, dastlabki tergovni prokuratura organlariga yuklash nazarda tutilganligi taʼkidlab oʻtildi.
Shuningdek, majlisda “2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining ijrosi boʻyicha Vazirlar Mahkamasining hisoboti muhokama qilindi.
Davlat dasturining bajarilishi doirasida Orolboʻyi mintaqasini, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida ham bir qator tadbirlar amalga oshirilganligi taʼkidlab oʻtildi.
Jumladan, Dasturning 201-bandida belgilangan “Aholiga kommunal xizmatlar koʻrsatish tizimini yanada yaxshilash” tadbiri yuzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahrida koʻp kvartirali uylarda energiya tejamkor va energiya yoʻqotishlarini kamaytirishga qaratilgan sanatsiya dasturini tajriba tariqasida amalga oshirish maqsadida Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi hamda Germaniya iqtisodiyot va energetika Federal vazirligining Energetika agentligi oʻrtasida pilot loyihani amalga oshirish toʻgʻrisida kelishuvga erishilgan.
Mazkur loyihaning dastlabki qiymati 2,4 milliard soʻmga baholangan, hozirda loyiha-qidiruv tashkiloti bilan shartnoma tuzilgan va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun konsalting uchrashuvlari boʻlib oʻtgan.
Shuningdek, Dasturning 250-bandidagi “Orol dengizi halokati oqibatida yuzaga kelgan ekologik fojialar taʼsirini yumshatishga qaratilgan amaliy harakatlarni qatʼiy davom ettirish” tadbiri yuzasidan Nukus shahri atrofida 10 km masofada “yashil belbogʻ” yaratilgan, Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik trast jamgʻarmasi mablagʻlari doirasida Taxtakoʻpir tumanining 5 ta fuqarolar yigʻinida 3,5 ming aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash yoʻlga qoʻyilgan.
Shu bilan birga, Nukus shahri, Beruniy va Qoʻngʻirot tumanlari perinatal markazlari 42 turdagi zamonaviy asbob-uskunalar bilan modernizatsiya qilingan, natijada xizmat koʻrsatish yiliga 8,5 ming kishidan 20 ming kishiga ortishi taʼminlangan hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida 280,5 gektarda “Sudoche-Akpetki” davlat buyurtma qoʻriqxonasi tashkil etilgan.
Bundan tashqari, majlisda senatorlar va ekspertlar guruhi aʼzolariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-noyabrdagi “2020-2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4889-sonli hamda 2021-yil 29-iyuldagi “Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2021-yil 18-maydagi “Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish toʻgʻrisida”gi maxsus rezolyutsiyasini amalga oshirish choralari toʻgʻrisida”gi PQ-5202-sonli qarorlari, shuningdek, 2021-yil 23-noyabrdagi “Orolboʻyi mintaqasida tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-25-sonli Farmonining Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida ijrosini oʻrganish natijalari boʻyicha axborot berildi.
Koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.