Davlat fuqarolik xizmatini tashkil etish tizimini takomillashtirishga doir Prezident Farmoni loyihasi ishlab chiqildi

    Loyihada davlat xizmatida oylik ish haqi tizimini tubdan isloh qilish belgilanmoqda. Bunda, lavozimlar yuklatilgan vazifalarning murakkabligi darajasiga koʻra “greyd” (sinf)larga ajratilib, ish haqi belgilanishi nazarda tutilgan.

    Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Strategik islohotlar agentligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat fuqarolik xizmatini tashkil etish tizimini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni loyihasi tayyorlandi.

    Loyihada:

    - Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi – Davlat boshqaruvi akademiyasi – “El-yurt umidi” jamgʻarmasining doimiy hamkorligiga asoslangan davlat xizmatida kadrlar tayyorlash klasterini joriy etish nazarda tutilmoqda;

    - davlat xizmatchilari bilan mehnat shartnomasini dastlab 1-yil muddatga tuzilishi va keyinchalik faoliyatining ijobiy natijalariga koʻra shartnoma doimiy muddatga uzaytirilishi belgilanmoqda;

    - davlat xizmatiga ilk bor qabul qilinganlar dastlab majburiy qayta tayyorlash kurslarida, keyinchalik har 3-yilda malaka oshirib borishi nazarda tutilmoqda.

    Shuningdek:

    Rahbarlikka iqtidorli kadrlarni tanlov asosida jalb etishga qaratilgan “TOP-100” dasturi joriy etishga doir taklif ishlab chiqilgan.

    Davlat xizmatchilarida kasbiy madaniyatni shakllantirish maqsadida Agentlikda Odob-axloq komissiyalari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha boʻlinma tashkil etish koʻzda tutilmoqda.

    Davlat organlaridagi lavozimlarni egallash boʻyicha ochiq tanlovlarni oʻtkazishning huquqiy tartibotlari mustahkamlanmoqda hamda ushbu sohada qonunbuzilish holatlariga javobgarlik kuchaytirilmoqda.

    Davlat xizmatida oylik ish haqi tizimini tubdan isloh qilish belgilanmoqda. Bunda, lavozimlar yuklatilgan vazifalarning murakkabligi darajasiga koʻra “greyd” (sinf)larga ajratilib, ish haqi belgilanishi nazarda tutilgan.

    Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tuzilmasida Rahbar kadrlarni baholash markazi tashkil etilmoqda.

    Yuqoridagilar bilan bir qatorda, loyiha bilan quyidagilarni tasdiqlash nazarda tutilmoqda:

    ◽️ Davlat fuqarolik xizmati tatbiq etiladigan davlat organlari va tashkilotlarining roʻyxati;

    ◽️ Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestri;

    ◽️ Davlat fuqarolik xizmatida tanlov oʻtkazish tartibi;

    ◽️ Milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish tartibi;

    ◽️ Davlat fuqarolik xizmatchilarining malaka darajalari toʻgʻrisidagi nizom;

    ◽️ Davlat fuqarolik xizmatchilarining kasbiy kompetensiyalarini uzluksiz ravishda oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom;

    ◽️ 2024–2025-yillarda davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish boʻyicha amaliy tadbirlar rejasi.

    Hozirda Farmon loyihasi soha mutaxassislari va xalqaro ekspertlar, fikr-mulohazalari va takliflari asosida takomillashtirilmoqda.