Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston–2030 strategiyasini Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.
Farmon loyihasida iqtisodiyotni dekarbonizatsiya qilish va iqlim oʻzgarishiga moslashishga qaratilgan loyihalarni barqaror moliyalashtirish boʻyicha qator ishlar amalga oshiriladi:
Jumladan, 2025-yil 1-dekabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasida “yashil moliyalashtirish” tizimini shakllantirish boʻyicha milliy dastur ishlab chiqiladi hamda «yashil iqtisodiyot» fondini tashkil etish choralari koʻriladi.
2025-yildan boshlab:
- Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan – bosqichma-bosqich 200 million yevro;
- Jahon bankidan – energetika sektorida metan emissiyasini kamaytirish uchun 10 million dollar;
- Global yashil oʻsish instituti orqali Koreya xalqaro hamkorlik agentligi texnik koʻmagi doirasida – Oʻzbekiston-Koreya oʻrtasida yashil hamkorlikni kuchaytirish uchun 6,5 million dollar;
- Jahon bankining “iCRAFT” loyihasi doirasida – 500 ming tonna qisqartirilgan issiqxona gazlarini sotish hisobiga 7,5 million dollar;
- Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatidan – sanoatni yashillashtirish va azot kislotasi ishlab chiqaruvchi korxonalar atmosferaga chiqarayotgan zararli gazlarini qisqartirish uchun 20 million yevro miqdoridagi imtiyozli kredit va grant mablagʻlarini yashil va kam uglerodli rivojlanish loyihalarini qoʻllab-quvvatlashga jalb etish choralari koʻriladi.
Shuningdek, 2025-yil sentyabrga qadar “yashil iqtisodiyot” loyihalarini amalga oshirishda shaffoflikni taʼminlashga qaratilgan milliy “yashil iqtisodiyot” loyihalarini baholash tartibi tatbiq etiladi.
2025-yil noyabrga qadar qiymati 10 million dollardan yuqori boʻlgan davlat-xususiy sheriklik asosida yangi loyihalarni “Source” xalqaro platformasi va “PIERS” tizimi bilan integratsiya qilish orqali loyihalarning «yashil komponent»lari va barqaror rivojlanish maqsadlariga mosligini baholash amaliyoti yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilmoqda.
Loyihaga koʻra, 2025-yil yakuniga qadar milliy shaffoflik tizimi doirasida issiqxona gazlarini mustaqil tekshirish tashkiloti (validatsiya va verifikatsiya kompaniyasi) oʻz faoliyatini boshlashi mumkin.
Yevropa Ittifoqining texnik koʻmagida Buxoro, Namangan, Nukus, Urganch shaharlari va Gʻuzor tumanida kam uglerodli rivojlanish boʻyicha harakatlar rejalari ishlab chiqilib, 10 ta ijtimoiy obyektning energiya samaradorligi oshirishni taʼminlash nazarda tutilmoqda.
Mazkur bandning soʻzsiz, sifatli va oʻz vaqtida ijrosini taʼminlashga masʼul etib Bosh vazir oʻrinbosari – J.Qoʻchqorov belgilanmoqda.