O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylarda davlat bog‘chalari tashkil etilishi kutilmoqda 

    Ta'lim 15 Fevral 2023 1982

    O‘zbekistonda yangi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini koʻp kvartirali uylarning noturar qavatlarida tashkil etishga ruxsat beriladi.

    Bu haqda 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini 2023-yilda amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident farmoni loyihasida qayd etilgan.

    Hujjatga ko‘ra, maktabgacha taʼlimdagi qamrov darajasini hozirgi 67 foizdan kamida 80 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.

    2023-yil 1-apreldan boshlab maktabgacha taʼlim qamrovini kengaytirish maqsadida yangi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini koʻp kvartirali uylarning noturar qavatlarida yoki yakka tartibda qurilgan uy-joylarni sotib olish va keyinchalik ularni rekonstruksiya qilish, taʼmirlash hamda jihozlash orqali tashkil etishga ruxsat etiladi.

    Natijada maktabgacha taʼlim muassasalarini tashkil etishda bino va inshootlar tanqisligini bartaraf etish imkoni yaratiladi.

    “Masalan, bitta 150 oʻrinli davlat bogʻchasini qurish uchun oʻrtacha 6 milliard soʻm mablagʻ talab etiladi. Bundan tashqari, yangi bogʻchani qurish uchun yer masalasi ogʻirligicha qolmoqda. Shu bilan birga, bitta uch xonali kvartirada 25 nafar bola uchun bogʻcha tashkil qilish mumkin. 150 nafar bola uchun 6 ta kvartirani xarid qilish va jihozlashga oʻrtacha 4 milliard soʻm talab etiladi”, — deya qayd etilgan hujjat loyihasida.

    Farmon loyihasida keltirilishicha, davlat-xususiy sheriklik loyihasi doirasida ijaraga berilgan yer uchastkasida nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti binosini qurgan xususiy sherikka ushbu binoni mazkur loyiha uchun bank kreditlari boʻyicha garovga qoʻyishga oid cheklovlar bekor qilinadi.

    Natijada maktabgacha taʼlim bilan qamrovni oshirishda xizmat qilayotgan va zarur moliyaviy resurslarga muhtoj boʻlgan 594 ta tadbirkorga qoʻshimcha imkoniyat yaratiladi.

    1 600 ta oilaviy maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish hisobiga 40 mingdan ortiq bolalar oʻrni yaratiladi. Buning uchun budjetdan 185 milliard so‘m jalb etiladi.

    Ushbu hujjat loyihasi muhokamasi 22-fevralgacha davom etadi.