Joriy yilning 22 – 23-aprel kunlari Toshkent shahrida ikkinchi bora oʻtkazilgan “Tashkent Law Spring” xalqaro huquqiy Forumining asosiy mavzusi ham aynan “Huquq 4.0.” deb nomlanishi bejiz emas. Ushbu Forumning munozara sessiyalarida xorijiy va mahalliy ekspertlar ishtirokida toʻrtinchi sanoat inqilobi sharoitida huquqning koʻrinishi, amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar xususida muhokamalar boʻlib oʻtdi.

Xususan, “Davlat huquqiy siyosati: dolzarb muammolar va kelgusidagi tendensiyalar” mavzusidagi birinchi sessiyada Oʻzbekiston, Rossiya, Belarus, Qozogʻiston, Ozarbayjon va Singapurning adliya vazirlari hamda milliy ekspertlar taqdimotlar bilan chiqish qilib oʻzlarining tajribalari, amalga oshirilgan ishlar, shuningdek, erishilgan natijalar bilan oʻrtoqlashishdi.

Shubhasiz, 2020-yilda Covid-19 ning tarqalishi bilan bogʻliq pandemiya huquq sohasida raqamli transformatsiya jarayonini sezilarli darajada tezlashtirganligi maʼruzachilar tomonidan taʼkidlandi.

Jumladan, sessiya maʼruzachilaridan biri, Rossiya Federatsiyasi adliya vaziri Konstantin Chuychenko vazirlik bugungi kunda ikki yoʻnalishda, yaʼni huquqiy tizimni raqamli transformatsiyalash va mijozlarga yoʻnaltirilganlik prinsipi asosida davlat xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha oʻz faoliyatini shakllantirib borayotganligini bildirdi.

Shuningdek, Belarus Respublikasi adliya vaziri Oleg Slijevskiy pandemiya sharoitida videoaloqa yordamida masofaviy huquqiy maslahatlar berish rivojlanib borayotganligi, 2020-yilda ikki mingga yaqin bu shakldagi maslahatlar berilganini, Belarusda shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar toʻliq biometrik hujjatlar (identifikatsion karta, biometrik pasport, elektron raqamli imzo, ID karta va b.) shakliga oʻtkazilayotganligi aytib oʻtdi.

Bundan tashqari, Ozarbayjon adliya vaziri Fikret Mammedov “Ozarbayjon – 2030” rivojlanish dasturining beshta yoʻnalishidan biri raqamli jamiyat yaratish hisoblanishi, bu yoʻnalishda bir qator ishlar amalga oshirilganligi, jumladan, “Yagona eshik” prinsipini joriy etish orqali bir binoda deyarli 40 ta tizimdagi 300 turdan ortiq elektron xizmatlar koʻrsatish yoʻlga qoʻyilganligi, “Elektron notariat tizimi” (shuningdek, mobil notariat ilovasi) yaratilganligi bu tizimdan istalgan joydan elektron notarial harakatlarni amalga oshirish imkoniyati mavjudligini bildirdi.

Shu bilan birga, ushbu sessiyada Akerke Axmetova (Qozogʻiston Respublikasi adliya vitse-ministri) Qozogʻistonda qonun ijodkorligi jarayoniga “yashil va oq kitoblar” tajribasi qoʻllanilayotganligini, Kasivisvanatan Shanmugam (Singapur ichki ishlar va huquq vaziri) Singapurda huquqni qoʻllash amaliyotini yana-da yaxshilash boʻyicha islohotlar amalga oshirilayotganligini bildirishdi.

Albatta, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ham oʻz faoliyatini raqamlashtirish boʻyicha sezilarli natijalarga erishayotganligi taʼkidlandi. Bugungi kunda vazirlik tizimida Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi (Lex.uz), Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi (Project.gov.uz), Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (Regulation.gov.uz), “E-Qaror”, “E-notarius.uz”, “e-ngo.uz” tizimlari faoliyat yuritmoqda, shuningdek, “virtual adliya”ni yaratish ishlari olib borilmoqda.

Davlat xizmatlari agentligi tomonidan 148 turdan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatilmoqda hamda yoʻl oxiriga qadar bu xizmatlarni 200 taga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Adliya vazirligi oʻz faoliyatini aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun xizmat qiladigan va ularning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qiladigan davlat organiga aylantirib bormoqda. Bu borada xorijiy davlatlarning ijobiy tajribalarini oʻrganish, xorijiy va milliy ekspertlar tavsiyalarini olish hamda mamlakatimizda huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar toʻgʻrisida jahon hamjamiyatini xabardor qilishda ushbu Forum noyob maydonchaga aylanmoqda.

S. Nusratov,

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi

Qonun hujjatlarini tahlil ilish

va tizimlashtirish boshqarmasi

Yetakchi maslahatchisi