Davlat madhiyasi koʻpchilik huzurida ijro etilganda hozir boʻlganlar oʻzini qanday tutish kerak?

    Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilinganligiga 32-yil toʻldi.

    Davlat suvereniteti ramzi boʻlgan madhiya matni Oʻzbekis­ton xalq shoiri Abdulla Oripov tomonidan yozilgan. Unga Oʻzbekiston xalq artisti Mutal Burxonov musiqa bastalagan.

    Qonunchilikka koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi koʻpchilik huzurida ijro etilganda, agar qonunchilikda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, hozir boʻlgan kishilar madhiyani tik turib va oʻng qoʻl kaftini koʻkrakning chap tomoniga qoʻyib, harbiy yoki davlatning boshqa xizmatidagi maxsus kiyimdagi shaxslar esa qoʻlini bosh kiyimiga qoʻyib tinglaydi.

    Agar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining ijro etilishi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining koʻtarilishi bilan birgalikda amalga oshirilsa, hozir boʻlgan kishilar unga yuzi bilan buriladi.

    Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi

    Serquyosh, hur oʻlkam, elga baxt, najot,

    Sen oʻzing doʻstlarga yoʻldosh, mehribon!

    Yashnagay to abad ilmu fan, ijod,

    Shuhrating porlasin toki bor jahon!

    Oltin bu vodiylar — jon Oʻzbekiston,

    Ajdodlar mardona ruhi senga yor!

    Ulugʻ xalq qudrati joʻsh urgan zamon,

    Olamni mahliyo aylagan diyor!

    Bagʻri keng oʻzbekning oʻchmas iymoni,

    Erkin, yosh avlodlar senga zoʻr qanot!

    Istiqlol mashʼali, tinchlik posboni,

    Haqsevar, ona yurt, mangu boʻl obod!

    Oltin bu vodiylar — jon Oʻzbekiston,

    Ajdodlar mardona ruhi senga yor!

    Ulugʻ xalq qudrati joʻsh urgan zamon,

    Olamni mahliyo aylagan diyor!